Jahon | 14:27 / 09.04.2022
10461
3 daqiqa o‘qiladi

Ukrainadagi urush sabab oziq-ovqat narxlari keskin qimmatlashdi – FAO

BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) oziq-ovqat narxlari indeksiga ko‘ra, mart oyida bug‘doy narxi 19,7 foizga, o‘simlik moyi narxi 23,2 foizga, shakarning o‘rtacha narxi 6,7 ​​foizga oshgan.

Foto: INTERFAX.RU

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) hisobotiga ko‘ra, Ukraina-Rossiya o‘rtasida yuzaga kelgan harbiy harakatlar asosiy turdagi don mahsulotlari va o‘simlik moyi narxlariga bosim o‘tkazmoqda. Buning oqibatida mart oyida jahonda oziq-ovqat narxlarining keskin qimmatlashishi kuzatilgan.

O‘tgan oy davomida FAO oziq-ovqat narxlari indeksi 159,3 punktni tashkil etgan va fevral oyiga nisbatan 12,6 foizga ko‘tarilgan. Bu indeks yuritilib kelinayotgan 1990 yildan keyingi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi.

Qayd etilishicha, don mahsulotlari narxi 17,1 foizga qimmatlashgan. Bug‘doy va boshqa donli mahsulotlar narxining oshishi bevosita Ukrainadagi urush fonida yuz bergan. Chunki so‘nggi uch yil ichida Rossiya va Ukraina jahon bug‘doy eksportining qariyb 30 foizini va jahon makkajo‘xori eksportining 20 foizini amalga oshirgan.

O‘z navbatida, o‘tgan oyda bug‘doy narxi 19,7 foizga o‘sgan. AQShdagi ekinlar holati bilan bog‘liq xavotirlar ham narxlar oshishini yanada qo‘llab-quvvatlagan. Makkajo‘xori narxi bir oy ichida 19,1 foizga ko‘tarilib, rekord darajaga yetgan. Shu bilan birga, turli mamlakatlardagi guruch narxlarining dinamikasi o‘zgarishsiz qolgan.

FAO hisob-kitoblariga ko‘ra, o‘simlik moyi narxlari 23,2 foizga qimmatlashgan. Bu o‘sish Ukrainaning jahonda yetakchi eksportchi ekanligi bilan bog‘langan. Palma, soya va kolza yog‘i narxlariga ham kungaboqar yog‘i va xomashyosi bahosining qimmatlashishi ta’sir o‘tkazgan.

Mart oyida shakar narxlari 6,7 foizga, yillik nisbatda esa 20 foizga oshgan. Shakar narxlariga ta’sir qilgan asosiy omillar sifatida xomashyo narxining oshishi va Braziliya milliy valuta kursining o‘zgarishi keltirilgan. Shuningdek, Hindistonda ishlab chiqarish bo‘yicha ijobiy prognozlar narxlarning yanada oshib ketishiga ta’sir qilgan.

Bundan tashqari, mart oyida go‘sht narxi ham o‘rtacha 4,8 foizga qimmatlashgan. Parranda grippining avj olishi sababli asosiy eksport qiluvchi mamlakatlardan yetkazib berishning qisqarishi tufayli xalqaro parranda go‘shti narxi ham ko‘tarilgan.

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid