O‘zbekiston | 19:22 / 19.03.2022
16062
4 daqiqa o‘qiladi

Turin politexnika universiteti talabasini o‘ldirib qo‘ygan yigit 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi

Foto: IIB axborot xizmati

O‘tgan yili Turin politexnika universiteti yonida sodir bo‘lgan janjal oqibatida 18 yoshli talaba vafot etgandi. Uning hayotiga zomin bo‘lgan yigit 8 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

2021 yilning 25 noyabr kuni Turin politexnika universiteti darvozasi yonida yuzaga kelgan kelishmovchilik oqibatida begona yigit shu universitet talabasining yuziga musht tushirgan, kutilmagan zarba tufayli yerga yiqilgan 18 yashar jabrlanuvchi olgan jarohati oqibatida vafot etgandi.

Hodisa aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Olmazor tuman sudida mazkur jinoyat ishi ko‘rib chiqildi.

Sud tibbiy ekspertizasining birlamchi ma’lumotiga asosan talabaning o‘limiga bosh miya yopiq jarohati, miya to‘qimalariga qon quyilishi sabab bo‘lgani aytilgandi. Sudda ekspertlar og‘ir toifadagi tan jarohati o‘tmas, qattiq jism ta’sirida o‘limdan biroz oldin yetkazilgani haqida xulosa bergani ma’lum qilindi. Sud majlisida sudlanuvchi avval ham Jinoyat kodeksining 169-moddasi (o‘g‘rilik) bilan jinoiy javobgarlikka tortilgani ochiqlandi.

“Ijtimoiy xavf darajasi, qilmishining sababini, uning shaxsini, muqaddam sudlangani, jinoyat ishida mavjud bo‘lgan aybini og‘irlashtiruvchi va yengillashtiruvchi holatlarni, aybiga iqrorligini inobatga olib, ayblanuvchiga 9 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlashingizni so‘rayman”, deb aytgan sud majlisida ishtirok etgan davlat ayblovchisi.

Sudda ayblanuvchi marhumni tanimagani, o‘rtog‘i bilan birga tushlik qilish uchun universitetga borganida janjal ustidan chiqib qolganini ta’kidlagan.

“Turin politexnika universitetiga o‘rtog‘im bilan ovqatlanish maqsadida borgandim. U yerga yetib borganimda bitta notanish bola o‘rtog‘imni urmoqchi bo‘ldi. O‘rtog‘im qochib qoldi. Uni aylanib o‘tib, o‘sha bolaning oldiga bordim. Nima bo‘ldi o‘zi, nega urishyapsizlar desam, u menga aralashmang deb aytdi. Urishmanglar, 3-4 ming dollar kontrakt to‘lab o‘qiyapsizlar deganimda meni onamdan so‘kib qoldi. O‘zimni ushlab turolmay urvordim.

Yosh yigitning umri xazon bo‘ldi. Men esa buning uchun qamoqda o‘tiribman. Agar shu yoqqa borib qolmaganimda va janjalga aralashmaganimda u bola meni so‘kmasdi, men ham u bolani urmasdim. Qilmishimdan afsusdaman. Men 5 yo 10 yilda ozodlikka chiqib, ota-onamning bag‘riga qaytib kelarman, lekin u bola endi qaytib kelmaydi.

Maqsadim o‘ldirish yoki nimadir qilish, biron joyini sindirish bo‘lmagan. Men kuchli zarba berish yoki zarba berib nimadir qilish maqsadida u yerga bormagandim. Shunaqa voqea bo‘lib qoldi, men uning o‘limiga sababchi bo‘lib qoldim. U bolani tanimaganman, shu paytgacha urishib yo qasdlashib yurgan joyim yo‘q. O‘zimni ushlab qololmadim. Yoshlik qilib qo‘ydim”, deydi ayblanuvchi.

Sud tomonidan Jinoyat kodeksining 104-moddasi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish) 3-qismi “d” bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir qilganlikda aybli deb topilgan shaxs 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Mavzuga oid