«Hukumat qarori ham yordam berolmayapti» - 3 yildan buyon sud ostonalarida sarson tadbirkor
2017 yilda Zangiota tumanida 6 million dollarlik mebel ishlab chiqarish fabrikasini qurgan tadbirkor 3 yildan buyon sudlarda sarson bo‘lmoqda. Hukumat qarori asosida yer olib ish boshlagan «IDOL MEBEL» MChJ yerlarini Zangiota tuman hokimi boshqalarga «bo‘lib bergan». Ayni vaqtda ish Oliy sudda ko‘rilyapti.
«IDOL MEBEL» MChJ korxonasiga 2017 yildagi Vazirlar Mahkamasi qarori, 2018 yildagi hukumat majlisi bayonnomasi hamda 2018 yil avgust oyidagi Toshkent viloyati va Zangiota tumani hokimliklari qarorlari bilan mebel ishlab chiqaradigan zavod qurish uchun 13,9 gektar yer maydonlari ajratib berilgan.

Tadbirkor yer maydonlarini obodonlashtirib, yerning bir qismi toifasini o‘zgartirish uchun budjetga 208 million co‘m to‘lov qiladi. Shuningdek, yerning bir qismida 6 million dollarga yaqin mablag‘ sarflab, yirik zavod quradi. Hamma mashmashalar qurib bitkazilgan binolarga egalik huquqini rasmiylashtirish uchun murojaat qilingach boshlangan.
Dastlab Toshkent viloyatining o‘sha vaqtdagi hokimi G‘ulomjon Ibragimov tadbirkorga yer ajratishni tasdiqlash haqidagi o‘zining qarori (!) hokimlikda ro‘yxatdan o‘tmay qolgan (!), degan vaj bilan 2019 yil 30 mart kuni «Zangiota tumani hokimining ayrim qarorlarini bekor qilish to‘g‘risida»gi 242-sonli boshqa qaror chiqaradi. Ushbu 242-sonli qaror asosida Zangiota tumani hokimining «IDOL MEBEL» MChJga yer ajratish to‘g‘risidagi qarori ham bekor bo‘ladi.
2019 yil iyun oyida G‘ulomjon Ibragimov salomatligi tufayli boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan Toshkent viloyati hokimi lavozimidan ozod etilgan.
Shundan so‘ng 2019 yil iyul oyida «IDOL MEBEL» MChJ viloyat hokimining ushbu qarorini bekor qilishni so‘rab Nurafshon shahar ma’muriy sudiga murojaat qiladi. Sudga murojaat qilingach, shaxsan Zangiota tuman hokimi Abduvahob Tamikayev tadbirkorga arizasini qaytarib olishni, yerga egalik to‘g‘risidagi qaror chiqarib berilishini aytib, murojaat qiladi.

Hokimning va’dalariga ishongan tadbirkor suddan da’vosini qaytarib oladi. Lekin oradan bir yarim yilga yaqin vaqt o‘tishiga qaramay tadbirkorga mulk huquqini beruvchi hujjat berilmaydi.
2019 yilning ikkinchi yarmiga kelib, Zangiota tumani hokimi hukumat qarori asosida «IDOL MEBEL»ga ajratilgan 13 gektardan ortiq yerlarni boshqa 4 ta firmaga «bo‘lib beradi».
Qiziq tarafi, «IDOL MEBEL» juda katta byurokratik protseduralar bilan olgan yerlarning 4,5 gektarini tuman hokimi tashkil qilinganiga 8 kun bo‘lgan «Future Land» MChJga berib yuborgan.

Shundan so‘ng tadbirkor yana sudga murojaat qiladi. O‘rta Chirchiq tuman Ma’muriy sudi 2020 yil 6 avgust kuni ish avval tomonlar murojaati asosida tugatilgani sababli ish yuritishni tugatish haqida ajrim chiqaradi.
So‘ng tadbirkor Toshkent viloyati ma’muriy sudiga appelyatsiya shikoyati kiritadi. Viloyat ma’muriy sudi 2020 yil 22 sentabr kuni O‘rta Chirchiq tuman Ma’muriy sudi ajrimini bekor qilib, ishni birinchi instansiyaga qaytaradi.
2020 yil 24 dekabr kuni O‘rta Chirchiq tuman Ma’muriy sudida ko‘rib chiqilgan ishda Toshkent viloyati hokimining nizoli 242-sonli qarorini qabul qilishda «arizachining manfaatlari va qonun bilan kafolatlangan huquqlari poymol qilingan», deb topiladi hamda ushbu qaror bekor qilinadi.
Shu bilan hammasi tamom, deb o‘ylagan tadbirkorning ishiga endi Toshkent viloyati prokuraturasi aralashadi.
Viloyat prokuraturasining apellyatsiya protesti bilan ish Toshkent viloyat ma’muriy sudida ko‘rildi. 2021 yil 26 may kuni viloyat ma’muriy sudi O‘rta Chirchiq tuman Ma’muriy sudining qarorini o‘z kuchida qoldirib, ishni mazmunan ko‘rib chiqish uchun yana birinchi instansiyaga yuboradi.
Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan bir vaqtning o‘zida keltirilgan kassatsiya protesti asosida ish Oliy sud Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atida ham ko‘rib chiqiladi. Oliy sud 2021 yil 23 iyundagi ajrimi bilan Toshkent viloyat ma’muriy sudining 2021 yil 26 maydagi qarorini o‘zgarishsiz, viloyat prokurorining kassatsiya protestini esa qanoatlantirmasdan qoldiradi. Ya’ni yuqori turuvchi sudlar qarori bilan ish yana birinchi instansiyaga qaytadi.
Lekin bu safar ish Toshkent shahriga o‘tadi. Da’vogarlar qatoriga Toshkent shahar hokimligi ham qo‘shilib qoladi.
Bunga sabab Zangiota tumanining «IDOL MEBEL» MChJ joylashgan hududlari 2020 yil 11 sentabrda poytaxtning yangi tashkil qilingan Yangi hayot tumani hududiga qo‘shilib ketgani bilan izohlanadi.
Shundan so‘ng ish Toshkent shahar Chilonzor tumanida joylashgan Toshkent tumanlararo ma’muriy sudida ko‘rib chiqiladi. 2021 yil 15 oktabr kuni sud arizachi da’vo muddatini uzrli sabablarsiz o‘tkazib yuborgani vaji bilan shikoyatni qanoatlantirishni rad qiladi. Shu bilan Toshkent viloyati hokimining 2019 yil 30 martdagi 242-sonli qarori o‘z kuchida qoladi. Qayd etish lozimki, Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi O‘rta Chirchiq tuman Ma’muriy sudi tomonidan o‘tkazib yuborilgan da’vo muddati tiklanganini hisobga olmaydi.
Shundan so‘ng tadbirkor Toshkent shahar Ma’muriy sudiga apellyatsiya shikoyati kiritadi. 2022 yil 26 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida poytaxt apellyatsiya instansiyasi, xuddi shu vaj bilan Toshkent tumanlararo ma’muriy sudi qarorini o‘zgarishsiz qoldiradi.
“Vazirlar Mahkamasining qaroriga, yer maydoniga egalikka doir guvohnoma va kadastr hujjatlariga ishonib shuncha katta obekt qurdim. Axir kim ham hukumat qarori bilan ajratilgan yerlarni tuman hokimi olib qo‘yishini o‘ylabdi deysiz.

Sud idoralarining mazkur adolatsiz qarorlari oqibatida, «IDOL MEBEL» MChJ faoliyatini to‘xtatish arafasida turibdi. Natijada davlat budjetiga to‘lab kelinayotgan soliqlar kamayishi va korxonada faoliyat ko‘rsatib kelayotgan qariyb 150 nafar ishchi va xizmatchilar ish joyini yo‘qotishi mumkin. Hozirgacha 8 ta sud protsessi bo‘lib o‘tdi, ayni vaqtda Oliy sudda to‘qqizinchisi bo‘lyapti. Oliy sud adolatni tiklashga yordam beradi, deb umid qilamiz”, – deydi «IDOL MEBEL» MChJ direktori Ravshan Samikov.


Ishni o‘rganish davomida hatto sud majlislarida ham qatnashmayotgan Zangiota tumani hokimligiga holat yuzasidan izoh olish uchun bordik. Lekin hokimlikda matbuot xizmati vakant ekani aytildi, hokimlik boshqa rasmiylari esa holatga izoh berolmasligini ma’lum qildi.

Darvoqe, bu Zangiota tumani hokimligi mansabdorlarining yer oldi-berdisida yagona muammoli holat emas. Masalan, bir necha kun avval tuman hokimining qurilish bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lib ishlagan shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining uchta moddasi bilan ayblov e’lon qilinib, qidiruv e’lon qilingani xabar berilgan edi.
Shuningdek, kecha 6 aprel kuni tadbirkordan 15 ming dollardan ortiq pora olgan Zangiota tuman hokimining mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha yordamchisi A.Yu. va tuman kadastr bo‘limi sobiq xodimi U.A.lar ham qo‘lga olindi.
Ayni vaqtda «IDOL MEBEL» MChJ Oliy sudga kassatsiya shikoyatini kiritgan. Joriy yil 1 aprel kuni Oliy sud ma’muriy sudlov hay’atida dastlabki sud majlisi bo‘lib o‘tdi. Sudga arizachi va Toshkent shahar hokimligi vakillaridan boshqa tomonlar kelmagani tufayli sud majlisi 11 aprel sanasiga qoldirildi.
Farrux Absattarov,
Kun.uz muxbiri
Tavsiya etamiz
Samarqand shahriga kirish yo‘llari vaqtincha yopiladi
O‘zbekiston | 21:35 / 30.03.2025
Dunyo bo‘ylab Ramazon hayiti qanday kutib olindi – fotolar
Jahon | 20:30 / 30.03.2025
AQSh «Tolibon» bilan aloqa o‘rnatyaptimi?
Jahon | 16:25 / 30.03.2025
Germaniyadagi shaharcha gazetada e’lon berib, yangi hokim axtarmoqda
Jahon | 07:57 / 30.03.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Ramzon Qodirovning voyaga yetmagan o‘g‘li Checheniston politsiyasi kuratori etib tayinlandi
Jahon | 20:24
-
Germaniya Ikkinchi jahon urushidan beri birinchi marta qo‘shinlarini xorijga joylashtiradi
Jahon | 20:21
-
2027 yildan boshlab san’atkorlardan daromad solig‘i majburiy undiriladi – Soliq qo‘mitasi
O‘zbekiston | 20:09
-
Donald Tramp uchinchi bor AQSh prezidenti etib saylanishi mumkinmi?
Jahon | 19:49
Mavzuga oid

18:15 / 28.03.2025
Sud futbolchi Dani Alvesning 4,5 yillik qamoq hukmini bekor qildi

11:52 / 22.03.2025
AQShda sud sun’iy intellekt tomonidan yaratilgan asar mualliflik huquqi bilan himoyalanmasligini tasdiqladi

13:02 / 19.03.2025
Abu-Saxiy bozorida yong‘in chiqqani rad qilindi

15:34 / 18.03.2025