O‘zbekiston | 20:03 / 31.03.2022
16616
9 daqiqa o‘qiladi

“Rahmonovning o‘limi xizmat bilan bog‘liq emas” – Svetlana Ortiqova Bosh prokuraturaning 33 yoshli xodimi o‘limi haqida

Svetlana Ortiqova Samir Rahmonovning o‘limi bo‘yicha chiqarilgan sud qarori hali qonuniy kuchga kirmagani, qarorda qonunchilikda mavjud bir qator normalar buzilganini ta’kidlab, bu ishni nazoratiga olishi va Bosh prokuror o‘rinbosari sifatida Oliy sudga takroran kassatsiya kiritishga tayyorligini ma’lum qildi.

Bosh prokuror o‘rinbosari Svetlana Ortiqova AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Kun.uz muxbirining savoliga javoban idoraning 33 yashar xodimi marhum Samir Rahmonov ish joyida vafot etgani haqidagi iddaolarni rad etdi.

“Bosh prokuratura xodimi Samir Rahmonov ishxonada emas, ko‘p tarmoqli kasalxonaga olib borilganda o‘lgani haqida Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot xodimlari kasbiy malakasini rivojlantirish markazi tomonidan xulosa berilgan. Bu birinchisi.

Ikkinchidan, ishni ko‘rib chiqishni tugatish haqida 2022 yil yanvarda chiqarilgan sud qarori bor. Chunki da’vogar marhum Samir Rahmonovning otasi vafot etgan. Bu qaror hali kuchda, hech kim uni muhokama qilgani ham yo‘q, bekor qilgani ham yo‘q.

Sud-tibbiy ekspertizadan o‘tkazish uchun murdani yorib ko‘rish kerak. Marhumning otasi bunga rozilik bermagan va bu haqda tilxat yozib bergan”, deya ta’kidlagan Svetlana Ortiqova.

Bosh prokuror o‘rinbosariga ko‘ra, ekspertiza xulosasida ham Rahmonovning o‘limi xizmat bilan bog‘liq emasligi qayd etilgan.

Foto: Kun.uz

“Ma’naviy zarar undirish Fuqarolik kodeksining 1021-moddasida aks etgan. Ma’naviy zararni aniqlashda uni yetkazuvchining aybini tasdiqlash kerak. Jinoyat ishi tergovoldi surishtiruv natijasida JPKning 83-moddasi 2-qismiga, ya’ni jinoyat tarkibi mavjud emas deb topilgan. Shunga ko‘ra Rahmonovning o‘limida Bosh prokuraturaning aybi yo‘q.

Xizmat bilan bog‘liq o‘lim deyish uchun yuz bergan o‘lim holatining xizmat bilan bog‘liq joyi bo‘lishi kerak. Bu qonunni men ishlab chiqqanim yo‘q, lekin men unga itoat qilishga va bajarishga majburman. Ekspertiza ham Rahmonovning o‘limi xizmat bilan bog‘liq emas degan xulosaga kelgan. “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 50-, 56-moddalariga asosan marhumning o‘zi va uning oila a’zolari himoyaga olingan va yetarlicha moddiy yordam ko‘rsatilgan”, deydi u.

Matbuot anjumanida Svetlana Ortiqova Bosh prokuratura tomonidan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2022 yil 28 martdagi marhum Samir Rahmonovning oilasiga 951 275 952 so‘m miqdorida biryo‘la to‘lanadigan nafaqa puli to‘lash va Bosh prokuraturadan 20 000 000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar undirish haqidagi hal qiluv qaroriga nisbatan protest kiritilishi yoxud Oliy sudga takroran kassatsiya kiritilishi mumkinligini istisno etmagan.

Foto: Kun.uz

 “Bosh prokuratura davlat budjetidan moliyalashtiriladigan tashkilot. Agarda budjet intizomini siz bilan biz bajarmasak, milliard u yoqqa, milliard bu yoqqa qilsak, unda vrachlarga, o‘qituvchilarga ustamalarni, oylikni, nafaqaxo‘rlarga esa nafaqasini kim to‘laydi? Nogironlarni kim himoya qiladi? Agarda Bosh prokuraturaning aybi bo‘lsa, bajonidil ikkita qo‘lni ko‘taramiz va [tovon pulini] to‘laymiz. Lekin hozir Toshkent shahar sudining 28 martda qabul qilinib, 29 martda ijtimoiy tarmoqlarga tarqatilgan, hali qonuniy kuchga kirmagan hal qiluv qarori bo‘yicha prokuratura albatta o‘zining munosabatini bildiradi. Chunki Bosh prokuraturaning ish bo‘yicha taraf va protest bildirishga vakolati bor.

E’tibor bergan bo‘lsangiz, Toshkent shahar sudi o‘zining tashabbusi bilan da’vogarni ham, da’vo talabini ham o‘zgartirgan. Bunda FPKning 124-moddasi talablari buzilgan. Amaldagi sud qarori mavjud bo‘laturib, uni hech kim bekor qilmaganini inobatga olmasdan Toshkent shahar sudi o‘zining tashabbusi bilan da’vogarni va da’vo talabini o‘zgartirishga haqqi yo‘q. Men o‘zim nazorat qilaman bu ishni. Kerak bo‘lsa bosh prokuror o‘rinbosari sifatida Oliy sudga takroran kassatsiya kiritishga tayyorman”, deb aytgan mulozim.

Eslatib o‘tamiz, 2021 yilning 26 aprel kuni Bosh prokuraturaning 33 yashar xodimi Samir Rahmonov vafot etgan edi. Marhumning otasi Kun.uz’ga bergan intervyusida o‘g‘lining voyaga yetmagan farzandlari boquvchisiz qolgani sababli qonun hujjatlarida belgilangan tovon puli berilishini so‘rab dastavval bosh prokuror nomiga xat bilan murojaat qilganini, biroq iltimosi bo‘yicha rad javobini olgach, Bosh prokuraturani sudga berganini ma’lum qilgandi.

Samir Rahmonov (marhum) Foto: Kun.uz

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2021 yil 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan, da’vogar – A’zamjon Rahmonovning javobgar – Bosh prokuraturaga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli hamda ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo va qo‘shimcha da’vo arizalari rad qilingandi.

Shundan so‘ng da’vogar fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar sudiga FIB Mirobod tumanlararo sudining hal qiluv qarori ustidan apellyatsiya shikoyati kiritgandi. Apellyatsiya shikoyati Toshkent shahar sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan ko‘rib chiqilib, sudlov hay’atining ajrimi bilan birinchi instansiya sudining hal qiluv qarori bekor qilinib, ish yangidan ko‘rish uchun birinchi instansiya sudiga yuborilgandi.

A’zamjon Rahmonov Kun.uz’ga bergan intervyusida o‘lim sababini aniqlash bo‘yicha sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilmagani, Samir Rahmonovning jasadini ekspertizaga olib bormoqchi bo‘lishganda u o‘g‘lining tanasi yorilishiga rozi bo‘lmaganini aytgan, bu harakatini o‘lim sababi ekspertizasiz ham ro‘yirost ma’lumligi, farzandining bosh miyasida qon tomirlari yorilgani yaqqol ko‘rinib turgani bilan izohlagandi.

A’zamjon Rahmonov (marhum) Foto: Kun.uz

Shuningdek, marhumning yaqinlari hodisa ro‘y bergan kuni ish beruvchi – Bosh prokuratura mehnat inspeksiyalarini jalb qilib, xodimining o‘limi yuzasidan surishtiruv o‘tkazmagani, qonunchilikda belgilangan tartibda dalolatnomalar tuzmaganini aytishgandi.

Sud mazkur holatlarda qonunchilik talabi buzilgan deb topgan va ishni puxta o‘rganmagani uchun 2021 yil 6 dekabr kuni sudlov hay’atining ajrimi bilan RSTEIAM Toshkent shahar filiali Morfologiya bo‘limi Sergeli punktining davlat sud tibbiy ekspertizasi boshlig‘i hamda Toshkent shahar Bandlik bosh boshqarmasi Davlat mehnat huquq inspeksiyasi boshlig‘iga nisbatan xususiy ajrimlar chiqargan.

Ish birinchi instansiya sudida qayta ko‘rila boshlaganda A’zamjon Rahmonov olamdan o‘tgan edi.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berishicha, marhum A’zamjon Rahmonovning javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo arizasini ko‘rib chiqish bo‘yicha sud jarayoni nihoyasiga yetib, sud qarori e’lon qilingan.

Sudning 2022 yil 10 martdagi ajrimi bilan da’vogar A’zamjon Rahmonov vafot etgani sababli uning javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan boquvchisining vafoti munosabati bilan nafaqa pulini undirish va ma’naviy zararni qoplash to‘g‘risidagi da’vo arizasi ish yurituvidan tugatilgan.

Foto: Kun.uz

Sud tashabbusi bilan da’vogar tomonidan mustaqil talab bilan arz qiluvchi uchinchi shaxs sifatida jalb qilingan marhum Samir Rahmonovning bevasi – N.Rahmonova sudga javobgar O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasiga nisbatan turmush o‘rtog‘ining ish joyida vafoti munosabati bilan voyaga yetmagan farzandlari va o‘zi uchun nafaqa, sug‘urta tovoni va ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2022 yil 28 martdagi hal qiluv qaroriga asosan Bosh prokuratura marhumning oilasiga 951 275 952 so‘m miqdorida biryo‘la to‘lanadigan nafaqa puli va 20 000 000 so‘m miqdorida ma’naviy zarar to‘lashi hamda idoradan davlat foydasiga 76 642 076 so‘m davlat boji undirilishi belgilangan.

Bosh prokuratura axborot xizmati 33 yoshida vafot etgan xodimining oilasiga 951 mln so‘m tovon puli to‘lash haqidagi xabarlarga munosabat bildirib, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudi qarorining hali qonuniy kuchga kirmaganini eslatgan va hal qiluv qarori asosliligi Bosh prokuratura tomonidan atroflicha o‘rganilishini ma’lum qilgandi.

Mavzuga oid