O‘zbekiston | 09:05 / 29.04.2022
9713
3 daqiqa o‘qiladi

Qurilish sohasidagi barcha loyihalar iqlim ekspertizasidan majburiy o‘tkaziladi

Foto: Kun.uz

Prezidentning “O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishi bo‘yicha strategiyasini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.

Quyidagilar tasdiqlanadi:

a) O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash strategiyasi. Unda quyidagi yo‘nalishdagi chora-tadbirlar nazarda tutilgan:

  • iqtisodiyot tarmoqlarining iqlim o‘zgarishiga nisbatan ta’sirini yumshatish;
  • iqlim o‘zgarishiga moslashish;
  • iqlim monitoringini takomillashtirish;
  • issiqxona gazlarini nazorat qilish sohasidagi salohiyatni yuksaltirish;

b) 2021–2023 yillarda O‘zbekistonning 2030 yilgacha bo‘lgan iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurash strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”.

Belgilab qo‘yilishicha, strategiya tegishli davrda iqlim o‘zgarishi oqibatlariga kurash sohasida erishilgan natijalar, maqsadli ko‘rsatkichlar va asosiy yo‘nalishlardan kelib chiqqan holda Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yillik muddatga tasdiqlanadigan alohida “yo‘l xaritalari”ga muvofiq bosqichma-bosqich tarzda amalga oshiriladi.

Quyidagilarga shaxsiy javobgarlik yuklanadi:

  • bosh vazir A.Aripovga – strategiya va “Yo‘l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida mas’ul vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish;
  • Gidrometeorologiya xizmati markazi bosh direktori Sh.Habibullayevga – strategiyaning maqsadli ko‘rsatkichlariga erishish.

Belgilanishicha:

  • respublikani o‘rta va/yoki uzoq muddatli istiqbolda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muayyan sohasi nazarda tutilgan, shuningdek, iqlim o‘zgarishi masalalari hisobga olingan barcha me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalari belgilangan tartibda “O‘zgidromet” bilan majburiy tarzda kelishiladi;
  • qurilish sohasidagi barcha loyihalar, shu jumladan, gidrotexnika inshootlarini qurish loyihalari qurilish zonasidagi iqlim bilan bog‘liq xatarlarni hisobga olish bo‘yicha “O‘zgidromet” tomonidan amalga oshiriladigan majburiy iqlim ekspertizasidan o‘tkaziladi.
Отабек Матназаров
Tayyorlagan Отабек Матназаров
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid