Toshkent shahar sudlarining rasmiy Telegram-kanali orqali Bosh prokuratura sobiq xodimi, marhum S.Rahmonovning turmush o‘rtog‘i N.Rahmonovaning foydasiga sud qarori asosida “Bosh prokuratura 1 milliard so‘m to‘lab berishi” haqidagi xabar tarqalmoqda.
Mazkur xabar yuzasidan quyidagilar ma’lum qilinadi:
- birinchidan, prokuratura organlari tizimidagi har bir xodim va uning oila a’zolarining munosib ijtimoiy himoya qilinishidan birinchi navbatda Bosh prokuraturaning o‘zi manfaatdordir;
- ikkinchidan, har qanday ijtimoiy himoya, xususan nafaqa pullarining to‘lovi qonunga so‘zsiz rioya qilingan holda amalga oshirilishi shart.
Ayniqsa, budjet intizomiga rioya etilishini nazorat qilishga mas’ul bo‘lgan, aynan budjetdan moliyalashtiriladigan prokuratura organlarida bu tamoyil ustuvor ahamiyatga ega.
- Binobarin, marhum xodim S.Rahmonovning vafoti munosabati bilan uning yaqinlariga tegishli to‘lovlar qonunda belgilangan eng yuqori miqdorda to‘lab berilgan;
- uchinchidan, hali qonuniy kuchga kirmagan fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining N.Rahmonova da’volarini qisman qanoatlantirish to‘g‘risidagi hal qiluv qarorining asosliligi Bosh prokuratura tomonidan atroflicha o‘rganiladi va tegishli munosabat bildiriladi.
Zotan, amaliyotda hatto qotillikda va boshqa og‘ir jinoyatlarda ayblangan fuqarolarning quyi instansiya sudlari tomonidan asossiz oqlangani yoki aksincha, aybsizlar aybdor deb topilgani, prokuraturaning sa’y-harakatlari bilan esa, adolat qaror topganiga oid ko‘plab ma’lumotlar jamoatchilikka yaxshi ma’lum.
Shu bois, sudlar tomonidan hali qonuniy kuchga kirmagan qarorlar yuzasidan shoshmashosharlik bilan jamoatchilikka axborot berishning maqsadga muvofiq emasligini yana bir karra ta’kidlaymiz”, deyiladi rasmiy bayonotda.
Eslatib o‘tamiz, fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirobod tumanlararo sudining 2021 yil 17 sentyabrdagi hal qiluv qarori bilan, da’vogar – A’zamjon Rahmonovning javobgar – Bosh prokuraturaga nisbatan farzandi vafoti munosabati bilan ish joyidan nafaqa puli hamda ma’naviy zarar undirish to‘g‘risidagi da’vo va qo‘shimcha da’vo arizalari rad qilingandi.

















