Jahon | 11:07 / 17.11.2025
2006
3 daqiqa o‘qiladi

Tramp yana Rossiyaning savdo hamkorlariga sanksiyalar bilan tahdid qildi

AQSh Kongressida Rossiya bilan savdo qilayotgan davlatlarga qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi qonun loyihasi ustida ish olib borilmoqda, deb ma’lum qildi AQSh prezidenti Donald Tramp.

Foto: Andrew Harnik/Getty Images

AQSh Respublikachilar partiyasi a’zolari Ukrainaga qarshi Rossiyaning to‘liq miqyosli hujumi davom etayotgan bir paytda u bilan biznes aloqalarini saqlab qolayotgan istalgan davlatga nisbatan sanksiya joriy etish imkonini beruvchi qonun loyihasini ishlab chiqmoqda. Bu haqda 16 noyabr kuni Floridada prezident samolyoti yaqinida OAV bilan suhbat chog‘ida AQSh prezidenti Donald Tramp ma’lum qildi.

Suhbat davomida jurnalistlardan biri undan AQSh Kongressi Ukrainadagi urushiga chek qo‘yish maqsadida Rossiya va Rossiya prezidenti Vladimir Putinga bosimni kuchaytirish yo‘lida "harakatni faollashtirish vaqti kelmadimi" degan savolni berdi. "Eshitishimcha, ular bu borada ishlayapti va bu menga ma’qul. Respublikachilar juda kuchli qonun loyihasini ilgari surmoqda, u Rossiya bilan ishlarini davom ettirayotgan har qanday davlatga nisbatan u yoki bu turdagi sanksiyalarni joriy etishni nazarda tutadi", — deya javob berdi Tramp.

AQSh prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bunday davlatlar ro‘yxatiga Eron ham kiritilishi mumkin.

Aprel oyida senatorlar Lindsi Grem va Richard Blyumental Rossiyadan neft, gaz, uran va boshqa tovarlarni sotib olib, shu bilan birga Ukrainaga Rossiya hujumiga qarshi kurashda yordam ko‘rsatmayotgan davlatlarga nisbatan 500 foizgacha miqdorda boj to‘lovlarini joriy etishga chaqirgan edi.

"Hozir Hindiston va Xitoy Putin neftining 70 foizini sotib olyapti, shu orqali uning harbiy mashinasi ishlab turibdi. Mening qonun loyihamni 84 nafar senator qo‘llab-quvvatlayapti. U prezidentga Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlarga nisbatan shunday sanksiyalarni joriy etish imkonini beradi, shu yo‘l bilan ularni Putinning harbiy mashinasini moliyalashtirishni to‘xtatishga va muzokaralar stoliga o‘tirishga majburlash mumkin", — deb tushuntirgan edi o‘z tashabbusi mazmun-mohiyatini Grem.

Grem iyun oyi oxirida AQSh prezidenti uning tashabbusini qo‘llab-quvvatlayotganini aytgandi. Biroq oradan ko‘p o‘tmay, Tramp 500 foizlik bojlar joriy etish g‘oyasini "biroz ma’nosiz" deb atadi, chunki bunday usul "ma’lum bir chegaradan keyin qiymatini yo‘qotadi". "100 foizlik boj ham xuddi shu vazifani bajara oladi", — degan edi AQSh prezidenti iyul oyida Oq uyda NATO bosh kotibi Mark Ryutte bilan uchrashuv chog‘ida.

Iyul oyi oxirida AQSh Rossiya neftini sotib olishni davom ettirayotgani sababli Hindistondan kelayotgan tovarlarga nisbatan boj to‘lovlarini 25 foizga oshirish haqida qaror qabul qildi.

Mavzuga oid