Jahon | 12:28 / 12.05.2022
8452
3 daqiqa o‘qiladi

«Al-Jazira» jurnalisti Isroil harbiylari tomonidan otib o‘ldirildi. «Chegara bilmas muxbirlar» mustaqil tergovni talab qilmoqda

Foto: AP

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti 11 may kuni ertalab Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi mojaroni suratga olish vaqtida o‘ldirilgan «Al-Jazira» jurnalisti Shirin Abu Aklening o‘limi yuzasidan mustaqil tergov o‘tkazishni talab qildi.

«Chegara bilmas muxbirlar» xalqaro tashkiloti 11 may, chorshanba kuni o‘z bayonotida «Al-Jazira» telekanalining falastinlik jurnalisti Shirin Abu Aklening o‘ldirilishini Jyeneva konvensiyalarining jiddiy buzilishi deb atadi va uning o‘limi holatlari yuzasidan zudlik bilan mustaqil tergov o‘tkazishni talab qildi.

«Chegara bilmas muxbirlar» tashkiloti Isroil tashqi ishlar vaziri Yair Lapidning uning mamlakati jurnalist ayolning o‘ldirilishi bo‘yicha tergovda ishtirok etishi haqidagi taklifidan hafsalasi pir bo‘ldi: mustaqil xalqaro tergov zarur», — deb yozdi tashkilot bosh direktori Kristof Deluar Twitter’dagi sahifasida.

«Al-Jazira» telekanalining falastinlik jurnalisti Shirin Abu Akle 11 may kuni ertalab Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi Jyenin qochqinlar lageridagi qurolli to‘qnashuvni tasvirga olish chog‘ida halok bo‘ldi. Abu Aklening boshiga o‘q uzishgan. U og‘ir ahvolda shifoxonaga yetkazilgan va ko‘p o‘tmay vafot etgan. Shirin Abu Akle 51 yoshda edi, u «Al-Jazira» telekanalida 20 yildan ortiq ishlagan. 

Nashrning Abu Aklening yonida bo‘lgan va o‘zi ham yaralangan muxbirining aytishicha, ular Isroil armiyasining amaliyotini suratga olmoqchi bo‘lgan. Shu vaqtda, birdan harbiylar jurnalistlardan ketishni yoki suratga olishni to‘xtatishni so‘ramay o‘q uzgan. 

Jurnalistning boshqa hamkasblarining aytishicha, Abu Akle o‘ldirilgan paytda falastinliklar va isroilliklar o‘rtasida hech qanday jang bo‘lmagan. Bundan tashqari, ularga ko‘ra, isroillik harbiylar Abu Akle yaralanganida ham o‘q uzishdan to‘xtamagan. Barcha muxbirlar «Matbuot» jiletlari va kaskalarda bo‘lgan.

Isroil armiyasi Twitter’dagi sahifasida harbiylar Jyenin lagerida terrorchilikda gumon qilinayotgan shaxslarni qo‘lga olish bo‘yicha operatsiya o‘tkazgani, bu operatsiya davomida «o‘nlab falastinliklar askarlarga qarata o‘t ochgani va ularga portlovchi moslamalar uloqtirgani», Isroil harbiylari esa o‘q bilan javob berganini ma’lum qildi.

«Isroil mudofaa armiyasi voqeani tekshirmoqda va jurnalistlarning falastinlik jangarilar tomonidan yaralangani ehtimolini o‘rganmoqda», deyiladi Isroil xabarida. 

Mavzuga oid