09:30 / 08.04.2022
1505

Navoiyda moliyaviy piramida tashkil qilgan shaxs 8 yilga qamaldi

Tintuv paytida u va sherigining xonadonidan 800 mln so‘m hamda 12 000 AQSh dollari miqdorida pul, chorva mollari topilgan.

Videodan kadr

“Zamon” informatsion dasturida xabar berilishicha, 2021 yilning iyun oyida Navbahor tumanida yashovchi S.Y. va uning jinoiy sherigi ustidan tuman IIBga ko‘plab arizalar kelib tushgan. Ushbu shaxslar fuqarolarning chorva mollarini hamda moddiy qiymatga ega boshqa mulklarini 2–3 oyda ko‘paytirib berish evaziga qimmat narxda sotib olgan. Ammo pulini bermasdan, qo‘lga kiritilgan chorva mollari va mulklarni boshqa birovlarga yarim bahosiga sotib yuborgan.

Xolislar ishtirokida o‘tkazilgan tintuv jarayonida ularning xonadonidan 800 mln so‘m va 12 000 AQSh dollari miqdorida pul, chorva mollari hamda 11 nafar fuqaroning ismi-sharifi yozilgan hisob-kitob daftari topilib, rasmiylashtirib olingan.

S.Y. qishloq aholisiga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatib hamda hudud muammolarini bartaraf etishda iqtisodiy jihatdan ko‘maklashib, o‘zini saxiy boy sifatida tanitgan. Shu sababli u qamoqqa olingan paytida ozod etishni so‘rab, qishloq odamlari norozilik namoyishlari o‘tkazgan.

Sud hukmi bilan S.Y. 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi va jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Oldinroq Qashqadaryoda moliyaviy piramida tashkil qilib, 231 kishining pulini o‘zlashtirgan shaxslarga hukm o‘qilgandi.

Top