Jahon | 15:38 / 04.04.2022
10508
2 daqiqa o‘qiladi

Germaniyada koronavirusga qarshi qariyb 90 marta emlangan erkakka qarshi ish ochildi 

U mart oyi boshlarida Aylenburg shahridagi vaksinatsiya markazida ushlangan. 

Foto: Picture Alliance/DPA

Magdeburg shahrida yashovchi 60 yoshli erkak 2021 yildan buyon turli vaksinatsiya markazlarida SARS-CoV-2 koronavirusiga qarshi qariyb 90 marta emlangani ma’lum bo‘ldi.  

Unga nisbatan hujjatlarni soxtalashtirish va noqonuniy ravishda emlanganlik to‘g‘risidagi sertifikatlarni berish bo‘yicha ish ochildi. 

Xabar qilinishicha, u Drezdendagi vaksinatsiya markazlaridan birining e’tiborini tortgan. Germaniya Qizil xoch jamiyati xodimlari boshqa vaksinatsiya markazlarini g‘ayrioddiy tashrif buyuruvchi haqida xabardor qilgan va ulardan ushbu erkak kelgan taqdirda politsiya bilan bog‘lanishni so‘ragan. U shu yilning mart oyi boshlarida Aylenburg shahridagi vaksinatsiya markazida ushlangan. 

Politsiyaning ma’lumotiga ko‘ra, erkak har safar o‘zining haqiqiy ismi va manzilini ko‘rsatib emlangan. Ma’lumotlar bazasida aniqlanishicha, u 87 marta turli vaksinalar bilan emlangan. 

Erkakning uyidan ko‘plab bo‘sh vaksinatsiya pasportlari topilgan. U pasportlarga boshqa odamlarning ismlarini yozganligi taxmin qilinmoqda. Bunda vaksina partiyasining raqami haqiqiy bo‘lgan.

Дилшод Аскаров
Tayyorlagan Дилшод Аскаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid