O‘zbekiston | 15:48 / 12.01.2024
10913
3 daqiqa o‘qiladi

Foto: Chorsu bozorini piyoda aylangan Buyuk Britaniya elchisi va tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Leo Dokerti tashrif bilan O‘zbekistonda bo‘ldi. Siyosatchi hukumat vakillari bilan muzokaralardan tashqari poytaxtning diqqatga sazovor joylarini ham borib ko‘rdi.

10—11 yanvar kunlari Buyuk Britaniya tashqi ishlar vazirining Markaziy Osiyo bilan aloqalar bo‘yicha mas’ul o‘rinbosari Leo Dokerti O‘zbekistonga ikkinchi tashrifini amalga oshirdi.

U tashrif doirasida Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari Shavkat Rahmonov, Tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri o‘rinbosari A’zam Qodirxo‘jayev, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Muzaffar Madrahimov bilan uchrashgan. Tomonlar muloqotlar davomida energetika, ta’lim, terrorizmga qarshi kurash va inson huquqlari sohalarida hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlarni muhokama qilgan.

Dokerti mahalliy madaniyat bilan yaqindan tanishish maqsadida Chorsu bozoriga ham borgan. Unga Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi elchisi Timoti Smart hamrohlik qilgan.

«Kecha kechqurun vazir o‘rinbosari Dokerti bilan Chorsu bozoriga qilgan tashrifimizdan rohatlandik. Odamlar bizni juda iliq qabul qildi. Vazir o‘rinbosari esa O‘zbekistonning ajoyib quruq mevalari hamda yong‘oqlaridan tanovul qilishga (sotib olishga) muvaffaq bo‘ldi», — deya yozdi elchi Smart Twitter’dagi sahifasida.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Buyuk Britaniya bilan 1993 yildan beri savdo-iqtisodiy hamkorlar hisoblanadi.

«Buyuk Britaniya va O‘zbekiston o‘rtasidagi aloqalar mustahkamlanib bormoqda. O‘tgan oy Londonda bo‘lib o‘tgan siyosiy muloqotga asoslanib, biz davlat boshqaruvi, xavfsizlik, iqlim o‘zgarishi va inson huquqlari bo‘yicha hamkorligimizni kengaytirish uchun har qachongidan ham ko‘proq harakat qilmoqdamiz. Buyuk Britaniya O‘zbekistonda siyosiy barqarorlik, keng ko‘lamli islohotlar va barqaror iqtisodiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlashida sobitdir», – deydi Dokerti tashrif so‘ngida.

Ma’lumot uchun, Leo Dokerti 2022 yil 27 oktyabrda Buyuk Britaniyaning Tashqi ishlar, Hamdo‘stlik ishlari va taraqqiyot vazirligining (TIV) vazir o‘rinbosari lavozimiga tayinlangan. U bundan avval TIVda Yevropa bo‘yicha davlat vaziri, Vazirlar Mahkamasi va Mudofaa vazirligining parlament kotibi (mudofaa va veteranlar vaziri) bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, xorijlik siyosatchilarning Chorsu bozorini aylanishi birinchi marta yuz berayotgani yo‘q. Avvalroq O‘zbekistonga kelgan AQSh davlat kotibi yordamchisi Donald Lu elchi Jonatan Henik hamrohligida Chorsu bozorini aylangandi.

Mavzuga oid