O‘zbekiston | 08:04 / 17.04.2022
23191
2 daqiqa o‘qiladi

Bo‘stonliqdagi yer maydonini 3 mln dollarga sotishga uringan shaxslar ushlandi. Ulardan biri hokim yordamchisi

30 mln dollar investitsiya kiritish sharti bilan ajratilgan yer maydonini 3 mln dollarga sotishga uringan shaxslar kelishilgan pulning180 ming dollarini avans sifatida olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Foto: Prokuratura departamenti

Joriy yilning 15 aprel kuni Bosh prokuratura tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlar bilan hamkorlikda o‘tkazgan tezkor tadbirda Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi yordamchisi va 4 nafar tadbirkor Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi yer maydonini 3 million dollarga sotishga urinib, avans olgan vaqtida qo‘lga olindi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, Bo‘stonliq tumani hokimining tegishli qarori bilan «M.B.B.» mas’uliyati cheklangan jamiyatiga 30 mln. AQSh dollari miqdorida investitsion loyihani amalga oshirish sharti bilan maktabgacha ta’lim muassasasi va savdo-maishiy xizmat ko‘rsatish majmualari qurilishi uchun 40 gektar yer maydoni ajratilgan.

Biroq, MChJ mansabdor shaxslari bugungi kunga qadar ushbu yer maydonida qurilish ishlarini amalga oshirmasdan «Elmurod» ismli shaxs orqali 3 mln. AQSh dollariga sotayotganligi haqida tezkor ma’lumot olingan.

Tadbir davomida, 40 gektar yer maydoniga egalik huquqi bo‘lmagan to‘rt nafar tadbirkor hamda Mirzo Ulug‘bek tumani hokimi yordamchisi fuqaro D.A.ga 3 mln. AQSh dollari evaziga sotishga kelishib, oldindan 180 ming AQSh dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida ushlangan.

Mazkur holat yuzasidan Departamentining Toshkent viloyati boshqarmasi tomonidan 168 (Firibgarlik) va 28, 211 (Pora berish) moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda Toshkent viloyat prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq, Samarqandda 1 gektar yerni 430 ming dollarga, Bo‘stonliqda esa 5 gektar bo‘sh yer maydonining 1 mln dollarga sotishga uringan shaxslar qo‘lga olingani xabar qilingandi.  

Достон Аҳроров
Tayyorlagan Достон Аҳроров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid