Samarqand tumani Jo‘yisoy mahallasi, Samarqand darvoza ko‘chasida joylashgan noodatiy ko‘rinishdagi binoni buzish bo‘yicha xulosa berilgan. Bu haqda Qurilish vazirligi rasmiy saytida e’lon qilindi.
Xabarda aytilishicha, qurilish uni ruxsat beradigan hujjatlarsiz amalga oshirilgan.
«Samarqand viloyati Samarqand tumani «Jo‘yisoy» mahallasida fuqaro F.Halilov tomonidan o‘z uyining bir qismini buzib, 21,4×12,6 metr o‘lchamdagi 11 qavatli 2 qavat yerto‘lali mehmonxona binosi qurilishi hech qanday qurilishga ruxsat beruvchi shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmasdan amalga oshirilgan.

– Qurilishga ruxsat beruvchi Samarqand tumani hokimining qarori yoki tuman qurilish bo‘limining ruxsatnomasi mavjud emas;
– Arxitektura rejalashtirish topshirig‘i (APZ) mavjud emas;
– Muhandislik geologiyasi, loyiha-smeta hujjatlari to‘liq ishlab chiqilmagan hamda tasdiqlanmagan;
– Belgilangan tartibda shaharsozlik kengashidan o‘tmagan;
– Mehmonxona majmuasi obekti bosh rejasini naturaga ko‘chirish dalolatnomasi rasmiylashtirilmagan (ShNQ 3.01.01-03ning 2.4 bandi bajarilmagan);
– Qurilish obektida foydalanilgan qurilish materiallarining talablarga muvofiqligi to‘g‘risidagi pasport va sertifikatlari taqdim etilmadi;
– ShNQ 3.01.01-03ning 7.8,9.9 bandlariga asosan yopiq ishlarni guvohlash dalolatnomalari taqdim etilmadi.
Yuqoridagi kamchiliklar mavjud bo‘lsa-da, qurilishga ruxsat beruvchi boshlang‘ich shaharsozlik hujjatlari rasmiylashtirilmagan holda qurilish-montaj ishlari konstruksiyalar bitgandan so‘ng «Konstant proyekt» MChJ tomonidan loyiha hujjatlari to‘liqsiz ishlab chiqilgan. «Triumf Proyekt» MChJ xususiy ekspertiza tashkiloti tomonidan to‘liq ishlab chiqilmagan loyiha hujjatlariga birlamchi ruxsat beruvchi hujjatlar ham yo‘q. Shuningdek, Vazirlar mahkamasining 2016 yil 22 yanvardagi 15-sonli qarorining 21-bandiga zid ravishda 2018 yilda 24 martda ijobiy xulosa berilgan.













