Jahon | 08:43 / 14.04.2022
11360
2 daqiqa o‘qiladi

Xalqaro jinoiy sud bosh prokurori butun Ukrainani «jinoyat sodir bo‘lgan joy» deb atadi

Xalqaro jinoiy sud tergovchilari Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlarga oid dalillarni joyida tekshirishga kirishdi. Bosh prokurorning fikricha, butun mamlakat jinoyat joyiga aylangan.

Karim Xon / Foto: AFP

13 aprel, chorshanba kuni Ukrainadagi urush paytida sodir etilgan bo‘lishi mumkin bo‘lgan harbiy jinoyatlarni tergov qilayotgan Xalqaro jinoiy sud (XJS) tergovchilari vaziyat bilan voqea joyida tanishdi. XJS bosh prokurori Karim Xon Buchaga tashrifi chog‘ida butun Ukrainani «jinoyat joyi» deb atadi

«Biz shu yerdamiz. Bizda XJS yurisdiksiyasi ostidagi jinoyatlar bu yerda sodir etilmoqda, deb hisoblash uchun yetarli asoslar bor. Haqiqatga erishish uchun urush tumanini tarqatishimiz kerak», - deya Xonning so‘zlarini keltirgan sud matbuot xizmati Twitter’dagi sahifasida. 
 
Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YeXHT) oldingi hisobotida Rossiya qo‘shinlari Ukrainaga kirganidan so‘ng inson huquqlari poymol qilinganiga oid ko‘plab jiddiy dalillarga ishora qilingan. Boshqa narsalar qatorida, YeXHT ma’lumotlariga ko‘ra, qiynoqlar va shafqatsiz munosabatda bo‘lish, shuningdek, tinch aholini o‘ldirish va o‘g‘irlab ketishlar haqida «ishonchli dalillar» mavjud. 

Rossiya qo‘shinlari Buchani tark etgandan so‘ng, Kiyev viloyatining ushbu shahrida, mer Anatoliy Fedorukning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt yuz nafardan ortiq tinch aholining jasadi topilgan. 

AQSh prezidenti Jo Bayden, shuningdek, Kanada bosh vaziri Jastin Tryudo gap rossiyalik harbiylar tomonidan sodir etilgan genotsid haqida ketayotganini ma’lum qildi. 

Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid