Jahon | 13:01 / 19.03.2022
28061
2 daqiqa o‘qiladi

Serdar Berdimuhamedov Turkmaniston prezidenti lavozimiga kirishdi

Foto: AFP

Ashxobodda Turkmanistonning saylangan prezidenti Serdar Berdimuhamedovning inauguratsiyasi bo‘lib o‘tdi.

Marosimda hukumat va xavfsizlik kengashi a’zolari, davlat idoralari rahbarlari, diplomatlar va jurnalistlar ishtirok etdi. 

Poytaxtdagi «Ruhiyot» saroyi zaliga Turkmaniston davlat bayrog‘i, Turkmaniston prezidentining shtandarti, Turkmaniston konstitutsiyasi va Qur’oni Karim olib kirildi. 

Markaziy saylov komissiyasi raisi Gulmurod Murodov Berdimuhamedovga prezidentlik guvohnomasini topshirdi. Shundan so‘ng, yangi davlat rahbari konstitutsiyaga qo‘lini qo‘yib, prezidentlik qasamyodini qabul qildi va «Turkmaniston konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlashga, Turkmaniston prezidenti zimmasiga yuklangan vazifalarni vijdonan bajarishga» va’da berdi. 

Mamlakatda prezidentlik saylovi 12 mart kuni bo‘lib o‘tdi. Ovoz berish jarayonida saylovchilarning 97,17 foizi yoki 3 million 362 ming 52 nafari ishtirok etdi. Markaziy saylov komissiyasi barcha byulletenlarni sanab chiqqach, 72,97 foiz ovoz olgan Demokratik partiyadan nomzod Serdar Berdimuhamedov g‘alaba qozonganini e’lon qildi. 

Turkmanistonda prezidentlik saylovlari har yetti yilda o‘tkaziladi. 

Mavzuga oid