10:06 / 10.04.2022
16076

Samarqandda 1 gektar yerni 430 ming dollarga sotishga uringan shaxslar qo‘lga olindi

Kadr: Telegram / «Xavfsizlik»

Davlat xavfsizlik xizmatining Samarqand viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalliy qurilish firmalaridan biriga 2022 yilning dekabr oyiga qadar ko‘p qavatli uylar qurishi uchun Samarqand shahri hududidan ajratilgan 1 gektar yer noqonuniy sotilishiga chek qo‘yildi.

Xususan, Samarqand shahrida yashovchi 4 nafar yakka tartibdagi tadbirkor o‘zganing ishonchiga kirib, ushbu yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berish evaziga talab qilingan 430 ming dollardan 250 ming dollarini avans sifatida olgan vaqtlarida ushlangan.

Nurobod tumanida kuzatilgan holatda esa mas’uliyati cheklangan jamiyat rahbari mazkur MChJ balansidagi lalmi yer maydonlaridan 10 gektarini xaridor nomiga o‘tkazib berish evaziga 250 ming dollar talab qilib, oldindan 100 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Samarqand tumanida yashovchi 30 yoshli fuqaro o‘zini go‘yoki Urgut tumanidagi mahalliy fermer xo‘jalik rahbari sifatida tanishtirib, xaridorga ushbu xo‘jalikning 1 gektar yer maydonini 50 ming dollarga sotgan vaqtida, shuningdek, Samarqand shahrida yashovchi 33 yoshli shaxs o‘zi ijara asosida foydalanayotgan Jomboy tumanidagi «Mirza-Pay» irrigatsiya tizimi boshqarmasiga qarashli 90 sotix yer maydonini 60 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 30 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Urganch shahrida yashovchi 37 yoshli fuqaro 2021 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasining Ellikqal’a tumanida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish maqsadida zamonaviy issiqxona tashkil etish uchun mahalliy mas’uliyati cheklangan jamiyatga ajratilgan 1,5 gektar yerni mazkur MChJ rahbari bilan kelishgan holda, xaridor nomiga rasmiylashtirib berish hamda bankdan 2 million dollar miqdorida kredit olishida yordam berish evaziga 90 ming dollar talab qilib, oldindan 80 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga olingan.

Kadr: Telegram / «Xavfsizlik»

DXXning Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Bosh prokuratura huzuridagi departamentining hududiy boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Rishton tumani hokimligi mutaxassisi tuman markazidagi 3 sotix bo‘sh yer maydonini mansabdor tanishlari orqali fuqaro nomiga rasmiylashtirib berish va u yerda savdo do‘koni qurishi uchun ruxsat olib berish evaziga 22 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Shuningdek, Farg‘ona tumani hududidan intensiv uzumchilik yo‘nalishida foydalanish uchun ijara asosida berilgan 1 gektar yer maydonini 15 ming dollarga sotishga uringan fermer xo‘jalik rahbari ham qo‘lga olingan.

Jizzax viloyatining Zarbdor tumanida qayd etilgan holatda esa g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari xaridorga mazkur xo‘jalikning 20 gektar yer maydonini 230 million so‘mga sotishga kelishib, oldindan 100 million so‘m olgan vaqtida Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari tomonidan ushlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Top