O‘zbekiston | 20:42 / 24.03.2022
10344
3 daqiqa o‘qiladi

Toshkent investforumi birinchi ish kunini yakunladi

Ilk marotaba o‘tkazilayotgan Toshkent xalqaro investitsiya forumiga 1500dan ziyod mehmon taklif qilindi. Forumning ochilishida prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zlab, investorlarga shaxsan kafolat berishini ta’kidladi. Kun davomida, shuningdek, O‘zbekistonda so‘nggi yillardagi eng yirik IESlardan biri qurilishiga start berildi.

24 mart kuni birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumiga start berildi. Kunning birinchi yarmida forumni prezident Shavkat Mirziyoyev ochib berdi.

“Bunday keng ko‘lamli forumni O‘zbekistonda birinchi marta o‘tkazyapmiz. Nima uchun bu tadbirda shaxsan qatnashyapman? Men prezident sifatida sizlarga kafolat beraman!

Bu yerda O‘zbekiston prezidenti jamoasi yig‘ilgan, hukumat vakillari, vazirlar, hokimlar kelishgan. Maqsadimiz – sizlarga barcha sharoitni yaratib berish. O‘zaro muloqot qilib, ko‘p narsani o‘zgartirib, qonunlarni mustahkamlab, korrupsiyaga qarshi qat’iy kurashib, sizlar bilan manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yamiz.

Albatta, kamchiliklarimiz ko‘p. Lekin biz investitsion muhitni yaxshilash uchun harakat qilmoqdamiz”, – dedi prezident forum ishtirokchilariga qarata.

Davlat rahbari o‘z ma’ruzasida O‘zbekistonda yarim milliondan ortiq oila muhtojlar toifasidan chiqarilganini ma’lum qildi. Shavkat Mirziyoyevga ko‘ra, 2030 yilga borib O‘zbekiston aholisi o‘rtadan yuqori daromad oladigan davlatlar ro‘yxatiga kirishi mumkin.

Kun davomida, shuningdek, Shavkat Mirziyoyev va yevropalik hamkorlar Surxondaryodagi birinchi IYeS qurilishiga start berdi. 1,2 mlrd dollarlik loyiha natijasida 1 560 megavatt quvvatli elektrostansiya quriladi va unda 12 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi – bu so‘nggi yillarda O‘zbekistonda qurilgan elektrostansiyalar ichida eng yirigi bo‘ladi.

Sessiyalarda turli iqtisodiy mavzular, xususan Markaziy Osiyoda savdo oqimi transformatsiyasi, transport tizimi raqamlashuvi, turizmga investitsiyalarni jalb qilish imkoniyatlari, qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirish, yashil energiya istiqbollari, savdoni erkinlashtirish va iqtisodiy integratsiya, O‘zbekistonning mintaqaviy sanoat markazi sifatidagi salohiyati, kambag‘allikni qisqartirish va sanoat kabi mavzular muhokama qilindi.

Forumda so‘zga chiqqan Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki prezidenti Odil Reno-Basso O‘zbekistonda barqaror ish o‘rinlarini yaratish va iqtisodiy rivojlanishda kichik va o‘rta biznesning ahamiyati haqida fikr bildirib, shaffof transformatsiya orqali mamlakatga yaxshiroq investorlarni jalb qilish mumkinligini ta’kidladi.

Odil Reno-Basso, shuningdek, Osiyo taraqqiyot banki prezidenti Masatsuga Asakava, Turkiy davlatlar tashkiloti Oqsoqollar kengashi raisi Binali Yildirim, Saudiya Arabistoni investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih va BAA energetika va infratuzilma vaziri Suxayl al-Mazruiy prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida bo‘ldi.

Forum 26 martga qadar davom etadi.

Мадина Очилова
Muallif Мадина Очилова
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid