Fan-texnika | 22:24 / 21.05.2022
81389
5 daqiqa o‘qiladi

Eng ommabop smartfonlar va AQShning gipertovushli quroli – hafta texnodayjesti

Kun.uz yakunlanayotgan haftadagi texnologiya va ilm-fanga oid eng qiziqarli xabarlarni jamladi.

Eng ommabop smartfonlar

IDC tahlilchilari 2022 yilning birinchi choragida dunyo miqyosida eng ko‘p sotilgan smartfonlar reytingini e’lon qildi.

Foto: Getty Images

Top beshtalikdan quyidagi qurilmalar o‘rin olgan:

1. iPhone 13

2. iPhone 13 Pro Max

3. Samsung Galaxy A12

4. iPhone 13 Pro

5. Samsung Galaxy A32

Sotilgan smartfonlarning umumiy soni va har bir modelning bozordagi ulushi oshkor qilinmagan.

Apple ham USB-C tirqishga o‘tmoqchi

Foto: Jeenah Moon/Bloomberg

Apple kelajakdagi iPhone modellarini USB-C tirqish bilan jihozlashi mumkin. Shuningdek, Lightning ulagichi uchun mo‘ljallangan aksessuarlarning kelajakdagi smartfonlar bilan ishlashiga imkon beruvchi USB-C adapteri ham ishlab chiqariladi.

Yangi smartfonlarni USB-C’ga o‘tkazish 2023 yildan boshlab amalga oshirilishi kutilmoqda.

Qayd etilishicha, kompaniyaning bunday qaror qabul qilishiga ikkita sabab bor: qurilmalarni tezroq zaryadlash imkoniyatini yaratish va Yevrokomissiya tomonidan qabul qilingan USB-C’ni smartfonlar va boshqa qurilmalar uchun yagona zaryadlash portiga aylantirishni ko‘zda tutuvchi qaror.

Apple Lightning ulagichlaridan butunlay voz kechishi haqida aniq ma’lumot berilmagan.

Solar City mikroavtomobili

Foto: Squad Mobility

Gollandiyaning Squad Mobility startapi o‘zining birinchi elektromobili – Solar City Car’ni taqdim etdi. Elektromobilning tashqi ko‘rinishi golf mashinasiga o‘xshab ketadi. Orqa tomoniga o‘rnatilgan bir juft elektr motorning umumiy quvvati 2 kVt. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, bu elektromobilga 45 km/soat tezlikda harakatlanish va taxminan 100 kilometr masofani bosib o‘tish imkoniyatini beradi.

Ta’kidlanishicha, Solar City Car 2023 yildan boshlab ishlab chiqarila boshlanadi va narxi 6,5 ming dollarni tashkil etadi.

TikTok’ga o‘yin o‘ynash funksiyasi qo‘shiladi

Foto: Pixabay

TikTok ilova ichida o‘yinlarni sinovdan o‘tkazishni boshladi. Ushbu funksiyaning qo‘shilishi reklamadan keladigan daromadning oshishiga va foydalanuvchilarning ko‘proq vaqt davomida platformada bo‘lishiga yordam beradi.

Manbalarga ko‘ra, sinov Vetnamda HTML5 minio‘yinlari bilan amalga oshirilmoqda. Bu mazkur mamlakatda 35 yoshgacha bo‘lganlar ulushining yuqoriligi va texnik savodxonlik ko‘rsatkichlarining balandligi bilan izohlangan. Kelajakda esa kompaniya asosiy e’tiborini ByteDance tomonidan ishlab chiqilgan o‘yinlarga qaratmoqchi.

Qayd etilishicha, o‘yinlardan tushgan daromad platforma va ishlab chiquvchilar o‘rtasida taqsimlanadi.

AQSh gipertovushli qurol sinovini o‘tkazdi

Foto: U.S. Air Force/Reuters

AQSh harbiy-havo kuchlari AGM-183A ARRW (Air-Launched Rapid Response Weapon) gipertovushli raketasi muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilganini e’lon qildi

«Samolyotdan ajralib chiqqanidan so‘ng, ARRW bloki kutilgan vaqt davomida yonib turdi va tovush tezligidan besh barobar yuqori gipertovush tezligiga yetdi», — deyiladi bayonotda.

AQSh gipertovushli qurollarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanayotgan yagona davlat emas, ularning tezligi va harakati kuzatish hamda tutib olishni qiyinlashtiradi, deb yozadi Reuters agentligi. 

Suv ostidagi internet kabellaridan zilzilalarni aniqlashda foydalanilishi mumkin

Foto: AFP

Dengiz tubi orqali o‘tgan internet kabellaridan zilzilalar va sunamilarni aniqlashda, shuningdek iqlim o‘zgarishining okean oqimlarini qanday o‘zgartirishini kuzatib borishda foydalanish mumkin.

Buyuk Britaniyaning Milliy fizika laboratoriyasi (NPL) olimlari Buyuk Britaniya va Kanada o‘rtasidagi optik tolali aloqa kabellarida sinov tajribasini o‘tkazishgan.

«Yer yuzasining 70 foizi suvdan iborat, ammo barcha seysmik stansiyalar quruqlikda, chunki dengiz tubiga doimiy sensorlarni o‘rnatish juda qiyin va qimmat», deydi NPL xodimi Juzeppe Marra.

Mavzuga oid