Jahon | 08:17 / 23.03.2022
15914
2 daqiqa o‘qiladi

AQSh va Buyuk Britaniya tariflar bo‘yicha kelishuvga erishdi

Vashington va London o‘rtasidagi yangi kelishuv AQSh bozorida Britaniya po‘lat va alyuminiyiga boj to‘lovlarini bekor qiladi. Buyuk Britaniya Amerika mototsikllari, jinsi shimlari va ichimliklariga joriy qilingan tariflarni olib tashlaydi.

Foto: 3dmentatimage

AQSh va Buyuk Britaniya 1 iyundan Britaniya po‘lat va alyuminiyining AQSh bozoriga kirishini osonlashtiradigan tarif bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda 22 mart, seshanba kuni AQShning savdo muzokaralaridagi vakili Ketrin Tay va AQSh savdo vaziri Jina Raymondo ma’lum qildi.

Hujjatda ta’kidlanishicha, kelishuv «Buyuk Britaniyadan tarixan belgilangan barqaror hajmdagi po‘lat va alyuminiy mahsulotlarini AQSh bozoriga Qo‘shma Shtatlarning «Savdoni kengaytirish to‘g‘risida»gi qonuni 232-moddasiga asosan tariflarsiz kirishga imkon beradi. 

Bundan tashqari, Tay va Raymondo qo‘shma bayonotda Vashington va London o‘rtasidagi yangi savdo kelishuvi Xitoyning Amerika sanoati va ishchilariga zarar yetkazuvchi adolatsiz savdo amaliyotiga qarshi turishi kerakligini ma’lum qildi. 

Bunga javoban London Amerika tovarlari, jumladan ichimliklar, jinsi shimlar va mototsikllarga boj to‘lovlarini olib tashlaydi, dedi Britaniya tashqi savdo vaziri Enn-Mari Trevelyan. 

AQShning Yevropa ittifoqidan po‘lat va alyuminiy importi bo‘yicha savdo mojarosi prezident Donald Tramp ma’muriyati davrida boshlangan. 2018 yilda AQShda po‘latga 25 foiz va alyuminiyga 10 foizlik bojlar joriy qilindi. Tramp ma’muriyati bu choralarni «milliy xavfsizlikni himoya qilish» sifatida oqlagan. Keyinchalik Buyuk Britaniya Yevropa ittifoqini tark etdi. AQSh va Yevroittifoq 2021 yilda «bojlar urushi» bo‘yicha kelishuvga erishdi. 

Tay va Raymondo bayonotida, shuningdek, «Xitoy korxonasiga tegishli bo‘lgan har qanday Britaniya po‘lat kompaniyasi o‘z moliyaviy hisobotlarini XXR hukumatining ehtimoliy ta’siri bo‘yicha auditdan o‘tkazishi kerak»ligi aytilgan. Ushbu tekshiruvlar natijalari AQShga taqdim etilishi kerak. 

Mavzuga oid