Kam invaziv muolaja — tibbiyotda yangilik emas. Aorta klapanini almashtirish amaliyoti ham kardioxirurgiyada ko‘p yillardan beri mavjud. SSV matbuot xizmati bu jarrohlik amaliyotning o‘ziga xosliklari haqida ma’lumot berdi.
«Birinchi yangilik — bemorning aortasiga o‘rnatilgan moslamada. Uni «kelajak avlod klapani» yoki «chok tikilmaydigan klapan» (aortaga tikilmaydi!) deb atash mumkin. Ushbu moslama organizmda 10-15 yil benuqson ishlaydi. Asoratlari esa juda kam.
Ikkinchi yangilik — mazkur klapanni o‘rnatish uchun an’anaviy operatsiyadagi singari tanani ochib, 1,5-2 soat davomida yurakni to‘xtatib qo‘yish shart emas. Bu jarayon uchun atigi 10-15 daqiqa kifoya.
Uchinchi yangilik — operatsiyadan bir kun o‘tiboq bemor bemalol yura oladi. Jarohatlar bitishi uchun juda kam vaqt talab etiladi. «Yonboshlamang», «Qimirlash mumkin emas», «O‘zingizni zo‘riqtirmang», degan taqiqlar bo‘lmaydi. Bemor avvalgidek «suyagim bitsin» deb oylab korset taqishi ham shart emas. Qisqa qilib aytganda, reabilitatsiya jarayoni tez va oson kechadi.
Nihoyat to‘rtinchi va muhim yangilik — bunday murakkab va noyob operatsiyalarni o‘tkazishga barcha kardioxirurglar ham jazm eta olmaydi. Yuksak bilim va salohiyat hamda ko‘p yillik tajriba bu jarayonda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi», deyiladi vazirlik xabarida.
Ushbu yuqori texnologik amaliyotga Rossiyaning A.N.Bakulev nomidagi yurak-qon-tomir jarrohligi markazida uzoq yillar tajriba orttirib qaytgan malakali kardiojarroh, tibbiyot fanlari doktori, professor Rustam Yorbekov boshchilik qildi.

Shifokorning qayd etishicha, u mamlakatdagi faoliyati davomida 4,5 mingdan ziyod operatsiyalarda ishtirok etdi. Ammo ulardan 28 tasi O‘zbekistonda ilk bor bajarilgan noyob amaliyotlar hisoblanadi.
Bugungi operatsiya ham O‘zbekistonda hali ommalashib ulgurgani yo‘q. Biroq shifokor-olim yaqin yillarda «kelajak avlod klapanlari» yurtimizda minglab bemorlarning umriga umr qo‘shishiga ishonch bildiradi.
«Avvallari mamlakatimizda bunday insonlar hayotini saqlab qolishning imkoni bo‘lmagan. Qolaversa, dunyoning eng rivojlangan davlatlari klinikalarida ham bu singari operatsiyalar har doim muvaffaqiyatli o‘tkazilmagan. Endi esa O‘zbekiston tibbiyoti yangi bosqichga ko‘tarilishi, xususan, kardioxirurgiya sohasiga ilm-fanning so‘nggi yutuqlari keng tatbiq etilishi yurtdoshlarimizni uzoq yo‘l bosib, katta mablag‘ sarflab xorijiy mamlakatlarda davolanish tashvishidan xalos etdi.

















