O‘zbekiston | 19:58 / 07.04.2022
17143
6 daqiqa o‘qiladi

Budjet taqsimoti odamlarning o‘ziga qo‘yib berilganda...

“Ochiq budjet” platformasi, “Tashabbusli budjet” kabi atamalar shu kunlarda ko‘p qo‘llanilyapti. Umuman, bu iboralarni xalqimiz qanday tushunyapti va ushbu yangilik odamlarga nima bermoqda?

Sodda qilib aytganda, bu loyiha yillar davomida qarovsiz qolgan ko‘changiz, ta’mirtalab maktab-u bog‘chalar, ikki avlodni ko‘rgan transformator-u simyog‘ochlar, umuman, mavjud muammolarni hal etishga hukumatdan pul olish imkoniyati demakdir.

Samarqand viloyatida “Ochiq budjet” uchun ovoz yig‘ish jarayonlari qanday o‘tgani bilan qiziqib, qishloqlarni oralashga qaror qildik.

Masalan, Jomboy tumanidagi Juriyat mahallasida so‘nggi yillarda aholi ko‘payishi, qolaversa, transformatorlar allaqachon muddatini o‘tab bo‘lgani sababli tez-tez avariya holati kelib chiqaveradi.

Bu holatdan zada bo‘lgan aholi mahalladagi to‘rtta transformatorni yuqori kuchlanishdagi transformatorga almashtirish tashabbusini platformaga kiritishdi va eng yuqori ovoz to‘plab, loyiha g‘olibi bo‘lishdi.

Abduvohid Dilmurodovning aytishicha, mahalladoshlar bir ovozdan yuqoridagi tashabbusni qo‘llab-quvvatlagan. U har bir xonadonga kirilgani, “Tashabbusli budjet” haqida tushuncha berilganini aytadi.

Ma’lum bo‘lishicha, juriyatliklar ijtimoiy tarmoqlarda guruhlar tashkil qilib, ovoz yig‘ishgan. Natijada jami 1486 ta ovoz to‘planib, Juriyat mahallasi g‘olib bo‘lgan. Endi ushbu mahallaga so‘ralgan yuqori kuchlanishli to‘rtta transformator o‘rnatib beriladi.

“Tashabbusli budjet” loyihasiga Jomboy tumani bo‘yicha yetmishga yaqin taklif bildirilgan va shundan oltitasi g‘olib bo‘lgan. Xususan, Eski Jomboy mahallasidagi 28-umumta’lim maktabi uchun filial qurish taklifi ham yuqori ovoz to‘plagan.

Ushbu maktabga filial qurish taklifi bilan chiqqan direktor Mavjuda Qurbonovaning aytishicha, maktab qamrovi 380 nafarni tashkil etgan holda amalda 980 nafar o‘quvchi ta’lim-tarbiya olmoqda. Shu sababli bir necha yillar avval faoliyati to‘xtab qolgan filial faoliyatini tiklash taklifini ikki mahalla – Eski Jomboy va Nayman mahallasi ahli birdek qo‘llab-quvvatlagan. Natijada 28-maktabning Nayman mahallasidagi filialini qurish bo‘yicha bildirilgan 620 million so‘mlik loyiha g‘olib bo‘lgan.

Darhaqiqat, biz filial binosini ham borib ko‘rdik. Hududda aholi ancha tig‘iz joylashgan bo‘lib, o‘quvchilar 2-8 kilometrgacha bo‘lgan masofaga borib ta’lim olayotgan ekan. Bu aholiga moddiy tomondan ham bir qator qiyinchiliklar keltirib chiqargan.

Mahalla faoli Mamlakat Ibragimovaning aytishicha, maktabning mavjud filiali hashar yo‘li bilan qurilgan. 2018 yilga qadar boshlang‘ich sinf o‘quvchilari shu yerda ta’lim-tarbiya olgan. Bino ta’mirtalab bo‘lib qolgach, bir necha marta mas’ul tashkilotlarga murojaat qilingan va natija bo‘lmagan. “Tashabbusli budjet” loyihasiga qo‘yilganidan so‘ng, mahalla ahli xonadonma xonadon yurib, ovoz to‘plashgan.

Ushbu loyiha bo‘yicha Past Darg‘om tumanida ham 14 tashabbus yuqori ovoz to‘plab, g‘olib bo‘lgan. E’tiborli jihati shundaki, tumandagi Beshbola mahallasi hududidagi fermerlar suvsizlik sabab juda og‘ir vaziyatga tushib qolgan. So‘nggi yillarda fermerlar foyda olmagan, faqat zararga ishlagan. Aynan yuqori ovoz to‘plab g‘olib bo‘lgan loyihalar ichida Beshbola mahallasidagi suv nasos stansiyasini ishga tushirib, aholini suv bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Beshbola mahallasi raisi Akbar Abdullayevning aytishicha, bundan 30-40 yillar avval nasos yordamida zax suv yuqoriga tortib berilgan. O‘sha paytlarda hosildorlik ham yuqori bo‘lib, bu odamlarning turmush tarziga ham ijobiy ta’sir qilgan. Hozirgi vaqtda nafaqat fermerlar, balki aholi tomorqasiga ham suv yetib bormayotgan ekan.

“Beshbola” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Vafoqul Karimov so‘nggi uch yilda suvsizlik sabab, xo‘jalik og‘ir vaziyatga tushib qolganini bildirdi. Ushbu tashabbus nafaqat o‘zi kabi dehqonlar, balki aholi tomonidan ham iliq kutib olingani va barcha birdek qo‘llab-quvvatlaganini ma’lum qildi.

Ushbu loyiha ishga tushirilgach, mingdan ortiq aholining suvga bo‘lgan ehtiyoji qisman qoplanishi, 400 gektardan ortiq fermer xo‘jaligi yerlariga suv yetib borishi mumkin ekan.

Bu yangi loyiha. Qaysidir hududlarda bu tashabbusni o‘z vaqtida ilg‘agan, imkoniyatdan samarali foydalanganlar natijaga erishdi. Hatto respublika bo‘ylab bu g‘oliblikni haqiqiy bayramga aylantirib yuborganlar bo‘ldi.

Aslida ham aksariyat hududlardagi muammolarni aholining o‘zidan ko‘proq hech kim yaxshi bilmaydi, ular o‘zlari to‘layotgan soliqlar birinchi navbatda qaysi ehtiyojlari uchun ishlatilishi kerakligini teranroq his etadilar.

Ushbu loyiha orqali xalqimiz hududlarda orttirilgan budjetning ma’lum miqdorini o‘zlari istagan va eng ko‘p qiynagan loyihalarga qaratish, muammolarini hal etish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Isomiddin Po‘latov,
Kun.uz muxbiri

Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov

Mavzuga oid