17:13 / 26.04.2022
9183

10ta hudud rahbarlarining turizm bo‘yicha o‘rinbosarlariga 3 oy sinov muddati belgilandi

Shavkat Mirziyoyev Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryoda mehmonxona o‘rinlari talabga nisbatan ancha kamligini tanqid qildi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Prezident raisligida turizm xizmatlari ko‘lamini kengaytirish va infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi boshlandi.

Dunyoda pandemiya cheklovlari yumshayotgani natijasida turizm industriyasi tiklanishni boshlayotgani qayd etildi.  

Joriy yil birinchi choragida O‘zbekistonga xorijdan 610 ming nafar yoki o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,5 baravar ko‘p turistlar keldi. May oyida hamkor davlatlardan sayyohlarning 20 foizi mamlakatga kelishi kutilmoqda (ilgari bu raqam 2-3 foiz bo‘lgan).

«Lekin, har bir hokim hududimda tarixiy obidalar yoki manzarali joylar ko‘p, deb xotirjamlikka berilmasligi kerak.

Mehmonxona, muzey, transport va yo‘llar, servis, ovqatlanish joylari kelayotgan turistlarni qabul qilishga tayyormi? Buning uchun qaysi hokim tayyorgarlik qildi?» deya savol qo‘ydi davlat rahbari.

Prezident mamlakat turizm salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarishga to‘sqinlik qilayotgan kamchiliklarni sanab o‘tdi.

Misol uchun, Qoraqalpog‘iston, Andijon, Qashqadaryoda mavjud mehmonxona o‘rinlari talabga nisbatan ancha kamligi qayd etildi.

So‘nggi yillarda Mo‘ynoq, Nukus, Shahrisabz, Marg‘ilon, Qo‘qon, Rishton kabi yangi yo‘nalishlar ochildi. Lekin Navoiy, Jizzax, Surxondaryo, Qashqadaryo va Toshkent viloyatlari hali bor imkoniyatlardan foydalanayotgani yo‘q. Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Toshkent viloyati va Toshkent shahridan boshqa hududlarda yoshlarga mos turistik xizmatlar juda kam.

«Oilaviy» va «barchasi ichida» xizmatlarini joriy qilish ishlari sust. Cho‘milish havzasi 1,2 mingdan ziyod mehmonxonaning faqat 30 foizida bor.

Hududlardagi 206 ta termal va mineral suvli buloqlarning bugungi kunda 18 tasidan foydalanilmoqda.

Misol uchun, Qamchiq dovonida (Ohangaron tumani) 2,5-3 ming metr balandlikda joylashgan Arashan ko‘llar tizimidagi suv harorati qishin-yozin 36 daraja issiqlikda bo‘lib, xorijiy kurortlardan qolishmaydi.

Yoki, Chimboy, Qorao‘zak va Taxtako‘pirda ham yer ostidan 40-70 daraja issiqlikda chiqadigan termal buloqlar hududida sanatoriy-kurortlar tashkil qilish uchun barcha imkoniyatlar mavjud bo‘lsa-da, tegishli hududlar hokimlari tashabbus ko‘rsatmayotgani tanqid qilindi.

Yig‘ilishda mamlakatda mavjud 122 ta muzey salohiyatidan foydalanilmayotgani ta’kidlandi.

Muzeylarda 2,5 milliondan ortiq ashyo saqlanib, 112 mingtasi nafaqat mamlakat, balki jahon miqyosida noyob hisoblanadi.

«Lekin qaysi hokim muzeylar muammosi bilan shug‘ullandi, degan savolga ijobiy javob yo‘q.

Misol uchun, Savitskiy, Termiz arxeologiya, O‘zbekiston davlat san’at muzeylariga butun dunyodan odamlar keladi, lekin aholimizning bu madaniyat maskanlariga borishi tizimli tashkil etilmayapti.

Shu bois bugun Abduhakimovga yangi o‘rinbosarlar – Baxtiyor Ibragimov, Nusratilla Zikrillayev, Botir Shaxriyorovni tayinladim.

Har bir viloyat hokimiga ham turizm bo‘yicha o‘rinbosarlar berilgan. Bunday imkoniyat qachon bo‘lgan?

Bu borada Qoraqalpog‘iston, Andijon, Buxoro, Farg‘onada turizm bo‘yicha o‘rinbosarlar yaxshi ishlayapti. Qolgan hudud mas’ullari hali «uyg‘ongani» yo‘q», dedi prezident.

Shu 4 ta hududdan tashqari barcha viloyat hokimlarining turizm bo‘yicha o‘rinbosarlariga 3 oy sinov muddati belgilash, yakuni bo‘yicha lavozimga loyiqligini ko‘rib chiqish topshirildi.

Top