Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukraina dronlari Rossiyaning bir nechta hududiga zarba berdi
Ukraina Qurolli kuchlari 18 iyulga o‘tar kechasi Rossiyaning bir nechta hududiga dronlar bilan hujum qildi. Tambov viloyatida Wildberries logistika markazida chiqqan yong‘in oqibatida yetti kishi halok bo‘lgani, 24 nafar inson jarohatlangani ma’lum qilindi. Moskva, Vladimir, Leningrad viloyati va Qrimda ham havo hujumlari qayd etildi.
Ukraina Qurolli kuchlari (UQK) 18 iyulga o‘tar kechasi Rossiyaning bir nechta viloyatiga uchuvchisiz uchish apparatlari (dron) bilan hujum uyushtirdi. Bu haqda Rossiya rasmiylari hamda bir qator mustaqil manbalar xabar bermoqda.
Tambov viloyati gubernatori Yevgeniy Pervishov ma’lum qilishicha, Kotovsk shahrida joylashgan Wildberries marketpleysining logistika markaziga dronlar hujumi natijasida yong‘in chiqqan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, omborda ishlagan yetti nafar xodim halok bo‘lgan, yana 24 kishi turli darajada jarohat olgan.
Hodisa joyini Astra Telegram-kanali ochiq manbalar (OSINT) tahlili asosida tasdiqlaganini bildirdi. Kanal mahalliy aholi tomonidan tasvirga olingani aytilgan videolarni e’lon qildi. Ukrainaga yaqin monitoring kanali Exilenova+ ham shu kabi videolarni, jumladan Wildberries omboridagi yong‘in aks etgan lavhalarni tarqatdi.
Vladimir viloyati gubernatori Aleksandr Avdeyevning ma’lum qilishicha, viloyat markazida dron turar joy binosidagi kvartiraga urilgan. Oqibatda yong‘in chiqqan va xavfsizlik nuqtai nazaridan aholi vaqtinchalik joylashtirish markaziga evakuatsiya qilingan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisada jabrlanganlar yo‘q.
Moskva shahar meri Sergey Sobyanin esa poytaxtga qilingan dron hujumlari havo mudofaa tizimlari tomonidan qaytarilganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, avval yetti, keyin 15 va yana 11 ta, jami 33 ta dron yo‘q qilingan. Keyinroq u Moskva hududiga umumiy hisobda 370 dan ortiq dron yo‘naltirilganini ma’lum qildi. Hozirda qulagan dron qoldiqlari tushgan joylarda favqulodda xizmatlar ish olib bormoqda.
Leningrad viloyati gubernatori Aleksandr Drozdenko hudud osmonida oltita dron urib tushirilganini ma’lum qildi.
Ukrainaning Exilenova+ monitoring kanaliga ko‘ra, Moskva viloyatining Elektrostal shahrida ham Wildberries omborida yong‘in chiqqan. Shuningdek, Noginsk shahrida joylashgan neft bazasida yong‘in kuzatilgani haqida mahalliy aholi tasvirga olgani aytilgan videolar tarqatildi. Biroq bu ma’lumotlar hozircha Moskva viloyati rasmiylari tomonidan tasdiqlanmagan.
Kanal, shuningdek, Tver shahrida ham portlashlar yuz berganini da’vo qilgan. Ammo Tver viloyati ma’muriyati bu xabarlarga hozircha izoh bermagan.
Ukrainaning «Qrim shamoli» monitoring kanali ma’lum qilishicha, 18 iyulga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan qo‘shib olingan Qrim hududi ham dronlar hujumiga uchragan. Xabarlarga ko‘ra, Sevastopol, Kerch, Feodosiya hamda harbiy aviabaza joylashgan Gvardeyskoye posyolkasida hujumlar qayd etilgan.
Rossiya tomoni tayinlagan Sevastopol rahbari Mixail Razvojayev tunda shaharda havo hujumi xavfi e’lon qilinganini, taxminan ikki yarim soatdan keyin esa xavf bekor qilinganini ma’lum qildi.