“Bozorning tabiiy reaksiyasi” - Otabek Bakirov dollar kursi oshayotgani haqida
So‘nggi kunlarda so‘mning dollarga nisbatan muvozanati biroz o‘zgardi. Iqtisodchi Otabek Bakirov Kun.uz bilan suhbatda rubl 50 foizdan, tenge esa 20 foizdan ortiqroqqa qadrsizlanishi fonida, o‘zbek so‘mining dollarga nisbatan 3-5 foiz atrofida o‘z qiymatini yo‘qotgani tabiiy holat ekanini ta’kidlab, jiddiy xavotirga o‘rin yo‘qligini bildirdi.
— So‘mning dollarga nisbatan muvozanati o‘zgardi, bunga asosiy sabablar nimada?
— Oxirgi haftada so‘mning dollarga nisbatan biroz o‘zgarishi yuz berayotgani atrofimizdagi savdo hamkorlarimizga bog‘liq. Qozog‘istonda nima bo‘lyapti? Qozog‘iston uchinchi savdo hamkorimiz hisoblanadi, milliy valutasi 22-23 foizgacha dollarga nisbatan qadrsizlandi. Bu tendensiya eng yuqoriga chiqqan paytda qozoq tengesi 25 foizga qadrsizlandi. Hozir mustahkamlanyapti. Agarda 23 fevral holatiga taqqoslaydigan bo‘lsak, 20-22 foiz qadrsizlandi. Yana bir savdo hamkorimiz Qirg‘izistonda qirg‘iz valutasi o‘zining qiymatini yo‘qotyapti – 18-20 foiz. Savdo hamkorlarimiz bilan pastga, janubga qarab tushamiz: Tojikistonning milliy valutasi somoniy to‘liq nazorat qilinadi, ya’ni bozor asosida shakllanmaydi; fiksirlangan holda boshqariladi valuta kursi. Hattoki shu fiksirlangan somoniyning dollarga nisbatan kursi 3-4 kun oldin 15 foizga devalvalsiya qilindi.
Eng asosiy hamkorlarimizdan biri Rossiya haqida gapiradigan bo‘lsak, agarda biz eng yuqori darajada rublning qadrsizlanish kunlariga qaytadigan bo‘lsak, 55-60 foizgacha qadrsizlandi. Bugungi kundagi rubl kursining muvozanatlashgan davrida kurs 30-32 foizga qadrsizlanganini ko‘rish mumkin. Bular – asosiy savdo hamkorlarimiz, qo‘shnilarimiz. Ularning milliy valutasida ro‘y berayotgan voqealar bizga ta’sir etmasligi mumkin emas. Qaysidir biri oldinroq, qaysidiri ma’lum muddatdan keyin ta’sir qiladi.
Qirg‘iziston, Qozog‘iziston kabi biz Rossiya bilan bitta iqtisodiy hududda emasmiz, ya’ni ittifoqchi emasmiz. Ulardan farqli ravishda, o‘zgarishlarning ta’sirini iqtisodiyotimizda, milliy valutamiz kursida bir muddat o‘tib ko‘ramiz. Nimada ko‘rishni boshladik? Pul oqimlari, asosiy pul o‘tkazmalari Rossiyadan yuboriladigan pul o‘tkazmalari bilan bog‘liq asosiy ta’sirni sezyapmiz. Agar fevral oyining dastlabki 15 kunligi va mart oyining dastlabki 15 kunligini oladigan bo‘lsak, ba’zi hududlarda pul o‘tkazmalarining hajmi 3 barobargacha pasaygan (biroq bu rasmiy statistika emas, bu borada rasmiy ma’lumotlar yo‘q). Umuman, O‘zbekiston bo‘yicha olib qarasak, ikki barobar pul o‘tkazmalari kamaygan. Bu faqat mehnat migrantlarimizning Rossiyadagi daromadlari kamaygani bilan bog‘liq emas, ular pul o‘tkazmalarini keyinga qoldirib turgani bilan ham bog‘liq. Xuddi shu kunlarda iqtisodiy ma’lumotga ega migrantlar pul o‘tkazmalarini to‘xtatib turishdi va to‘g‘ri qilishdi.
Kechadan boshlandi, Ukraina bilan Rossiya o‘rtasidagi nizoning sulh ehtimollari paydo bo‘la boshladi, tomonlar bir-biriga kompromiss bayonotlar berishni boshladi. Rossiya rublining oxirgi ikki kun ichida muvozanatlashayotgani Rossiya siyosatchilari tomonidan agressiv bayonotlar berish kamaygani bilan ham bog‘liq. Nizoning birinchi kunlari ayrim siyosatchilar mojaroning faqat kengayib borishini xohlayotgani bilinib turgandi. Oxirgi kunlarda shu faktorning hisobiga global birjada ham, rus birjasida ham dollarning rublga nisbatan qiymati sekin muvozanatlashmoqda. Bir dollar 107 rubldan sotilmoqda.
— So‘mning dollarga nisbatan hozirgi sharoitda qadrsizlanishi qanchalik xavotirli?
— 23 fevraldagi kurs bilan solishtirganda so‘m dollarga nisbatan 3-5 foiz qadrsizlanganini ko‘rish mumkin. Biz global dunyoda yashayapmiz, ozmi-ko‘pmi o‘zimizning chegaralarimiz mavjud. Integratsiyalashuvimiz Qozog‘iston va Rossiyachalik emas. Lekin ma’lum ma’noda chegaralarga egamiz. Kecha va undan oldin valuta birjasida va birjadan tashqari savdolarda dollarning so‘mga nisbatan kursining oshib borayotganini tabiiy qabul qilish kerak. Bozor iqtisodiyotning tirik organizmi sifatida reaksiya ko‘rsatyapti.
Endi nima qilish kerak degan savolingiz bo‘lsa kerak. Ertaga Markaziy bankning yig‘ilishi bo‘ladi, mening nazarimda milliy valutaning muvozanatlashishi bilan bog‘liq qator qarorlar qabul qilinadi. O‘zim qanday qarorlar qabul qilinadi degan prognozlar aytmoqchi emasman, ertangi qabul qilinadigan qarorlarda inflatsiyani jilovlash bo‘yicha choralar bo‘lishini kutyapman.
O‘zbek so‘mi qozoq tangasi emas, rubl bilan bir tekisda qadrini yo‘qotadi, degan tushunchalar juda primitiv. Unga umuman e’tibor berish kerak emas. Kim rubl shuncha qadrsizlandi, so‘m ham shuncha qadrsizlanadi, degan bo‘lsa bilingki, uning bazaviy iqtisodiy ma’lumoti yo‘q. O‘tgan haftadagi holatni olib qaraydigan bo‘lsak, so‘m 4,5 foiz atrofida qadrini yo‘qotdi. Bugungi kundagi holatni umuman xavotirli emas, deb hisoblayman. Ertangi yoki indinga bo‘ladigan voqealarni ham xavotirli deb hisoblamayman, bu – bozorning reaksiyasi, biz bozorda o‘z iqtisodiyotimiz manfaatlarini himoya qilishimiz kerak. So‘mning kursini sun’iy ushlab turib uni himoya qilib bo‘lmaydi. Qaytanga o‘zimizga o‘zimiz choh qazigan bo‘lamiz. So‘m qiymati bozor talabi va taklifi asosida belgilanishi kerak.
— Markaziy bank tomonidan rubl kursi bo‘yicha tavsiyaviy koridor belgilangani so‘mning qadrsizlanishiga ta’sir qildi, deb hisoblaysizmi?
— O‘tgan haftada tijorat banklari uchun Rossiya rubliga maqbul koridor belgilangani o‘zbek so‘mining ozgina muvozanati qadrsizlanish tarafga qarab ketayotganiga aslo aloqasi yo‘q. Belgilanganida ham, belgilanmaganida ham shu voqea ro‘y bergan bo‘lardi.
Koridorning oqibatlari spekulyatsiya bilan bog‘liq. Agarda o‘sha koridor nomuddat tarzda ayrim toifa importyorlarimiz, mijozlar uchun qulay tarzda qolaverganida edi, bu albatta, samarasiz oqibatlarga olib kelgan bo‘lardi. Yaxshiki, ikki kun ichida bunga chek qo‘yildi. Bir kun tushdan keyin maqbul koridor bo‘yicha ishlandi, ertasi kuni tushgacha ishlandi va undan keyin bu masalaga qaytilgani yo‘q. Agar shu masala uzoq muddatda davom etganda bog‘lash mumkin bo‘lardi, biroq bu yerda sabab va oqibatlar yo‘q.
Madina Ochilova suhbatlashdi.
Mavzuga oid
13:54 / 19.12.2024
Poytaxt IIBB Otabek Bakirov ustidan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etdi
15:08 / 13.12.2024
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov iqtisodchi Otabek Bakirov ustidan huquq organlariga ariza berdi
21:39 / 01.11.2024
2025 yil budjet parametrlarida dollar kursi o‘rtacha yillik 13250 so‘mdan hisoblangan
20:35 / 14.10.2024