Iqtisodiyot | 13:41 / 06.05.2022
24154
2 daqiqa o‘qiladi

Go‘sht va yog‘ni QQSdan ozod qilish muddati uzaytirildi

Go‘sht, o‘simlik yog‘i va kartoshka importi 2022 yilning oxirigacha qo‘shilgan qiymat solig‘iga tortilmaydi.

Foto: iStock

Soliq kodeksiga o‘zgartishlar kiritildi. Asosiy o‘zgarishlar O‘zbekistonga o‘simlik yog‘i, kungaboqar va zig‘ir urug‘i, soya danagini olib kirish, shuningdek o‘simlik yog‘ini ishlab chiqarish va (yoki) realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirilishini o‘z ichiga oladi. Ilgari bu muddat 2022 yil 30 aprelgacha edi.

Go‘shtni (mol go‘shtini, qo‘y go‘shtini), tirik hayvonlarni (molni va qo‘yni) va ularni so‘yishdan olingan mahsulotlarni, kartoshkani realizatsiya qilish bo‘yicha aylanma, shuningdek ularni O‘zbekistonga olib kirishda qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilish muddati 2022 yil 31 dekabrgacha uzaytirildi.

Shuningdek, tovuq go‘shti, muzlatilgan baliq va tirik parrandalarga qo‘shilgan qiymat solig‘i bo‘yicha imtiyoz 2022 yil 30 aprelgacha etib o‘zgartirishsiz qoldirildi.

2022 yil 1 yanvardan 2031 yil 1 yanvargacha Mo‘ynoq tumanidagi mahalliy sanoat, qishloq xo‘jaligi va xizmatlar sohalaridagi tadbirkorlar:

  • foyda, aylanmadan olinadigan, ijtimoiy va daromad solig‘ini 1 foizda to‘laydi;
  • yuridik shaxslarning mol-mulk, yer va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqlarini 1 foizda to‘laydi.

Bo‘yalgan mato va gazlamani hamda tayyor tikuv-trikotaj mahsulotini eksport qiluvchi tadbirkorlar 2022 yil 1 fevraldan 2025 yil 1 yanvargacha ijtimoiy soliqni 1 foiz to‘laydi.

Mavzuga oid