O‘zbekiston | 22:40 / 16.03.2022
25416
3 daqiqa o‘qiladi

Chorsu bozoridan lavha: aravakashlar terminal orqali xizmat ko‘rsatish haqida nima deydi?

Deputat so‘rovi ortidan Antimonopoliya qo‘mitasi Toshkent shahar boshqarmasining bozorlardagi aravakashlar xizmati uchun to‘lovni terminallar orqali to‘lash va ular oladigan haq uchun tariflar belgilashni ko‘zda tutadigan taklifi ommaviy muloqot tarmoqlarida keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Foydalanuvchilarga ko‘ra, qo‘mita bozorlardagi himoyasiz aravakashlar bilan emas, O‘zbekiston iqtisodiyotini yeb bitirayotgan va odamlarni qashshoqlik sari yetaklaydigan gigant monopoliyalar bilan kurashishi zarur.  

Kun.uz muxbiri Antimonopoliya boshqarmasi ko‘tarib chiqqan taklif bo‘yicha Toshkentdagi Eski jo‘va bozorida faoliyat yuritayotgan aravakashlar fikri bilan qiziqdi.

«Shu faoliyat orqali hozir kuniga 100-120 ming so‘m pul topaman. Ammo uning ham oltmish-yetmish minggini kunlik xarajatlarim: aravaning ijarasi, ovqatlanish va yashash uyimning ijara to‘loviga ishlataman. Oilamga yubora oladigan kunlik tushumim esa 50-60 ming so‘m.

Xizmatimizga terminallarning kirib kelishi esa bizga yana boshqa noqulayliklarni olib keladi. Bu bizga yangi qiyinchilik, uni sharoitimiz ko‘tarmaydi», - deydi qashqadaryodan kelib ishlayotgan Zubaydulla aka.

Bildirilgan taklif bo‘yicha poytaxt bozorlarida aravakashlik qilib oila tebratayotgan boshqa yuzlab aravkashlar ham ayni fikrda.

Ular qishloqlarda ish topish oson emasligi, aravakashlik faoliyatiga terminal joriy qilinishi esa poytaxtga ish izlab kelganlar ahvolini yanada og‘irlashtirishidan xavotirda.

Odil aka ham aravakashlik orqali Qashqadaryoning Kitob tumanidagi oilasini tebratadi. «O‘z uyingga yaqin joyda doimiy ish bo‘lsa-ku, bundan yaxshisi yo‘q. Ammo qishloqda ish yo‘q. Shuning uchun bu yerdaman.

Bu yerdayam oson emas. Ishga ertalabki 4:00da kelamiz va kech soat 16:00gacha ishlaymiz. 12 soatlik ish.

Bu taklif bizga «plyus» emas, faqat «minus» olib keladi», – deydi u.

Eski Jo‘va bozorining arava xizmati rahbari Asliddin Azizov ham Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashining 7 mart kuni bo‘lib o‘tgan sessiyasida bildirilgan taklifni pastdagi haqiqiy ahvolni bilmay, o‘rganmay turib bildirilgan deya hisoblaydi.

«Tushunmadim, aravakashlar arava sudrasinmi yoki terminal ko‘tarib yursinmi?», - deydi u.

Aravakashlar bilan bog‘liq masala shov-shuvlarga sabab bo‘lishi ortidan Antimonopoliya qo‘mitasi mavzu borasida o‘z munosabatini bildirdi va tashkilot tomonidan aravakashlar faoliyatini tartibga solish hamda o‘rganish o‘tkazish rejalashtirilmaganini ma’lum qildi.

Avvalroq qo‘mitaning Toshkent shahar boshqarmasi boshlig‘i Kun.uz bilan suhbatda bu masala ko‘tarilishiga bozorda aravakash bilan nizolashib qolgan deputatning so‘rov kiritishi sabab bo‘lganini aytgandi.

Ilyos Safarov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Sherzod Egamberdiyev.

Mavzuga oid