20:25 / 05.05.2022
34304

Neft embargosidan tortib ​​«Sberbank»ning SWIFT’dan uzilishigacha: Rossiyaga qarshi sanksiyalarning oltinchi paketi

Yevropa Ittifoqining Rossiyaga qarshi oltinchi sanksiyalar paketida bir qator keskin choralar: bosqichma-bosqich neft embargosi joriy qilish, Rossiya bank tizimining izolyatsiyasini kuchaytirish, rossiyaliklarga Yevropa Ittifoqi hududida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni taqiqlash kabilar o‘rin olgan.

Foto: Patrick Pleul

«Ko‘rilayotgan chora-tadbirlarning barchasi Rossiya iqtisodiyotini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish imkoniyatlaridan mahrum qiladi. Putin Ukrainani dunyo xaritasidan o‘chirib tashlamoqchi bo‘ldi, ammo u muvaffaqiyatga erisha olmaydi. Aksincha, Ukraina shiddat bilan ko‘tarildi, Rossiya esa cho‘kib ketmoqda», deya ta’kidladi Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayyen Yevroparlamentga oltinchi sanksiyalar paketini taqdim etar ekan.

Kollektiv G‘arb Rossiyani taraqqiyotdan uzib qo‘yish va Kremlning Ikkinchi jahon urushidan keyingi davrda Yevropadagi eng yirik harbiy harakatlarini moliyalashtirishni to‘xtatish maqsadida bir qator og‘riqli sanksiyalarni joriy qildi. AQSh va boshqa rivojlangan davlatlar allaqachon Rossiya nefti, gazi va ko‘miridan voz kechishdi, ammo ularning Rossiya energetika resurslariga qaramligi YeI mamlakatlariga nisbatan kamroq darajada edi. Yevroittiqfoq umumiy gaz importining 40 foizi, neft va neft mahsulotlari importining esa 30 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri keladi.

Neft embargosi ​– G‘arb mamlakatlari tomonidan zaxirada ushlab turilgan, rasmiy Kremlni urushni to‘xtatishga majburlovchi eng radikal iqtisodiy chora hisoblanadi. Neft va gaz sektoridan keladigan daromadlar Rossiya budjetining yarmini, umumiy eksportining esa yarmidan ko‘proq qismini tashkil etadi. O‘z navbatida Rossiya gaz eksportining 70 foizini, neft va neft mahsulotlari eksportining 60 foizini Yevropa mamlakatlariga amalga oshiradi. Birgina ikki yarim oylik urush davrida Yevropa Ittifoqi Rossiyaga neft uchun 20 milliard yevrodan, gaz uchun esa 30 milliard yevrodan ko‘proq pul to‘lagan.

«Endilikda biz neft embargosini taklif qilmoqdamiz. Bu Rossiyaning barcha neft va neft mahsulotlarini ham dengizda, ham quvur liniyasi orqali import qilinishini butunlay taqiqlashni anglatadi», deydi fon der Lyayyen.

Qayd etilishicha, neft embargosi ​​bosqichma-bosqich joriy etiladi. Yevrokomissiya neft importi uchun olti oylik o‘tish davrini taklif qildi va joriy yil oxirigacha Rossiya neft mahsulotlaridan butunlay voz kechishni reja qilmoqda.

Oltinchi sanksiyalar paketidan yana nimalar o‘rin olgan?

Navbatdagi sanksiyalar paketidan Rossiyaning eng yirik «Sberbank» banki va yana ikkita kredit muassasasini SWIFT tizimidan uzish, Rossiyaning yana uchta davlat telekanallarini Yevroittifoq hududida namoyish etishni taqiqlash(avvalroq YeI hududida RT va Sputnik taqiqlangandi), «Buchadagi harbiy jinoyatlarni sodir etganlar hamda Mariupolni qamal qilishga javobgar bo‘lganlar»ga qarshi personal sanksiyalar kiritilishi ham nazarda tutilgan.

«Bundan tashqari, YeI hududida Rossiya kompaniyalariga konsalting va buxgalteriya xizmatlari ko‘rsatish taqiqlanadi», deya qo‘shimcha qilgan Yevrokomissiya rahbari.

Shuningdek, Yevropa tankerlarida Rossiya neftini tashishni taqiqlash ham muhokama qilingan. Bu esa nafaqat Yevropaga, balki sanksiyalar qo‘llamagan davlatlar, birinchi navbatda, Xitoy va Hindistonga neft eksport qilishga ham ta’sir qiladi.

Bloomberg’ning yozishicha, rossiyaliklarga Yevropa Ittifoqi hududida ko‘chmas mulk bilan bog‘liq operatsiyalarni taqiqlash ham ko‘rib chiqilgan. Ushbu cheklov tasdiqlansa, Yevropa Ittifoqi ko‘chmas mulk huquqlarini Rossiya fuqarolari va rezidentlariga, shuningdek, rossiyalik yuridik shaxslariga to‘g‘ridan to‘g‘ri yoki bilvosita o‘tkazish yoki sotish taqiqlanadi. Bu tartib Yevropa iqtisodiy hududi yoki Shveytsariyada yashash uchun ruxsatnoma yoki fuqarolikka ega bo‘lganlar uchun istisno qilinishi ko‘zda tutilgan.

Yangi sanksiyalarning to‘liq tafsilotlari Yevropa Ittifoqiga a’zo barcha 27 davlat vakillari tomonidan ma’qullangandan so‘ng ochiqlanishi ko‘zda tutilgan. Ba’zi kuzatuvchilarning fikricha, yangi sanksiyalar paketi urushning keyingi avj olishiga qadar ushlab turilishi mumkin va 9 may atrofida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Istisnolarsiz sanksiyalar yo‘q

Neft embargosi ​​bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Istisno holatlar faqat Rossiya neftiga qaram bo‘lgan Vengriya va Slovakiya uchun saqlanib qolishi, ushbu mamlakatlarning importni 2023 yil oxirigacha davom ettirishiga ruxsat berilishi mumkin.

«Bu oson bo‘lmaydi. Yevropa Ittifoqining ba’zi davlatlari Rossiya neftiga qattiq qaram. Buni hal qilishimiz kerak», - deydi fon der Lyayyen.

«Biz Rossiya neftidan voz kechish muammosiz amalga oshishiga ishonch hosil qilishimiz kerak, bu bizga ham, hamkorlarimizga ham muqobil yetkazib beruvchilar bilan muzokaralar olib borish va jahon bozorlariga ta’sirni kamaytirish uchun vaqt beradi. Asosiy maqsad, Rossiyaga maksimal darajada bosim o‘tkazish, shu bilan birga bizga va hamkorlarimizga yetkaziladigan zararni cheklash. Ukrainaga yordam berishimiz uchun ham bizga kuchli iqtisodiyot kerak», deya qo‘shimcha qilgan Yevrokomissiya rahbari.

AQSh Yevropa Ittifoqidan Rossiyaga qarshi neft embargosini joriy qilishda shoshilmaslikni so‘ramoqda, chunki neft narxining keskin ko‘tarilishi jahon iqtisodiyotini beqarorlashtirib yuboradi, bu esa Rossiyaga kamroq neft sotish orqali ham hozirgi holat bilan bir xil miqdorda daromad olish imkonini beradi va sanksiyalarni iqtisodiy mohiyatidan mahrum qilishi mumkin.

Turli prognozlarga ko‘ra, Rossiyada ishlab chiqarishning pasayishi neft narxining qiymatini hozirgi 100-110 dollardan 140-170 dollargacha oshishiga olib keladi.

Bruegel tahlilchilarining ta’kidlashicha, rivojlangan mamlakatlar Rossiya neft mahsulotlariga cheklov kiritish imkoniyatiga ega. Eng yomon holatda ular kuniga 5 million barrel Rossiya xomashyosi va neft mahsulotlarini boshqa muqobil manbalarga almashtirishlari kerak bo‘ladi.

Hozirda Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining boy mamlakatlar klubi 1,5 milliard barrellik strategik zaxiralarga ega. Shuningdek, ularning shaxsiy omborlarida 3 milliard barrel zaxiralar mavjud.

Bundan tashqari, ishlab chiqarishni ko‘paytirish imkoniyati ham bor: Saudiya Arabistoni ishlab chiqarishni kuniga 1-2 million barrelga, BAA va Iroq 1 million barreldan ko‘proqqa oshirishi mumkin. Agar Erondan sanksiyalar olib tashlansa, bu qo‘shimcha tarzda bozorga yana 1 million barrel neft kirishiga imkon beradi.

Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, keyingi to‘rt oy ichida kuniga 2,7 million barrel neftni tejash rejimi orqali saqlab qolish mumkin. 

Yevropa Ittifoqining sanksiyalarida istisnolar saqlanib qolayotgan bo‘lsa-da, hattoki «Gazprombank»ga ham cheklovlar joriy qilinishi inkor etilmayapti. Rossiya energiya resurslari uchun to‘lovlar ushbu bank orqali o‘tadi va mamlakat Markaziy banki valuta zaxiralarining yarmi muzlatilgan sharoitda, u Rossiyada valuta jamg‘arish markazi bo‘lib qolmoqda.

«Sberbank»ning SWIFT tizimidan uzilishi aprel oyida AQSh tomonidan unga nisbatan bloklovchi sanksiyalar kiritganidan beri kutilayotgan edi. Eng yirik xususiy «Alfa-Bank» ham qiyin holatga tushib qoldi, ammo uning SWIFT’dan uzilishi mumkinligi haqida xabarlar mavjud emas.

Hozirgacha Rossiyaning 7 ta banki SWIFT tizimidan uzilgan: ro‘yxatda mamlakatning aktivlari hisobi bo‘yicha ikkinchi eng yirik banki – «VTB» hamda yana bir yirik bank – «VEB.RF», shuningdek, «Rossiya», «Otkrytiye», «Novikombank», «Promsvyazbank» va «Sovkombank» bor.

Rossiya qanday javob berishi mumkin?

Yevropa Ittifoqi kabi eng yirik neft xaridoridan mahrum bo‘lish Rossiyada neft qazib olishning keskin kamayib ketishiga olib kelishi mumkin, chunki Yevropa mamlakatlari hissasiga to‘g‘ri keladigan barcha eksportni boshqa bozorlarga, birinchi navbatda, Osiyoga yo‘naltirish uchun tankerlar va neft quvurlari yetishmaydi.

Bu Rossiya uchun juda ham og‘riqli bo‘lmoqda, joriy qilingan sanksiyalar tufayli katta yo‘qotishlarga duchor bo‘ldi. Chunki mamlakatning asosiy texnologiya va savdo hamkori bo‘lgan G‘arb iqtisodiyoti bilan aloqalar uzildi.

Rossiyaning G‘arb singari boy va rivojlangan sherik topishi anchayin qiyin, Sharqqa, Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlariga burilish uchun esa o‘n yildan ko‘proq vaqt talab etiladi. Shu sababli, iqtisodchilar joriy yilda Rossiyaning sezilarli iqtisodiy pasayishini va keyingi yillardagi turg‘unlik taxminan 10 foiz atrofida saqlanib qolishini prognoz qilishmoqda.

Biroq Rossiyaning G‘arbga iqtisodiy ta’sir ko‘rsatish vositalari ham mavjud. Asosiy eksport tovari bo‘lgan neftdan tashqari Rossiya jahon bozoriga tabiiy gaz, ko‘mir, uran, nikel, palladiy va boshqa metallarni yetkazib beruvchi asosiy davlat hisoblanadi. Ammo Yevropaga bosim o‘tkazishning asosiy dastagi tabiiy gazdir. Xususan, Rossiya urush boshlanishidan oldin Yevropa Ittifoqiga gaz yetkazib berishni qisqartirdi, bu narxlarning rekord darajadagi oshishiga olib keldi, aholining noroziligi kuchaydi va ko‘hna qit’ada tanazzulli holatni yuzaga keltirdi.

«Gaz uchun rubl» sxemasi orqali «nodo‘st davlatlar» gaz uchun to‘lovlarni shartnomalarda ko‘rsatilganidek, xorijiy valutada emas, balki «Gazprombank»da hisobraqam ochgan holda Rossiya milliy valutasida amalga oshirishi kerakligi haqidagi talab bilan chiqdi. Bu sxemani rad etgan Bolgariya va Polshaga gaz yetkazib berishni to‘xtatdi.

Yevropa uchun neft embargosidan ko‘ra rus gazidan voz kechish qiyinroq, chunki bu borada Rossiyaga bog‘liqlik darajasi juda yuqori. Yevropa Ittifoqi Rossiyadan importni uchdan ikki qismga qisqartirishga va’da bergan bo‘lsa-da, gaz embargosini muhokama qilmayapti.

Gaz asosan quvurlar orqali yetkazib beriladi. Yevropa mamlakatlari so‘nggi yillarda ko‘mir va atom energiyasidan voz kechish maqsadida Rossiyadan gaz importini sezilarli darajada oshirgan. Markaziy Yevropadagi ayrim davlatlar deyarli butunlay Rossiya gaziga qaram. Jumladan, Rossiya Yevropadagi eng yirik sanoat davlati - Germaniyaga gaz yetkazib berishni to‘xtatsa, ushbu mamlakatda bir qancha cheklovlar joriy qilinishi va zavodlar o‘z ish faoliyatini to‘xtatishi mumkin. Germaniya Markaziy bankining hisob-kitoblariga ko‘ra, gaz embargosining mamlakatga yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarari YaIMning 5 foizi yoki 180 milliard yevroni tashkil qiladi.

Rossiyaning ishonchli gaz yetkazib beruvchi sifatidagi mavqei barbod bo‘lganidan keyin Yevropa Ittifoqi xaridlarni qisqartirishga intilmoqda. Rossiyaning eksport tushumidagi gazning ulushi narxlarning oshishiga qadar taxminan 10 foizni tashkil etgan bo‘lsa, neft va neftdan olingan daromad 40 foiz atrofida bo‘lgan. Sanksiyalarning oltinchi paketi e’lon qilinishidan bir kun oldin Putin qarshi sanksiyalar to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Unda xomashyo yetkazib berishni taqiqlash ham o‘rin olgan. Ro‘yxat 10 kun ichida tuzilishi ko‘zda tutilgan.

Mavzu
Rossiya-Ukraina urushi
2022 yil 22 fevral kuni Rossiya Ukraina chegarasidan o‘tib, qo‘shni mamlakatga bostirib kirdi. Ukraina armiyasi jang taklif qildi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top