Tinch aholi qurbon bo‘layotganda tarafkashlik qilish - mojaroni qo‘llash demakdir. Professor betaraflikning zarurati va ahamiyati haqida
O‘zbekiston – xalqaro munosabatlar va tashqi siyosatning betaraflik prinsipidan kelib chiqib, barcha davlatlararo mojarolar faqat xalqaro huquq normalari asosida tinch yo‘l bilan hal qilinishi tarafdori.
O‘zbekistonning Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi harbiy-siyosiy mojaroga nisbatan neytral bo‘lishi, tarafkashlik qilmasligi mamlakatimizning masalaga o‘ta mas’uliyat va vazminlik bilan yondashayotganini ko‘rsatadi. O‘zbekiston barcha bahs va kelishmovchiliklar faqatgina xalqaro huquq normalari asosida hal qilinishi lozim, deb hisoblaydi.
Betaraflik instituti tashqi siyosatning eng qadimgi shakllaridan biridir. Asrlar davomida betaraflik xalqaro xavfsizlikni ta’minlash, inqirozlar va urushlarni diplomatik vositalar orqali hal etish vazifasini bajarib kelgan. Tashqi siyosatni shakllantirishda betaraflik tamoyili tinchlikni ta’minlash yo‘lida hozir ham muhim rol o‘ynashda davom etmoqda.
O‘zbekiston nima uchun Ukraina va Rossiya harbiy mojarosida vazminlik va betaraflik pozitsiyasini tanladi? Buning sababi, fikrimcha, quyidagilardan iborat:
Birinchidan, Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi harbiy to‘qnashuvlar oqibatida tinch aholi halok bo‘layotgan bir paytda ulardan birining yonini olish harbiy mojaroni qo‘llab-quvvatlash demakdir. Bu esa, nafaqat O‘zbekistonning tashqi siyosati prinsiplariga, balki insoniylikka, o‘zbek xalqining ezgu qadriyatlariga ham mutlaqo ziddir. Muqaddas Islom dinida ham tarafkashlik mutlaqo qoralanadi. Hadisi muborakda shunday satrlar bor: «Islomda tarafkashlik yo‘q».
Ikkinchidan, betaraflik tamoyili zamonaviy xalqaro munosabatlarning muhim elementi bo‘lib qolmoqda. Mamlakatimiz BMTning teng huquqli a’zosi sifatida xalqaro huquq normalariga og‘ishmay rioya qiladi. Zero, O‘zbekiston ushbu tashkilotning tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash, terrorizmga qarshi kurash, harbiy mojarolarda ishtirok etmaslik kabi qator konvensiyalariga qo‘shilgan. BMT Nizomining 33-moddasida «...xalqaro tinchlik va xavfsizlikni saqlashga tahdid solishi mumkin bo‘lgan har qanday nizo muzokaralar orqali tinch yo‘l bilan hal qilinishi kerak», deyiladi.
Uchinchidan, hozirgi o‘ta qaltis sharoitda tarafkashlik qilish mintaqamizdagi tinchlik va xavfsizlikka muayyan darajadagi yangi tahdidlarni paydo qilishi mumkin.
To‘rtinchidan, Ukraina ham Rossiya ham bizning yaqin hamkor davlatlarimizdir. Biz uchun ikki xalq ham do‘st va yaqin hamkor. Ukraina va Rossiya bilan nafaqat iqtisodiy, balki madaniy-ma’rifiy, birodarlik aloqalarimiz bor. Bunday sharoitda biz ikki tomonni ham tinchlikka, kelishishga chaqirgan bo‘lamiz.
Beshinchidan, O‘zbekiston – ko‘p millatli davlat. O‘zbek xalqiga xos bag‘rikenglik chuqur tarixiy ildizga ega. Har bir davlat, har bir xalq avvalo intellektual salohiyati, yuksak ma’naviyati bilan kuchlidir. Mamlakatimizda rus va ukrain millatiga mansub fuqarolarimizning adadi ham katta.
Shu o‘rinda Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi mojaroda tarafkashlik qilish mamlakatimizda emin-erkin yashayotgan ukrain va rus millati vakillariga nisbatan ham kamida behurmatlik hisoblanadi.
Umuman olganda, bir tomonning yonini olish mojaro yanada chuqurlashishiga olib keladi, degan fikrdamiz. Neytral bo‘lish, masalaga o‘ta vazminlik bilan yondashish esa, mojaro avj olishiga yo‘l qo‘ymaydi va uning boshqa davlatlar hududiga tarqalmasligiga zamin yaratadi.
Betaraflik – xalqaro huquqda tinchlik va xavfsizlikni ta’minlash va qo‘llab-quvvatlash vositalaridan biri bo‘lib, uning mohiyati urushlarda qatnashmaslik va nizolarni urush yo‘li bilan hal qilishdan bosh tortishdan iborat ekanligini unutmaslik kerak. Shu jihatdan, O‘zbekistonning betaraflik, ya’ni neytral pozitsiyasi xalqaro hamjamiyat uchun muhim strategik ahamiyatga molik, deb hisoblaymiz.
Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvlar oqibatida vujudga kelgan gumanitar muammo chuqurlashib bormoqda. Neytral pozitsiya esa, tinch aholining insoniy muammolarini yechish, ularga yordam berish, boshqacha aytadigan bo‘lsak, gumanitar halokatning oldini olishga ham yordam beradi.
O‘zbekiston – tinchlikparvar davlat. Davlatimiz barcha mojarolarni diplomatik vosita va mexanizmlar bilan yechish tarafdori va bunga qat’iy amal qiladi. Barcha mojarolarda betaraf bo‘lib qoladi. Bunday pozitsiya xalqimizning tinchlikparvarlik, tolerantlik g‘oyalariga asoslanadi. Eng asosiysi, O‘zbekiston Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyot bo‘lishi uchun harakat qiladi.
Hozirda jahon miqyosida xavfsizlik tizimi yil sayin zaiflashib borayotganiga guvoh bo‘lyapmiz. Bunday sharoitda har bir davlatdan, har bir xalqdan yuksak siyosiy hushyorlik va madaniyat talab etiladi. Bobolarimiz «Urushning nomi o‘chsin!» deb bejiz duo qilmagan.
Biz voqealarga bilib bilmasdan, uning mohiyatini chuqur anglamay turib baho berishdan qochishimiz kerak. Gap shundaki, bugungi kunda xalqaro axborot maydonida Ukraina va Rossiya o‘rtasidagi qurolli mojaroda kimningdir yonini olish, uning tomoniga o‘tishga chaqiruvlar targ‘ib qilinmoqda. Hozirgi sharoitda fuqarolarimiz, ayniqsa, yoshlarimizga vaziyatni to‘g‘ri baholash va masalaga o‘ta vazminlik bilan yondashish lozimligini tushuntirish muhim vazifa bo‘lib qolmoqda.
Sayfiddin Jo‘rayev – Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti professori
Mavzuga oid
21:09 / 05.11.2024
Saylovdan keyin Amerika Rossiya va Ukrainaga nisbatan siyosatini o‘zgartiradimi?
15:30 / 05.11.2024
Zelenskiy: Oktyabrda Ukrainaga 2 mingdan ortiq dron hujum qildi
14:50 / 05.11.2024
Janubiy Koreya Ukrainaga kuzatuvchilar va tahlilchilar guruhini yuborish imkonini ko‘rib chiqmoqda
11:10 / 05.11.2024