O‘zbekiston | 12:03 / 07.04.2022
5225
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridan o‘tuvchi avtomobil yo‘llari OTB mablag‘lari hisobidan ta’mirlanadi

Osiyo taraqqiyot banki Surxondaryo (111 km) va Buxoro (87 km) viloyatlaridan o‘tuvchi avtomobil yo‘llarini ta’mirlash uchun 273,8 mln dollar miqdorida qarz mablag‘lari ajratadi.

Foto: Kun.uz

«Osiyo taraqqiyot banki ishtirokida avtomobil yo‘llarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi prezident qarori imzolandi.

Qayd etilishicha, Osiyo taraqqiyot banki «Milliy avtomobil yo‘llarini rivojlantirish» loyihasini amalga oshirish doirasida O‘zbekistonga 4 yillik imtiyozli davr bilan 24 yil muddatga 273,8 mln dollar miqdorida qarz mablag‘lari ajratadi.

Ushbu pullar quyidagi loyihalarni amalga oshirish uchun sarflanadi:

  • 183,8 mln dollari — «4P105» «Darband — Boysun — Elbayon» avtomobil yo‘lining 5−7 km va «4P100» «Manguzar — Jarqo‘rg‘on — Bandixon — Oltinsoy — Denov» avtomobil yo‘lining 128−174 km qismlarini rekonstruksiya qilish» ishlarini («Surxondaryo» loyihasi) amalga oshirishga;
  • 90 mln dollari — «A380» «G‘uzor — Buxoro — Nukus — Beyneu» avtomobil yo‘lining 228−315 km (87 km) qismini rekonstruksiya qilish» («Buxoro» loyihasi) ishlarini yakunlashga sarflanadi.

Loyihani amalga oshirish muddati 6 yil (4 yil imtiyozli davrini inobatga olgan holda 2022−2027 yillar) etib belgilandi.

OTBning qarz mablag‘larini so‘ndirish, shuningdek, foiz, qarz bo‘yicha komissiya va boshqa to‘lovlar bilan bog‘liq xarajatlar respublika budjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Avvalroq, OTB O‘zbekistonda umumiy qiymati 2,8 milliard dollarga teng bo‘lgan 27ta loyihani amalga oshirishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid