O‘zbekiston | 08:08 / 28.05.2022
10988
3 daqiqa o‘qiladi

AQShdan insonparvarlik yuklari ortilgan navbatdagi to‘rtta konteyner Qoraqalpog‘istonga yuborildi

AQShdan tibbiy jihozlardan iborat katta hajmdagi navbatdagi insonparvarlik yuklari iyun oyida Qoraqalpog‘istonga yetib keladi, deb xabar bermoqda «Dunyo».

Foto: Dunyo

Gumanitar yuklarni jo‘natish AQShda joylashgan «Project C.U.R.E.»  xayriya tashkiloti tomonidan O‘zbekistonning Vashingtondagi elchixonasi ko‘magida amalga oshirilmoqda.

Umumiy og‘irligi 16,8 tonna bo‘lgan 2,9 ming dona tibbiy buyumlarni o‘z ichiga olgan to‘rtta konteyner iyun oyida Qoraqalpog‘iston sog‘liqni saqlash tashkilotlariga topshiriladi.

Elchi Javlon Vahobov tomonidan loyiha prezidenti Duglas Jyekson bilan 3 million dollarlik tibbiy asbob-uskunalarini yetkazib berish bo‘yicha ilgari erishilgan kelishuvlar doirasida Orolbo‘yi mintaqasidagi tibbiy jihozlarga eng ko‘p ehtiyoj sezayotgan 24 ta tibbiyot muassasalari ro‘yxati shakllantirilgan.

«Project C.U.R.E.» xayriya tashkilotining xalqaro hukumatlar bilan ishlash bo‘yicha prezidenti Melisa Epostining aytishicha, to‘rtta konteyner AQShdan Yevropaga dengiz orqali jo‘natildi. Amerika tomonining so‘zlariga ko‘ra, yuklar dastlab Gruziyaga olib boriladi, shundan so‘ng quruqlik orqali Nukus shahriga yetkaziladi.

Elchixona ma’lumotlariga ko‘ra, to‘rtta konteynerdan UZI apparati va uskunalari, ventilyatorlar, kislorod konsentratorlari, rentgen skanerlari, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun intensiv terapiya inkubatorlari, defibrilatorlar, laboratoriya moslamalari, kislorod ballonlari, bemorlarni tashishga mo‘ljallangan aravachalar, nafas oldirish apparati, jarrohlik stollari uchun to‘shamalar va boshqa tibbiy buyumlar o‘rin olgan.

«Project C.U.R.E.» nodavlat notijorat tashkiloti 1987 yilda tashkil etilgan bo‘lib, u rivojlanayotgan mamlakatlarga zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar yetishmovchiligini bartaraf etishda ko‘mak ko‘rsatadi. NNT AQShning 6 shtatida o‘zining yirik tarqatish markazlariga ega. Yiliga 40 futlik 200 tadan ortiq konteyner shakllantiriladi. Ularning har birida o‘rtacha 300 ming dollarlik tibbiy asbob-uskunalar jamlanadi. Mazkur xayriya tashkiloti hozirgi kunda jahondagi 135 mamlakatda insonparvarlik loyihalarini amalga oshirib kelmoqda.

2021 yil may oyida Qoraqalpog‘iston shoshilinch tibbiy yordam markazlari «Project C.U.R.E.» loyihasi doirasidagi dastlabki ikkita konteynerdan iborat insonparvarlik ko‘magini qabul qilib olgan edi.

Mavzuga oid