O‘zbekiston | 08:27 / 31.03.2022
10458
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev Urganchda quriladigan Al-Xorazmiy shaharchasi loyihasini ma’qulladi

Turkiya prezidentining tashrifi yakunlanganidan so‘ng, O‘zbekiston prezidenti Xorazmda rejalashtirilgan bunyodkorlik loyihalari taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Qayd etilishicha, prezident tashabbusi bilan Urganchda Al-Xorazmiy shaharchasi qurilishi rejalashtirilgan. Buning uchun aeroport yaqinidan 110 gektar yer ajratilgan. Joriy yil 7 fevral kuni o‘tkazilgan taqdimotda shaharchaning umumiy konsepsiyasi tasdiqlangan. Bu gal undagi har bir inshootning ichki mazmuni muhokama qilindi.

Loyihaga ko‘ra, bu yerda universitet, IT park, uylar, maktab va bog‘cha, madaniyat va sport majmualari barpo etiladi. Shaharcha markazida Muhammad al-Xorazmiy sayilgohi bo‘lib, buyuk allomaning yangi haykali o‘rnatiladi. Davlat rahbari qurilish ishlarini boshqarish bo‘yicha komissiya tuzishga ko‘rsatma berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

- Bu yer shahar ichidagi shahar bo‘ladi. Universitet, innovatsion markaz va maktablar ilm va ta’lim klasterini tashkil etadi. Bu yerda ishlovchilar uchun uy-joylar, ilmga asoslangan sanoat zonasi ham bo‘ladi. Bu shaharchani shunga munosib qilib, sifatli qurish kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Urganchdagi San’at muzeyi binosini rekonstruksiya qilib, ko‘rgazma maydonini kengaytirish, Xivadagi Qo‘g‘irchoq teatrini zamonaviy binoga ko‘chirish ham mo‘ljallangan. Prezident yangi binolardan samarali foydalanish, ularda qo‘shimcha xizmatlarni yo‘lga qo‘yib, daromad topishiga sharoit yaratish muhimligini ta’kidladi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Kommunal sohada amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi. Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi tuzilmasini takomillashtirib, quyi tizimda samarali ishlatish vazifasi qo‘yildi.

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid