Iqtisodiyot | 15:03 / 31.03.2022
23029
7 daqiqa o‘qiladi

1,1 trln so‘m budjet puli nimalarga ishlatilishi kerak: “Tashabbusli budjet”da ovoz berish yakunlanmoqda

Fuqarolar ijtimoiy ahamiyatga ega muammolar yechimi uchun pul ajratilishini so‘rab joylashtirilgan jamoaviy takliflarga 1 aprel soat 23:59ga qadar ovoz berishlari mumkin.

Foto: Kun.uz

«Tashabbusli budjet» loyihasi haqida?

Fuqarolar tashabbus va talablarini inobatga olgan holda kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida Moliya vazirligi tomonidan «Ochiq budjet» portali ishga tushirilgan. Bunda har bir O‘zbekiston fuqarosi o‘zi istiqomat qiladigan tuman yoki shaharda aynan ularni qiynab kelayotgan, yechimi mablag‘ bilan bog‘liq muammolarni hal qilish maqsadida taklif qoldirishi mumkin.

Tashabbusli budjet jarayonlari joriy yilda ikki marta, 3 bosqichda amalga oshiriladi:

1-bosqich – fuqarolar o‘z takliflarini (batafsil ko‘rinishda) qoldiradilar:

  • Birinchi yarim yillik uchun – 1 fevraldan 22 fevralgacha
  • Ikkinchi yarim yillik uchun – 1 iyuldan 20 iyulgacha

2-bosqich – fuqarolar tomonidan bildirilgan takliflar moderatsiya jarayonidan o‘tkaziladi:

  • Birinchi yarim yillik uchun – 23 fevraldan 4 martgacha
  • Ikkinchi yarim yillik uchun – 21 iyuldan 30 iyulgacha

3-bosqich – moderatsiyadan o‘tkazilgan takliflar ovoz berish jarayoniga o‘tkaziladi:

  • Birinchi yarim yillik uchun – 5 martdan 1 aprelgacha
  • Ikkinchi yarim yillik uchun – 31 iyuldan 19 avgustgacha

G‘olib chiqqan takliflar qanday moliyalashtiriladi?

Amaldagi me’yoriy hujjatlarga ko‘ra, har bir tuman yoki shahar tasdiqlangan budjetining 5 foizi hamda qo‘shimcha mablag‘ining kamida 30 foizi hisobidan tegishli mablag‘lar «Tashabbusli budjet» jarayoni uchun ajratiladi. Moliya vazirligiga ko‘ra, ushbu mablag‘lar har bir hududda turlicha shakllanadi va o‘rtacha 5-10 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Har bir tuman yoki shaharning o‘zida eng ko‘p ovoz to‘plagan takliflar amalga oshirish qiymatidan kelib chiqqan holda «g‘olib» deb topiladi. Oddiy qilib aytganda, takliflarga qanchalik ko‘p ovoz to‘plansa, yutish imkoniyati ortadi va eng ko‘p ovoz olganlari yuqoridan pastga qarab saralab olinadi.

Ovoz berish jarayoni yakunlariga ko‘ra, «Ochiq budjet» axborot portali avtomatik ravishda har bir hudud bo‘yicha eng ko‘p ovoz to‘plagan takliflar asosida «g‘olib» takliflarni aniqlaydi va muallifining shaxsiy kabineti orqali hamda mobil telefon raqamiga bu xaqda xabar yuboriladi.

2022 yilning birinchi yarim yilligi uchun g‘olib deb topilgan loyihalarga jami 1,1 trln so‘m ajratilgan.

Ovoz berish jarayonida qanday ishtirok etiladi?

Saralash bosqichidan o‘tgan barcha takliflarga ovoz berish imkoniyati beriladi. Bunda, har bir taklifning o‘z sahifasida «ovoz berish» tugmasi bo‘lib, ushbu taklifni qo‘llab-quvvatlamoqchi bo‘lgan fuqarolar ushbu tugmani bosish orqali faqat bir marotaba ovoz berishlari mumkin. Bu jarayon 2 xil usul bilan: «Ochiq budjet» portalida ro‘yxatdan o‘tgan holda hamda SMS xizmati orqali amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, har bir fuqaro bevosita o‘zi istagan manzil (o‘zi istiqomat qilmaydigan yoki yashash manzili umuman boshqa hudud) bo‘yicha ishtirok etib, tashabbuskor bo‘lishi mumkin. Bu esa ma’lum bir taklif g‘olib deb topilishi uchun aynan o‘sha manzilda istiqomat qiladigan yoki ro‘yxatdan o‘tgan fuqarolar ishtirok etishi lozim degan cheklovni rad etadi. Ammo bir fuqaro faqatgina bitta loyihani qo‘llab-quvvatlay oladi. Xususan, Buxoroda yashovchi inson Andijonning biror hududida maktab qurilishini yoqlab ovoz bergan bo‘lsa, u boshqa loyihalar uchun ovoz bera olmaydi.

Fuqarolarda «Ochiq budjet» axborot portalidan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lmasa, tegishli mahalla yoki ovulda tashkil etilgan «Tashabbuskorlar burchagi» orqali ovoz qoldirishlari ham mumkin.

Qanday ko‘rinishdagi takliflar qo‘llab-quvvatlanadi?

Birinchi navbatda, kiritilayotgan taklifda ko‘rsatilgan muammo umumiy xarakterga ega bo‘lishi va o‘zida shaxsiy ehtiyoj bilan bog‘liq talablarni aks ettirmasligi lozim. Misol uchun, ichki yo‘llarni ta’mirlash, ichimlik suvi ta’minotini, yoritish tizimini yaxshilash, hududlarni obodonlashtirish, oqova suv tizimini tartibga keltirish, bolalar yoki sport maydonchalarini barpo etish, ijtimoiy soha obektlarini ta’mirlash yoki moddiy texnik bazasini shakllantirish kabi takliflar inobatga olinadi.

Idoraviy (mahalliy davlat hokimiyati va davlat organlarining binolari va inshootlarini qurish, ta’mirlash va jihozlash ishlariga shu jumladan ularning boshqa ehtiyojlarini qoplashga qaratilgan) yoki shaxsiy xususiyatga (turar joy xarid qilish, tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash) ega takliflar esa inobatga olinmaydi.

Ovoz to‘plashdagi «innovatsion» usullar

Ijtimoiy tarmoqlarda ayrim hududlarda takliflar ko‘proq ovoz olishi va g‘olib bo‘lishi uchun har bitta ovozga pul mukofoti taklif qilinayotgani haqidagi suratlar ham tarqaldi. Ba’zi hokimliklar esa ovoz to‘plash jarayonida ma’muriy usullardan foydalangan.

Shuningdek, talabalar, turli tashkilotlarda ishlovchi xodimlar o‘z tanishlaridan iltimos qilib, ko‘proq ovoz to‘plashga yordam berishlarini so‘rashmoqda.

Andijonda maktab o‘quvchilarining telefonlari darsga xalaqit berayotgani vaji bilan yig‘ishtirib olinib, bu telefonlar orqali «Ochiq budjet» portalidagi tegishli loyihaga ovozlar berilgani aytilgan.

Huquqshunos Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘z Telegram-kanalida yozishicha, shu kabi tashabbuslar budjetdagi talon-torojliklarga qarshi jamoatchilik nazorati o‘rnatilishiga katta yordam beradi.

«Asosiysi xalqimiz faollashdi. Budjetning har bir tangasi o‘ziniki ekanligini tanasida his qilishni va bu pullarni sarflashda ishtirok etishga o‘rganmoqda. Hozircha «Tashabbusli budjet»da cheklangan mablag‘ bo‘lsa-da, ammo bora-bora asosiy budjet haqida ham odamlar qayg‘urishni, befarq bo‘lmaslikni, budjetdagi o‘g‘irliklar va talon-torojlarga qarshi jamoatchilik nazorati o‘rnatishni o‘rganib olishiga ishonaman. Bu esa faqat va faqat jamiyatimiz rivoji uchun yordam beradi», deya yozdi Xushnudbek Xudoyberdiyev.

Ma’lumot uchun, «Tashabbusli budjet»ning joriy yildagi birinchi mavsumiga ovoz berish 31 mart soat 23:59ga qadar davom etadi. Siz ham muhim deb topgan loyihalar uchun ovoz berishingiz va budjet mablag‘larining to‘g‘ri sarflanishiga o‘z hissangizni qo‘shishingiz mumkin.

Mavzuga oid