AQSh Rossiyadan neft va gaz sotib olishni to‘xtatgan bir vaqtda Yevropa ittifoqi bu ishni qila olmayapti. Neft embargosi bo‘yicha shu haftada bir qarorga kelishlari kutilmoqda, ammo gaz borasida bunday deb bo‘lmaydi. Nega Yevropa Rossiya gazidan voz kecha olmayapti? Buni xohlamaydimi yoki qila olmaydimi? BBC siyosiy maydonda ayni damdagi eng muhim mavzulardan birini tahlil qildi.

Foto: AFP

Bir narsani unutmaslik kerakki, AQSh Rossiya gazidan Yevropaga qaraganda osonroq voz kecha oldi. Chunki AQSh dunyoda eng ko‘p neft va gaz qazib oluvchi davlat hisoblanadi. Rossiya gazi va nefti urushgacha AQSh iste’molining 8 foizini tashkil etgan. Yevropa esa sobiq ittifoq davridan buyon Rossiya gaziga bog‘lanib qolgan. Ko‘hna qit’a gaz iste’molining 40 foizi, neft iste’molining 30 foizini Rossiyadan import tashkil etadi.

Faqatgina urush davom etayotgan davrda Yevropa ittifoqi davlatlari Rossiya gazi va nefti uchun 46,5 milliard yevrodan ortiq pul to‘ladi. Aynan mana shu pullar Rossiyaga G‘arb sanksiyalariga dosh berishga yordam bermoqda. Rossiya budjetining yarmi aynan neft va gaz savdosidan to‘ldiriladi. Rossiya eksport qilinayotgan gazning 70 foizini, neftning esa 60 foizini Yevropaga sotadi.

Aynan shu sabab Yevropaning rus neft va gaziga embargo (taqiq) qo‘yishi urush davrida Rossiyaga qarshi qo‘llangan eng keskin iqtisodiy chora bo‘ladi. Bunday taqiq kiritilishi urush borishiga bog‘liq ekani aytilmoqda. Yevropa ittifoqi davlatlari allaqachon Rossiyadan ko‘mir sotib olmaslikka kelishib oldi. Yil oxirida esa Rossiyadan gaz sotib olish hajmini uchdan ikki qismga kamaytirmoqchi.

Yevropa ittifoqi o‘tgan yildayoq «Gazprom»siz kelajak rejasi haqida bosh qotirishni boshlagandi. Ammo o‘shanda Rossiya gazidan voz kechishning asosiy sababi global isish edi. Hozir esa Kreml Ukrainaga urush ochgani sabab bu jarayon haqida ko‘proq o‘ylashmoqda. Global isish muammosi urush bilan qorishib dahshatli ko‘rinishga keldi hamki, Yevropa ittifoqidagi 27 davlatning ba’zilari Rossiya gazidan voz kecha olmayapti. Sanksiya qo‘llash uchun esa hamma bir xil ovoz berishi talab qilinadi.

Yevropa ittifoqi shu hafta Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketini joriy qilishi kutilmoqda. Unda rus gazi importi haqida band bo‘lishi qiyin masala, ammo neft embargosi e’lon qilinishi mumkin. Ko‘mir embargosi kabi neft embargosi ham yoppasiga va tezda qo‘llanmaydi. Hozircha xarid miqdorini asta-sekin kamaytirish, qo‘shimcha bojlar joriy qilish va tanker flotiga qarshi sanksiyalar kiritish kabi choralar haqida o‘ylashmoqda.