O‘zbekiston | 08:55 / 15.05.2022
3434
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkentda ShHT turizm forumi bo‘lib o‘tadi

19-20 may kunlari Toshkentdagi “Hilton Tashkent City” mehmonxonasida Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning turizm sohalari vakillari ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tadi. Tadbir O‘zbekiston Respublikasining 2022 yildagi ShHT sammitiga raisligi doirasida tashkil etilmoqda.

Foto: uzbektourism.uz

20 may kuni akademik va ishbilarmon doiralar, shuningdek, tashkilotga a’zo davlatlarning turizm sohasi vakillari ishtirokida “ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikning yangi bosqichi: turizm va madaniy meros” nomi ostidagi turistik forum bo‘lib o‘tadi.

Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati xabariga ko‘ra, forum ishtirokchilari tomonidan xalqaro turizmning dolzarb masalalari, Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar madaniy merosini saqlash va targ‘ib qilish, shuningdek, turizm va madaniy meros sohasida ilmiy-texnikaviy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama etiladi.

Yig‘ilishda turizm sohalari rahbarlari turistik sayohatlarni qayta tiklashni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shma tashabbuslar, turizmning iqtisodiy o‘sish multiplikatori sifatidagi rolini oshiradigan yangi loyiha va dasturlarni ko‘rib chiqadi.

Bo‘lajak yig‘ilishlar kun tartibidan Turizm sohasida hamkorlikni rivojlantirish to‘g‘risidagi bitim va ShHTga a’zo davlatlar o‘rtasida muzey ishi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum loyihalarini muvofiqlashtirish ham o‘rin olgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid