Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qarshi shahar hokimligi va kadastrlar palatasining 7 nafar mansabdor shaxslariga jinoyat ishi qo‘zg‘atildi
Ular bozor qiymati 156,4 milliard so‘m bo‘lgan 105 gektar yerni noqonuniy qaror bilan berib yuborgani aniqlangan.
Qashqadaryo viloyat prokuraturasi axborot xizmatining xabar berishicha, prokuratura tomonidan Qarshi shahar hokimligining yer ajratish haqidagi qarorlari bo‘yicha o‘rganish ishlari olib borilgan.
O‘rganishlar davomida Qarshi shahar hokimi amaldagi qonunlarga zid ravishda auksionsiz 318 ta holat bo‘yicha bozor bahosi 156,4 milliard so‘mlik 105 gektar yerga qaror chiqarib bergan.
Hozirda undan 90,1 milliard so‘mlik 58 gektar yer protest keltirilib qarorlar bekor qilingan va shahar hokimligi zaxirasiga qaytarib olingan. 1,2 gektar yer maydoni auksionga chiqarilgan. Qurilishlar amalga oshirilgan 56,4 milliard so‘mlik 27 gektar yer maydonlarini qaytarish uchun sudlarga 133 ta da’vo arizalari kiritilgan.
Yuqoridagi jarayonlarda qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan Qarshi shahar hokimligi, kadastrlar palatasi qurilish bo‘limining 7 nafar mansabdorlariga Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblov e’lon qilinib sudga yuborilgan.