Farg‘ona viloyatida tavallud topib, FarDUni bitirgan va Xitoyning Chonching shahridagi Janubiy-g‘arbiy universitetida ixtiologiya yo‘nalishida doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan Baxtiyor Sheraliyev hozirda Xitoydagi universitetda PostDoc lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Internetning o‘zbek segmentida biologiyaga oid o‘zbek tilidagi ilmiy materiallarni kengroq ommaga yoyish maqsadida tashkil etilgan Hujayra.uz loyihasi asoschisi bo‘lgan Baxtiyor Sheraliyev suhbat davomida yoshlardagi real muammolar va ularning yechimlari, ilmiy rahbar tanlash, demotivatsiya bo‘lgan hollarda qanday oyoqqa turish, «bajaruvchi»dan «fikrlovchi»ga aylanish kerakligi haqida tavsiyalarini berib o‘tdi.

Faoliyat yo‘li

Biologiya sohasiga chuqurroq kirib borishimda ustozim Zilola Ibragimovaning o‘rni beqiyos. Mendagi biologiyaga bo‘lgan cho‘g‘larni olovlantirgan, shu yo‘lga kirishimda va professional ushlashimda shu insonning mehnati katta. Fanga nisbatan samimiylikni, odilona bo‘lishlikni o‘rgatgan. Hech qachon olimpiadalardan oldin savollarni o‘zlari tuzgan bo‘lsalar-da, bermasdilar. Chunki bu ilm olayotgan insondagi eng yaxshi xislatlardan bo‘lishi kerak. Biolog bo‘lishimga asosiy sabab shu kishi bo‘lgan.

Hozirgacha ko‘z oldimdan ketmaydi. 2007 yilda Farg‘ona davlat universitetiga hujjatlarimni borib topshirmoqchi bo‘lganimda o‘sha yerdagilar: «Biologiya yo‘nalishiga qizlar topshiradi, o‘g‘il bolalar o‘qiydigan soha emas», degan. Men: «Biolog bo‘lgani keldim, biolog bo‘lishim kerak», deganman. Birinchi yiliyoq grantga kirganman. Men biologiyani biolog bo‘lish uchun o‘qiganman, o‘qituvchi bo‘lish uchun o‘qimaganman.

Bu maqsad qayerdan paydo bo‘lgan?

Biologiyani o‘rganishning o‘z metodlari bor. Birinchisi – kuzatish, ikkinchisi – taqqoslash. Kuzatish biologiyani o‘rganishning eng qadimgi metodlaridan biri. Shu narsa menda tug‘ma bo‘lgan, balki bobom biolog bo‘lgani uchunmi, doim kuzatib yurardim. Daftarlarim bo‘lardi, o‘simliklarni kuzatib, mollyuskalarni suvdan olib, tekshirib ko‘rardim. O‘qituvchilikdan ko‘ra, biologiyani o‘rganishda tabiiy qiziqishlar paydo bo‘lgan.

2011 yil bakalavrni tugatdim. Bakalavrni tugatayotgan payt amaliyotda dars berganmiz. Bakalavrdan keyin magistraturada zoologiyani o‘rganishni boshladim va maktabdan uzoqlashdim. O‘qish yarmidan universitetda laborant bo‘lib ishlab, kichik jihatlariga ham kirib borganmiz. Bu men uchun muhim maktab bo‘lgan. Magistraturaga kirishdan avval 1 yil maktabda dars berganman. Magistraturada o‘qiyotganimda 100 nafar o‘quvchiga repetitorlik qilish imkoniyati bo‘lgan, ammo laborantlikni tanlaganman. Laborantning oyligi ikki nafar bolaning repetitor puli bilan bir xil edi. O‘sha paytlarda maktab direktorimiz ham ruhiy dalda bergan va shu bilan ish boshlanib ketgan.