O‘zbekiston | 20:26 / 21.04.2022
62496
5 daqiqa o‘qiladi

Siyosiy tahlilchi – Falastin-Isroil mojarolari, ehtimoliy ssenariylar haqida

Hozirgi kunda Falastin muammosining yechimi 1948 yildagiga nisbatan birmuncha muammolidek ko‘rinmoqda.

15 aprel, juma kuni Isroil politsiyasi Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida yana bir bor falastinliklarga hujum qildi va notinchliklar hamon barham topgani yo‘q.

Mana 70 yildirki, o‘n minglab insonlarning qurbon bo‘lishiga olib kelgan bu nizo goh susayib, goh avj oladi, ammo hech qachon butkul to‘xtamaydi.

AQSh, Rossiya, BMT har doimgidek tashvish bildiradi, maslahatlashuvlar o‘tkazadi, ammo Isroil va Falastin o‘rtasidagi mojaroga barham berilmaydi.

Kun.uz muxbiri Falastin-Isroil urushi atrofidagi savollar bilan siyosiy fanlar doktori, professor Muhammadolim Muhammadsiddiqovga yuzlandi.

— Muhammadolim aka, ikki xalq nega bir-birini bunchalik yomon ko‘radi? Nima uchun butun dunyo bu nizoning barchani qanoatlantiradigan yechimini topolmaydi? Nega bu ikki xalq maydoni 25 ming kvadrat kilometr bo‘lgan, quyosh nuridan jizg‘anak yerni talashib kelmoqda? Masala faqat diniymi yo boshqa sabablar ham bormi?

— Bu chindan ham bugungi kunning eng muhim va hassos masalalaridan biri.

Qur’oni karimdagi «Isro» surasida keltirilishicha, payg‘ambarimiz alayhissalom Yaratganning irodasi va farishta Jabroil (a..s.)ning ko‘magida bir kechada Makkadan Quddusga borib, Al-Aqsoni ziyorat qiladilar. Keyin Buroq otida yetti qat falakka ko‘tariladi. Jannat va do‘zax manzaralari, u yerda hayoti dunyoda qilgan amallari uchun jazo yoki mukofotga sazovor bo‘lgan bandalarning ahvoli bilan tanishadilar.

Alloh taolo mana shu kechada bandalariga namozni farz qiladi. Shundan kelib chiqqan holda musulmon olamida bu masjidning muqaddasligiga alohida urg‘u beriladi.

Ikkinchidan, payg‘ambarimiz alayhissalomning yana bir hadisi borki, unga ko‘ra, uchta – Masjidul Harom, Masjidul Nabaviy va Masjidul Aqsoga niyat qilib boriladi. Bu masjidlarda o‘qilgan namozlar savobi bo‘yicha ham turli ma’lumotlar bor.

Uchinchidan, payg‘ambarimiz alayhissalomga ilk oyatlar nozil bo‘lganda, namozni hozirgi Al-Aqsoga – Quddusga qarab o‘qish buyuriladi.

Musulmonlar uchun Al-Aqsoning muqaddasligi shundan.

O‘z o‘rnida yaxudiylar uchun ham bu masjidning ahamiyati bor. Bu borada «Tavrot» va «Injil»da turli hikoyatlar keladi. Unga ko‘ra, Ishoq (musulmonlarda Ismoil) alayhissalom qurbonlik qilinmoqchi bo‘lganda, qo‘zichoqni qurbonlik qilishga belgi berilishi voqeasi aynan o‘sha Quddusda ro‘y bergan.

Qolaversa, Dovud alayhissalom aynan mana shu yerda davlatni boshqargan. Shuningdek, yahudiy ta’limotiga ko‘ra, Sulaymon alayhissalom davrida ilk masjidlardan biri qurilgan.

Ko‘rinib turibdiki, ikkala din vakillari – musulmonlar va yahudiylar uchun ham bu manzilning muqaddasligi bo‘yicha dalillar bor.

— Savol tug‘iladi, Isroil – Falastin mojarosi olovi nega hozir – Rossiya – Ukraina o‘rtasidagi urush davom etayotgan bir paytda qayta yondi. Bu borada qandaydir bog‘liqlik bor deb o‘ylaysizmi?

— Albatta, bunday fikrlar ham yo‘q emas. Bugun chindan ham Rossiya – Ukraina o‘rtasidagi urush fonida dunyoning turli burchaklarida muzlab turgan urushlar qayta alangalandi. Xitoy va Tayvan, Ozarboyjon-Armaniston yoki Afg‘onistondagi vaziyat shular jumlasidan.

Ammo men Isroil-Falastin mojarosi jonlanganini Ukraina voqealariga bog‘lamagan bo‘lardim. Chunki bu urush ancha vaqtdan beri davom etyapti va muborak Ramazon oylarida uning qaytalanishi odat tusiga ham kirib qolgan.

Qolaversa, tarixdagi eng katta Arab-Isroil urushi ham Ramazonning o‘ninchi kuni, 6 oktyabrga to‘g‘ri kelgan.

Bu urushning hatto Ramazon oyi bilan bog‘liqligiga ham unchalik ishonmayman.

Intervyuni yuqoridagi havola orqali tomosha qilishingiz mumkin.

Unda jumladan, siyosiy tahlilchi ikki davlat mojarolari rivoji, urushda g‘arbning manfaatlari va bu mojarolarni hal etolmayotgan BMT borasida fikrlarini bildirgan.

Ilyos Safarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Abduqodir To‘lqinov

Mavzuga oid