Jahon | 08:34 / 11.04.2022
30471
3 daqiqa o‘qiladi

Polsha Katin qatliomi bo‘yicha xalqaro sudga murojaat qilmoqchi

1940 yilning bahorida NKVD Smolensk yaqinida 22 mingga yaqin polyakni otib tashlagan. Polsha prezidenti Duda ishni xalqaro sudga topshirish niyatida, u aynan qaysi sud ekaniga aniqlik kiritmadi.

Foto: John Heinis

Polsha NKVD (SSSR Ichki ishlar xalq komissarligi - tah.) tomonidan Katin o‘rmonida polyaklarning ommaviy o‘ldirilishi bo‘yicha ishni xalqaro sudga topshirmoqchi. «Genotsidning da’vo muddati yo‘q», deya ma’lum qildi Polsha prezidenti Anjyey Duda 10 aprel, yakshanba kuni. Davlat rahbari «yaqin vaqt ichida» tegishli choralarni ko‘rish niyatida. U Polsha qaysi sudga murojaat qilmoqchi ekaniga aniqlik kiritmadi. 2012 yilda inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi Katin qirg‘inini urush jinoyati sifatida tasniflagan. 

Duda Rossiyaning Ukrainadagi harbiy harakatlari to‘g‘risida ham gapirgan. «Unutilgan urush jinoyatlari va insoniyatga qarshi jinoyatlar jinoyatchilar uchun jazosizlik hissini kuchaytiradi», dedi Polsha prezidenti. «Bu ularning vorislari va izdoshlariga yashil chiroq yoqishdek gap», deya qo‘shimcha qildi u. Dudaning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda bunga «Rossiyaning mustaqil va demokratik Ukrainaga nisbatan ayovsiz tajovuzi» misol bo‘la oladi. 

Polsha davlati rahbarining bayonoti sobiq prezident Lex Kachinski halok bo‘lganining 12 yilligida berildi. Bortida Polsha hukumati delegatsiyasi bo‘lgan Tu-154 samolyoti 2010 yil 10 aprel kuni «Smolensk-Severniy» aerodromiga qo‘nayotganda halokatga uchragan. 

Oqibatda bortdagi barcha 96 kishi, jumladan, davlat rahbari va uning rafiqasi, mamlakat oliy harbiy qo‘mondonligi vakillari, taniqli siyosatchilar, jamoat va din arboblari halok bo‘ldi. Ular NKVD tomonidan o‘ldirilgan Polsha zobitlarining xotirasiga bag‘ishlangan motam tadbirlariga kelayotgan bo‘lgan. 

1940 yil bahorida Polsha harbiy asirlarining birinchi guruhi Smolensk yaqinidagi Katin o‘rmoniga olib kelingan, keyinchalik ular NKVD tomonidan otib tashlangan. Umuman olganda, Katinda 22 mingga yaqin polyak o‘ldirilgan. Ular asosan 1939 yil sentabrda sovet ittifoqining Polshaga kirganidan keyin asirga olingan polshalik zobitlar bo‘lgan.

Taxminan yarim asr davomida Moskva qirg‘indagi o‘z ishtirokini inkor etib, qatliomda natsistlarning bosqinchi qo‘shinlarini ayblagan. 1990 yilga kelibgina SSSR prezidenti Mixail Gorbachev sovet ittifoqi maxfiy xizmati bunga mas’ul ekanini tan oldi.

Mavzuga oid