Jahon | 18:49 / 21.05.2022
21218
2 daqiqa o‘qiladi

Turkiya Tojikistonda yuz bergan voqealardan xavotir bildirdi

18 may kuni Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “aksilterror amaliyot” davomida 8 kishi o‘ldirilgan, 11 kishi yaralangan, 70 dan ortiq odam qo‘lga olingan.

Foto: Ijtimoiy tarmoqlar

Anqara Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom oblastidagi voqealarni xavotir bilan kuzatmoqda. Bu haqda Turkiya tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi, deb xabar berdi “Onado‘lu” agentligi. 

Vazirlikning bildirishicha, mazkur voqealar odamlarning, xususan, xavfsizlik kuchlari xodimlarining qurbon va yarador bo‘lishiga olib kelgan. 

Turkiya Tojikistonda jamoat tartibi va barqarorlik tez vaqt ichida tiklanishiga umid bildiradi, deyiladi xabarda.

Turkiya TIV halok bo‘lganlarning qarindoshlari va yaqinlariga hamda butun Tojikiston xalqiga hamdardlik bildirgan.

18 may kuni Tojikiston ichki ishlar vazirligi Tog‘li Badaxshonda “aksilterror amaliyoti” boshlanganini xabar qildi. Vazirlik axborotida namoyishchilar “jinoiy guruh” deb aytiladi. Rasmiy xabarda jinoiy guruh deb atalayotgan odamlar xorijiy terroristik guruhlar moliyaviy ko‘magi bilan mamlakatdagi konstitutsion tuzumni ag‘darishga uringani ta’kidlanadi. “Ular “Molotov kokteyllari” va quroldan foydalangan, Tojikiston Davlat xavfsizlik qo‘mitasi maxsus aksilterror bo‘linmasi avtomobiliga hujum qilgan, oqibatda bir nafar ofitser halok bo‘lgan, 13 nafar harbiy yaralangan”, deyiladi rasmiy xabarda.

Namoyishchilar Dushanbe-Xorug‘ yo‘lini to‘sib qo‘yishgan. Tojikiston huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari tomonidan o‘tkazilgan “aksilterror amaliyot” davomida 8 kishi o‘ldirilgan, 11 kishi yaralangan, 70 dan ortiq odam qo‘lga olingan.

Mavzuga oid