Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Imomali Rahmon ikki kunlik tashrif bilan O‘zbekistonga keladi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon joriy yil 2-3 iyun kunlari rasmiy tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ladi.
Ikki mamlakat yetakchilarining muzokaralari kun tartibidan O‘zbekiston-Tojikiston do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikning ustuvor sohalarida amaliy sa’y-harakatlarni kengaytirish masalalari o‘rin olgan.
Savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, energetika va boshqa tarmoqlarda qo‘shma kooperatsiya loyihalarini ilgari surish hamda an’anaviy yaqin hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalariga alohida e’tibor qaratiladi.
Davlat rahbarlari xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashishlari ko‘zda tutilgan.
Sammit yakunida ikki tomonlama hujjatlar to‘plami imzolanishi rejalashtirilgan.
«Ta’kidlash lozimki, oliy darajadagi tashrifga tayyorgarlik doirasida joriy yil 30 may kuni Dushanbe shahrida ikki mamlakat bosh vazirlari raisligida o‘tkazilgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 9-yig‘ilishi samarali bo‘ldi», deyiladi O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabarida.
1 iyun kuni, sammit arafasida, Toshkent shahrida yetakchi korxonalar ishtirokida biznes-forum hamda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi strategik sheriklikni izchil kengaytirish va uning katta salohiyatini ro‘yobga chiqarish masalalariga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tadi.
Tashrif arafasida Tojikiston davlat axborot agentligi bo‘lmish «Xovar»da qo‘shni davlatning O‘zbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzodaning mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalari rivojlanayotgani haqida maqolasi e’lon qilingan.
Elchining maqolasida Imomali Rahmon Toshkentga tashrifi vaqtida investitsion forum va mintaqaviy ilmiy-tadqiqot konferensiyasida ishtirok etishi kutilayotgani aytilgan. Maqolada yozilishicha, 2021 yil O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi tovar aylanmasi 447,8 million dollarni tashkil etgan. Bu 2020 yilgiga qaraganda 114 million dollarga (34,2 foiz) ko‘proq degani.
Tojikiston prezidenti 2019 yil 29 noyabrda Markaziy Osiyo davlatlari maslahatlashuv kengashi yig‘ilishi doirasida Toshkentga kelgan edi. 2018 yil 17 avgustda esa Tojikiston prezidenti 1998 yildan keyin ilk marta O‘zbekistonga davlat tashrifni amalga oshirgandi. O‘shanda Imomali Rahmon O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan birgalikda Samarqand shahriga ham borgan.
Mavzuga oid
10:15 / 17.06.2026
O‘zbekistonda 10 yoshdan katta aholining qariyb barchasi mobil telefon ishlatadi
23:44 / 13.06.2026
Turkiyada qo‘lga olingan xalqaro qidiruvdagi ikki shaxs O‘zbekistonga qaytarildi
12:12 / 09.06.2026
O‘zbekistonning oltin-valuta zaxiralari qisqardi
11:00 / 08.06.2026