Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
AQSh razvedkasi Kiyevga Ukrainadagi Rossiya generallarini aniqlashda yordam beryapti - NYT
AQSh Ukraina harbiylariga boshqaruv punktlariga zarba berishda qo‘l kelgan razvedka ma’lumotlarini taqdim etgan, bu esa bir necha rossiyalik generalning o‘limiga sabab bo‘ldi, deb yozadi The New York Times.
AQSh Ukraina armiyasiga Ukrainadagi bir necha rossiyalik generalni topish va yo‘q qilishda yordam bergan razvedka ma’lumotlarini Kiyevga taqdim etgan. Bu haqda 4 may, chorshanba kuni The New York Times gazetasi amerikalik yuqori martabali amaldorlarga tayanib xabar berdi.
Nashrning yozishicha, amerikaliklar ukrainaliklarga doimiy ravishda o‘z joylashuvini o‘zgartirib turuvchi Rossiya mobil qo‘mondonlik punktlarining geolokatsiyasi va boshqa tafsilotlari haqida real vaqt rejimida ma’lumot berishga e’tibor qaratgan.
Ukrainaliklar ushbu ma’lumotni o‘zlarining razvedka ma’lumotlari, jumladan, Rossiya harbiylarining suhbatlari bilan solishtiryapti va agar u yerda yuqori martabali zobitlar borligi taxmin qilinsa, ularga qarshi zarbalar berilyapti.
Gazeta bilan gaplashgan AQSh rasmiylari ma’lumotni qanday to‘plashi haqida ma’lumot berishdan bosh tortgan, ammo razvedka idoralari Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi harakatlarini kuzatish uchun ham harbiy, ham tijorat sun’iy yo‘ldoshlari ma’lumotlaridan foydalanishini ta’kidladi. Gazetaning yozishicha, NATO davlatlari ham Ukrainadagi Rossiya qo‘shinlari haqidagi razvedka ma’lumotlarini real vaqt rejimida Kiyevga yetkazmoqda.
NYT’ning ta’kidlashicha, Rossiyaning Ukrainadagi shtablariga berilgan barcha muvaffaqiyatli zarbalar ham Amerika ma’lumotlari yordamida amalga oshirilmagan. Masalan, 30 aprel kuni Rossiya qurolli kuchlari bosh shtabi boshlig‘i general Valeriy Gerasimov tashrif buyurgan Izyumdagi qo‘mondonlik punktining o‘qqa tutilishi Amerika razvedkasi yordamisiz amalga oshirilgan. AQSh Rossiya rahbariyatining eng yuqori martabali vakillari haqida razvedka ma’lumotlarini taqdim etmayapti.
Ukraina rasmiylarining ta’kidlashicha, ikki oylik urush davomida ular Rossiya armiyasining 12 nafar generalini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan. Rossiya armiya qo‘mondonlarining ikki o‘rinbosari: general-mayor Andrey Suxovetskiy va general-mayor Vladimir Frolovning o‘limini rasman tasdiqladi.
Shu bilan birga, Pentagon vakillarining ta’kidlashicha, rossiyalik generallarning o‘zi muzokaralar uchun mobil telefonlar va himoyalanmagan radiostansiyalardan foydalanib, o‘z manzillarini aniqlashda yordam beryapti.
«Bu intizomning pastligi, tajriba yo‘qligi, takabburlik va ukrainaliklarning imkoniyatlarini baholay olmaganligidan dalolat beradi», dedi AQSh armiyasining Yevropadagi qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni, iste’fodagi general Frederik Benjamin Xojs gazetaga.