Öziga nisbatan aqlliroq örinbosar tanlagan uç boşliqni sanab bera olasizmi? Qiyin-a? Endi, örinbosari özidan kuçli bölmagan boşliqlar kutilmaganda lavozimni tark etsa, uning kursisini kim egallaşini ayting-çi? Töppa-töğri, birinçi örinbosari!
Agar boşliqlarning mana şu tarzda almaşişi kuzatilaversa, yillar ötib barça taşkilot, korxona va idoralarda dumbul rahbarlar kursida ötirgan böladi.
Xöş, bu jarayon nega seleksiya deyilyapti va nega u teskari? Gap şundaki, kadr tayinlaş ham öziga xos, xuddi nihol yetiştiriş va parvarişlaşdek gap.
Tasavvur qiling: oldingizda pişib yetilgan buğdoy boşoği turibdi. Uni sitib, eng mağzi töq, sara donlarini bir tomonga, puçuq va qiyşaygan sifatsiz donlarini bir tomonga ajrating. Keyin öşa sifatsiz donlarni eking. Undan unib çiqqan boşoqni ham xuddi şu tarzda ajrating. Törtinçi urinişda ekkan buğdoyingiz unib çiqmaydi. Nabobot olamidagi teskari seleksiya mana şu böladi.

Jamiyatdagi teskari seleksiya — past tabaqadagi iyerarxiyani kuçsizlantirişga, aqliy va axloqiy jihatdan rivojlanmagan minglab insonlar boşqaruv lavozimlarida bölişini ta’minlaşga qaratilgan, kadrlarga oid, irqiy, axloqiy-ma’rifiy, ma’naviy, diniy, madaniy, moliyaviy, harbiy, ijtimoiy-maişiy siyosat.
Aytaylik, bir davlatda önlab yillar davomida teskari seleksiya amalda böladi — norasolik kompleksiga ega, şaxsiyati sindirilgan bölsa-da, hokimiyatga intiluvçi, hissiy madaniyati yöqotilgan, mental va axloqiy muvozanati buzilgan insonlar yuqori lavozimlarga joylaşib qoladi. Köpçilik tadqiqotçilar, jurnalistlar bugungi kunda Rossiya Federatsiyasida şu jarayon oqibatlari kuzatilayotganini yozişmoqda.
Teskari seleksiya qanday işlaydi?
Qandaydir lavozim uçun nomzod tanlay turib, birinçi navbatda uning professional sifatiga e’tibor qaratiş mantiqli. Haydovçi — avtoni yaxşi boşqarişi, oşpaz — ovqatni şirin tayyorlaşi, menejyer — samarali boşqarib, oldiga qöyilgan maqsadlarga erişişi kerak.
Lekin har doim ham insonlarning özaro munosabati şunday mantiq bilan tuşuntirilmas ekan. Köpinça inson mantiqli bölmagan va intuitsiyaga zid xatti-harakatlarga qöl uradi.
Masalan, bir davlat taşkilotining bölim boşliği öziga örinbosar tanlay turib, uning bilimi, qobiliyati va omilkorligi darajasini emas, uning özi uçun qay darajada xavfliligini baholaydi: payt poylab pand bermasmikan, örnimni egallab olmasmikan deb. Çunki u özi uçun asosiy maqsad taşkilot ravnaq topişi va rivojlanişi emas, özining farovonligi va issiq örni, degan töxtamga keladi.

Şunday qilib, spiral böyiça rivojlanib boruvçi «teskari seleksiya» yoki notabiiy tanlaş yuzaga keladi.
Imkon qadar şu prinsip böyiça tanlangan örinbosar ham xuddi şu tarzda qöl ostiga xodimlar töplaydi. U ham öziga raqobatçi bölişi mumkin bölgan, aqlli va faol xodimlarga örin qoldirmaydi. Şu sababli u boşqa diviziondan örtaça, ambitsiyalarsiz odamlarni qöl ostiga yiğa boşlaydi.
Bu dargohda professionallar sekin-asta kollektiv nazaridan qola boşlaydi va korxonani tark etadi. Agar bu jarayon öz vaqtida töxtatilmasa, butun tuzilma boşdan oyoq noqobil, bilimsiz insonlar bilan töladi.
Notabiiy tanlov nafaqat davlat taşkiloti, balki xususiy korporatsiyalarda ham röy berişi mumkin, deya hikoya qilgan rus jurnalisti Maksim Kats öz çiqişida.
Bunda top-menejment issiq örnini yöqotgisi kelmay, noprofessional, ammo sadoqatli va qat’iyatsiz xodimlarni tanlab oladi. Kompaniyalarda tiyib turuvçi omil aksiyadorlar böladi: ular moliyaviy körsatkiçlar yomonlaşuviga öz vaqtida reaksiya bildirib, bunday direktorlar kengaşini almaştiriş kerak degan xulosaga kelişadi.
Davlat apparatida esa köplab rahbarlar (ularning ortidan past poğonadagi mulozimlar ham) hokimiyat qöliga jamlangan şaroitda ataylab «teskari seleksiya» ötkazişgan. Boş maqsad — past tabaqadagi iyerarxiyani kuçsizlantiriş. Bu holda mulozimlar bir öq bilan ikki quyonni urişni maqsad qilişgan: qöl ostidagi behafsala tobelariga nisbatan yutuqliroq vaziyatda böliş, şuningdek, oftob ostidagi joy uçun ehtimolli raqobatçilarni yöqotiş (yo kamaytiriş).
Endi terminlarni olimlar qanday ta’riflaganiga qisqaça töxtalamiz.
Norasolik kompleksi
Zigmund Freydga köra, hukmronlik qiliş istagi — atrofdagi olam oldida zaiflik va qörquv hissidan kelib çiqadigan nevrotik kasallikning bir turi. Avstriyalik ruhiy tahlilçining yozişiça, hokimiyat qölida bölgan insonga qurbon kerak. U bu qurbonni öz qöl ostidagilar siymosida köradi, ular bilan sadomazoxistik juftlik hosil qilişga intiladi.
Alfred Adlerning ta’kidlaşiça, hokimiyatga intiliş harakati asosida «norasolik kompleksi» kabi patologik hodisa yotadi.

Inson ruhiyati jarohatlovçi tajriba, masalan, doimiy xörlanişlardan xalos bölaturib, haddan ziyod kompensatsiya mexanizmini işga tuşiradi va u boşqalar ustidan hukmronlik qilişdek miyaga qattiq örnaşib qolgan istak bilan ifodalanadi. Biroq Adlerga köra, insonning bunday intilişi doim ham qanoatlantirilmaydi va hokimiyatga erişgan inson özining barça komplekslarini atrofdagilarga proyeksiya qiladi hamda yangidan yangi muammolar yaratadi.
Yana bir klassik Erix Frommga köra, «psixologik tomondan hokimiyat istagi zamirida kuç emas, kuçsizlik mujassam. Kuçsizlik şaxsiyatning bir özi muammolarga qarşi turib bera olmasligi, öz kuçiga tayanib yaşay olişda uquvi yöqligini körsatadi».
«Tabiiy tanlaş»
Biologiyada qöllanadigan Darvinning «tabiiy tanlaş» nazariyasi jamiyatning ijtimoiy tizimi modelini juda muvaffaqiyatli xarakterlaydi. Qattiq raqobat şaroitidagi boş vazifa — yaşab qoliş. Ayrim hollarda nima qilib bölsa ham yaşab qoliş. Bu holatda individlarning yangi şaroitlarga moslaşişida xalaqit beruvçi axloqiy jihatlar ikkinçi planga ötadi yoki köpinça şunçaki qoldiqqa aylanadi.
«Teskari seleksiya» atamasini ilk marta qöllagan sotsiolog Pitirim Sorokin hokimiyatga intilayotgan insonlar şaxsiyatidagi keskin özgarişni «hissiy madaniyat» yöqotilişi bilan boğlaydi.

Uning fikriça, «huzur-halovatga bölgan talab mental va axloqiy muvozanatni şu qadar buzadiki, aksariyat insonlarning fahmi va asab tizimi ulkan kuçlanişga doş bera olmaydi».
Faqat qat’iy işonç-e’tiqod va axloqiy prinsiplarga ega bölib bunday degradatsiyaga qarşi turiş mumkin. Biroq insonda axloqiy ölçov bölmasa, huquqlar va me’yorlar haqidagi tuşunçaning özi yöq bölsa, uni boşqalar manfaatlarini poymol qilişdan nima tösib qolişi mumkin? «Istak va köngilning sust ketişidan boşqa heç narsa», – deya ta’kidlaydi Sorokin.
«Millat vijdonlari» deb atab bölmaydigan bunday odamlar nega hokimiyat tepasiga kelib qoladi, degan savolga javob beriş uçun tarixga murojaat qiliş kerak.
Tarixdan misol
XX asrda rus xalqining genetik öziga xosligi va köp qirraliligi keng miqyosdagi teskari seleksiyaga duçor böldi.
Rossiyada teskari seleksiya bilan boğliq işlar XX asr boşida Romanovlar şajarasi tomonidan ğarb elitasining huquq va manfaatlari tan olinişidan boşlangan. Jarayonni uluğ vatan uruşi yakunlab bergan. Öşanda gen taşuvçilarning köpi ölib ketgan, ularning örniga davr mahsulotlari qolgan. Oktyabr inqilobi çoğida yuqori hokimiyat eşelonlariga sovet hokimiyati uçun kuraş bahonasi ostida teskari seleksiyaning ilk nişonalari kirib kelgan.
1980-yillar boşida uning dastlabki gullari közga taşlana boşlandi, mevalari keyinroq pişib yetildi. Bugungi kunga kelib, Rossiyada uning oqibatlariga guvoh bölib turibmiz.
«Ilgakka ildiriş»
Teskari seleksiya işlaşining yana bir prinsipi «Ilgakka ildiriş» deb ataladi. Zamonaviy sotsiologlar «teskari seleksiya» fenomenini örgana turib, bu faqat şunçaki degradatsiya bölibgina qolmasdan, öz vaqtida maxsus xizmatlar tomonidan muvaffaqiyatli sinalgan, sun’iy yuritilayotgan kadrlar siyosati, degan töxtamga ham kelişgan.
Maxsus xizmatlar amaliyotida «ilingan» insonga kompromat körsatiladi, söngra uni boşqariş uslublari ham öz-özidan paydo böladi.
Siyosatda esa agent örnini korrupsiyalaşgan amaldor yoki kriminal ötmişga ega odam egallaydi. Unga nisbatan kompromat mavjudligi, öşa şaxsni oson boşqariladigan va e’tirozsiz quloq soladigan odamga aylantiradi. Bunday rahbarning axloqiy va professional sifatlari haqida söz oçiş mumkinmi? Bu nuqtayi nazardan, turli «rangli» inqiloblar, bosqin, taşqi boşqaruv va saroy töntarişlari natijasida hokimiyat tepasiga kelgan qöğirçoq (marionetka) hukumatlar yanada yaqqol misol böla oladi.

Hokimiyatga erişgan odam nafaqat öz manfaatlari egasi, şuningdek uni ilgari surgan tizim garovida uşlab turilgan inson hamdir.
Pitirim Sorokinning fikriça, «ötkir ijtimoiy evrilişlar davrida eng zörlar vaziyatga moslaşuvçan bölişolmaydi, aksinça, örtaçalar — idrok qilib pok niyatlarga ega bölganlar emas, instinktiv motivlar bilan omma içiga singib ketgan insonlar vaziyatga moslaşişadi».
Bunday şart-şaroitlar diktator vujudga kelişi uçun ayni muddao böladi. Diktator esa axloqiy prinsiplardan voz keçiş va siyosiy mağlubiyat tanlovi oldida qolsa, doimo birinçisini tanlaydi.
Hokimiyatga taşnalik
Iqtisodiyot böyiça Nobel mukofoti laureati Fridrix Hayyekning fikriça, har qanday totalitar tizimning boş şiori — «maqsad vositani oqlaydi». U agar diktator ularga amal qilsa, muvaffaqiyatli faoliyat olib borişi mumkin bölgan uçta mezonni ajratib körsatgan:

1. Xalq qançalik öqimişli va ziyoli bölsa undan yakdillik va hamjihatlik kutiş şu qadar qiyin. Binobarin, diktator aholining axloqiy va intellektual darajasi past bölgan qatlamidan qöllov axtarişi kerak, şuningdek, primitiv instinktlar va ta’blarni imkon qadar keng ommaga singdirmoği kerak.
2. Qöllab-quvvatlaşni osongina işonuvçi va quloq tutuvçi insonlar – har qanday qadriyatlar tizimini qabul qiluvçilar orasidan axtariş kerak. Öz nuqtayi nazarini tez-tez va balandroq e’lon qilib turiş lozim.
3. Insonlarni ijobiy emas, salbiy dastur asosida birlaştiriş oson. Şu sababli doim inson tabiatiga murojaat qilib turiş zarur.
Qobil yoki sadoqatli?
Personalistik avtokratiyalarning iç-içidan yemiruvçi bazaviy qusuri — bu kompetensiya (qobiliyat va omilkorlik)ning loyallik (sadoqat)ga almaştirilişidir. Bu qusur doim iş beradigan va fundamental ildizlarga ega.
Demokratik saylangan prezidentni olaylik. U mandatga ega, demokratik saylangan, saylov jarayoniga nisbatan heç qanday savollar yöq prezident bölsa, kursini şaffof, halol va legitim, butun jamiyat tan oladigan jarayon orqali egallagan bölsa — unga moliya vaziri, mudofaa vaziri, hattoki öz ma’muriyati rahbari bilan şaxsiy munosabatlarning mutlaqo qiziği yöq.
Töğri, garçi buni tasavvur qiliş ham biroz qiyin bölsa-da, bunday vaziyatda örtada doimiy özaro xuş körmaslik kayfiyati albatta mavjud böladi. Lekin bu örinda qöl ostidagi amaldorlar sodiqligiga aslo hojat yöq. Çunki u lavozimni yozilmagan murakkab kelişuvlarga köra emas, qonuniy egallagan.
Bu holatda birinçidan, bilimli va munosib xodimlarni yollaş imkoniyati vujudga keladi, ikkinçidan, boşqaruv riçaglarning barça töplami qölda böladi. Masalan, biror işni barbod qilgan xodimni ikkilanmasdan işdan böşata oliş mumkin.
Oliy davlat mansablarini egallagan odamlarda şunga yaraşa çoğlaniş (motivatsiya) paydo böladi. Agar ular yomon işlasa, boz ustiga, qonunni buzsa, eng kamida işdan böşatiladi yo ularga nisbatan jinoiy iş oçilib, qamalişi ham mumkin.
Endi Rossiyadagi vaziyatni olaylik.
Boşqaruvi juda mört huquqiy asoslarga tayangan, öz yon-atrofidagilarning töliq vafodorligiga işonuvçi avtokrat esa doim «teskari seleksiya» qopqoni çangalida böladi. Lavozimlarga mutlaqo nomunosib odamlar ötiradi. Ularda motivatsiya ham buzuq körinişda böladi. Çunki ularning tizimdagi örni ular erişayotgan yutuqlar emas, ularning sodiqligi bilan baholanadi. Xatolar, barbod bölgan topşiriqlar, hattoki jinoyatlar... muammo emas. Yagona va haqiqiy jinoyat bu – xoinlik.

Bunday holat avtokrat va uning boşqaruv apparati örtasidagi boğliqlikning nuqsonli muhitini yaratadi. Bir tomondan, davlat apparati xodimlari butunligiça öz «şefi»ga boğliq. Barça boşliqdan u yoki bu masalada qarzdor, usiz ular heç kim bölmasdi. Boşqa tarafdan, atrofiga amaldorlarni sadoqatiga qarab töplab olgan avtokrat endi ulardan omilkorlikni talab qila olmaydi. Qöpol qilib aytganda, ulardan yaxşi işlaşni talab qilib, yomon işlagani uçun jazolay olmaydi.
Davlat ma’muriyati mana şu tarzda teskari seleksiya tahdidiga duçor bölişi mumkin. Bu tahdidni demokratik mexanizmlar: halol saylovlar, mustaqil OAV, mustaqil sudlar töxtatişi kerak.
Agar saylangan rayon yo oblast rahbari öziga iste’dodsiz xodimlarni yordamçi qilib olsa, u işni eplolmayotganini barça körib turadi. Natijada, u kelgusi saylovlarda yutqazadi yoki noroziliklar fonida iste’foga çiqadi. Rahbar ofisi korrupsionerlar uyasiga aylangan bölsa, qamoqxonaga ravona bölişiyam mumkin.
Biroq demokratik mexanizmlar sindirilgan va işlamaydigan bölsa, teskari seleksiya kadrlar siyosati asosiga aylanadi. Har qanday yorqin şaxs rahbar farovonligiga tahdid solişi mumkin bölgan raqobatçi sifatida köriladi.
Birinçi planga rangsiz, heç narsaga da’vo qilmaydigan insonlar kötariladi. Bunga 2008 yilda Dmitriy Medvedevning Rossiya prezidenti etib saylanganini yaqqol misol qiliş mumkin.
Uruş davrida teskari seleksiya qanday işlaydi?
Uruş davrida bu mexanizm işlaşda davom etibgina qolmasdan, davlatning barça qusurlari singari u eng xatarli körinişda amalga oşiriladi.
Bu yerda gap qöşaloq buxgalteriya effekti haqida bormoqda. Masalan, Ukrainadagi uruşda RF qöşinlari mağlubiyatga uçrayotgan bölsa ham, Putin xato va kamçiliklarga yöl qöygan mansabdorlarga çora köra olmaydi, ularni işdan ololmaydi. Qaytaga, frontda hamma işlar joyida ekanini doimo ta’kidlaşga majbur böladi.
Xalq oldida köriniş beradigan barça mansabdorlar ham juda yaxşi bilişadiki, har qanday xato ularni jazoga mubtalo qila olmaydi. Çunki bu xatolar ularniki emas, boşliqniki. Boşliq esa toki mansabdorlari unga sodiq ekan, heç qaçon xatoni tan olmaydi.
Ular har qança bilimsiz böliş, harçand ahmoqona qaror qabul qilişlari mumkin, ular uçun jazo va mas’uliyat bölmaydi. Bu holatda motivatsiya qay darajada buzuqligini anglab yetiş uçun boşqaruv sohasini tuşunişga ham hojat yöq.
Kimlardir mansab kursisida faqat sodiqligi uçun ötiribdi, boşliq esa heç qaçon omma oldida uning vazifasiga nomunosibligi haqida gap oçmaydi. Ya’ni kadrlarni jazolaş bilan boğliq qat’iy qarorlarga kelmaydi, çunki bu özining ham xatosini bildiradi.

Bunday boşqaruv muhiti har qanday boşqaruv apparatini iç-içidan yemiradi va çiritadi. Hattoki boşida bilimli va munosib bölgan odamlar yolğon motivatsiya muhitida munosib bölişdan voz keçişadi. Bunday çiriş jarayoni tezda röy bermaydi, albatta. Lekin bilim va qobiliyat baholanmaydigan, xatolar jazolanmaydigan, hamma narsa sodiqlik atrofida aylanadigan yopiq muhit öz aççiq «meva»larini bermay qolmaydi.
Şuhrat Şokirjonov tayyorladi.










