O‘zbekiston prezidenti maslahatchisining o‘rinbosari Galina Saidova Toshkent investitsiya forumidagi nutqi yuzasidan iqtisodchilar Behzod Hoshimov, Botir Qobilov va Otabek Bakirov bildirgan fikrlarga munosabat bildirdi. U o‘z munosabatini Gazeta.uz'ga taqdim etgan.

Saidova 24 mart kungi nutqida savdoni liberallashtirish yo‘lidagi to‘rtta riskni sanab o‘tgan, iqtisodchilar bu argumentlarni “sun’iy ravishda o‘ylab topilgan qiyinchiliklar” deb atagandi. Maslahatchi o‘rinbosari bu tanqidlarga qaratilgan javobini “Xalqaro investitsiya forumidagi nutq mazmuni haqidagi afsonalar va haqiqat” deb nomlagan.

Qayd etish lozim, Prezident administratsiyasi vakilining bahsli fikrlari (video) “Savdoni liberallashtirish va iqtisodiy integratsiya” nomli panel muhokamasida moderatorning savoliga javoban yangragan edi. Savol shunday bo‘lgandi: “Biz [ushbu forumda] islohotlarning tez sur’atlari va savdoni tezroq erkinlashtirish zarurligi haqida eshitdik. Islohotlarning jadal sur’atlari qanday xavf-xatarlarga olib kelishi mumkin deb o‘ylaysiz? Shu bilan birga, so‘ramoqchiman, islohotlar tezroq amalga oshirilmasligining to‘lovi qancha?”

Gazeta.uz Galina Saidovaning javobini kichik qisqartirishlar bilan e’lon qildi.

Galina Saidova: Xalqaro investitsiya forumidagi nutq mazmuni haqidagi afsonalar va haqiqat

Hurmatli tahririyat!

Toshkent xalqaro investitsiya forumining panel sessiyalaridan biridagi nutqim nashringiz o‘quvchilari va iqtisodchilari (tahririyat eslatmasi: ular nashrning iqtisodchisi emas, ularning fikrlari o‘z bloglarida e’lon qilingan) orasida keng muhokamaga sabab bo‘ldi, ehtimol bu moderator tomonidan berilgan savollarning dolzarbligi bilan bog‘liqdir.

Proteksionizmga qarshi kurash va tashqi savdoni liberallashtirish bozor iqtisodiyoti tamoyillaridan biridir. Uning ijobiy ta’siri makroiqtisodiyot bo‘yicha har qanday darslikda batafsil yoritilgan va forumda ishtirok etgan professional auditoriya uchun takroriy tezislar sifatida qiziq bo‘lishi qiyin.

Biroq, hozirgi xalqaro tashqi savdo aloqalarini yuzaki tahlil qilish ham shuni ko‘rsatadiki, darslikdagi normalar hech bir davlatda bevosita ishlamaydi: rivojlanganlarida ham, rivojlanayotganlarida ham. Obektiv va sub’yektiv sabablarga ko‘ra yuzaga keladigan ko‘plab qo‘llaniladigan proteksionistik choralar va proteksionistik urushlar ularning manbalarini tushunish, ularni bartaraf etadigan yoki hech bo‘lmaganda yumshatishga qaratilgan chora-tadbirlarni ishlab chiqish va qo‘llash uchun doimiy tahlilni, puxta o‘ylangan va propagandaga asoslanmagan yondashuvni talab qiladi.