O‘zbekiston | 07:30 / 01.04.2022
6519
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda maxsus ulgurji savdo hududlari tashkil etiladi

O‘zbekiston ulgurji savdo uchun maxsus imtiyozli hududlar tashkil etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 31 mart kuni makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, biznesni qo‘shimcha qo‘llab-quvvatlash masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Yig‘ilishda Toshkent investitsiya forumi yakunlariga to‘xtalib o‘tildi. Anjumanda qariyb 8 milliard dollarlik shartnomalar va kelishuvlarga erishilgan. Ko‘plab xorijiy tadbirkorlar yurtimizda o‘z biznesini boshlash yoki rivojlantirish istagini bildirgan.

Bu kelishuv va tashabbuslar to‘la amalga oshishi uchun investorlarga barcha sharoit yaratilishi qayd etildi. Iqtisodiyot tarmoqlari rahbarlariga xorijiy kompaniyalar bilan kelishib, ularning ishlab chiqarish zanjiriga qo‘shilish vazifasi qo‘yildi. Navoiy, Samarqand, Toshkent, Buxoro va Surxondaryo viloyatlarida qo‘shni mamlakatlar bozoriga mahsulot yetkazib beruvchi ulgurji savdo hududlari tashkil etish zarurligi ta’kidlandi.

Hudud va tarmoqlarda xarajatlarni qisqartirish, ta’mirlash, avtomobil, mebel va ofis anjomlari xarid qilishni to‘xtatib turish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berildi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda qiymati 9 milliard dollar bo‘lgan 105 ta loyiha doirasida jalb etilgan mablag‘lar ishlatilmay turibdi yoki cho‘zilyapti. Bosh vazir o‘rinbosariga tarmoq rahbarlari va viloyat hokimlari bilan birga, har bir loyihani chuqur o‘rganib, ijrosini jadallashtirish, samarasiz va istiqbolsiz loyihalarni tugatish bo‘yicha ko‘rsatma berildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid