O‘zbekiston | 15:09 / 01.12.2021
27532
4 daqiqa o‘qiladi

Turin universiteti talabasi o‘limi: voqeaning qo‘shimcha tafsilotlari ma'lum qilindi

Talaba o‘limiga bosh miya yopiq jarohati, miya to‘qimalariga qon quyilishi sabab bo‘lgan.

Foto: Videodan kadr

Olmazor tuman IIO FMB katta tergovchisi Bahodir Olimjonov Toshkent kanaliga bergan intervyusida Turin universiteti talabasi o‘limi bilan bog‘liq voqea haqida batafsil ma'lumot berdi.

Ma'lum qilinishicha, 25 noyabr kuni Olmazor tumani ichki ishlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi navbatchilik qismiga 2-sonli tibbiy muassasa shifokori tomonidan xabar kelib tushgan. Xabarga ko‘ra, Turin universiteti oldida mazkur universitetning 1-bosqich talabasi, 2003 yilda Andijon shahrida tug‘ilgan Sherzodbek vafot etgani ma'lum qilingan.

Ushbu mudhish hodisa yuzasidan ichki ishlar organlari tezkor surishtiruv ishlarini olib borilgan.

«25 noyabr soat 14:30larda Turin politexnika universiteti hovlisida Sunnat va Muhammadaziz  o‘zaro ko‘rishib yarashib olganda, shu kursda o‘qiydigan Samandar ismli talaba kelib «yarashib oldinglarmi?» deb turgan joyida jabrlanuvchi Sherzod ismli shaxs «nima qilasiz aralashib», deb gap tashlab qolgan. Shunda Samandarning yoshlikdan birga o‘sgan do‘stlari Abbos va Alimbek voqea joyiga kelib qolgan va Abbos voqea joyida bo‘lgan talabalarni aylanib o‘tib, Sherzodning oldiga kelib, yuziga bir musht urib, yerga yiqitgan. Natijada Sherzod voqea joyida halok bo‘lgan», — deydi tergovchi

Sud tibbiy ekspertizasining birlamchi ma'lumotiga asosan, marhumning o‘limiga bosh miya yopiq jarohati, miya osti pardalari va miya to‘qimalariga qon quyilishi jarohati sabab bo‘lgan.

Sherzodga tan jarohati yetkazishda gumonlanuvchi tariqasida qo‘lga olingan, 2003 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan, muqaddam sudlangan Abbosxon voqea qanday sodir bo‘lgani haqida gapirib berdi.

«Turinning oldiga borganda o‘rtog‘im mashinadan tushib ketdi. Men mashinani qo‘yib borsam, bolalar urishayotgan ekan. U yerda o‘rtog‘im urishayotganini ko‘rib bolalar ajratishdi (kim ajratganini ko‘rmadim). Urushgan bolalarning oldiga borganimda ular meni so‘kkanidan keyin jahl ustida, bilmay bir musht urdim. Musht urganda odam o‘ladi, deb o‘ylamagandim. O‘zim tengilarga ham aytib o‘taman, qo‘l bilan urasizmi, u o‘lib qolishi mumkin ekan. Shuning uchun urushlarga aralashish kerak emas, men qilgan xatoni, o‘z boshimdan o‘tayotgani uchun qilmaslikni maslahat beraman.

Hozir men jinoiy javobgarlikka tortilib, 8 yildan 10 yilgacha qamalishim mumkin ekan. Hozir u bolaning ota-onasi qanaqa vaziyatda ekan, ulardan ming bor uzr so‘rayman. Men 8-10 yildan keyin ota-onamning oldiga boraman, u bolaning ota-onasi 18 yil katta qilgan, endi u qaytmaydi. Qilgan ishimdan pushaymonman, bunaqa narsa bo‘lib ketishini bilmagan edim», — deydi u.

Eslatib o‘tamiz, yuqoridagi holat yuzasidan joriy yilning 25 noyabr kuni gumonlanuvchiga O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi («Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish») bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilganligi ma'lum qilingandi.

Mavzuga oid