O‘zbekiston | 18:41 / 02.06.2022
14322
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev: «Toshkent – Dushanbe temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish ustida ishlashimiz kerak»

Ko‘ksaroy qarorgohida prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan tor doirada uchrashuv o‘tkazgach, ikki davlat rasmiy vakillari o‘rtasida kengaytirilgan yig‘ilish boshlandi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

«Bugungi uchrashuvimiz ikki tomonlama aloqalar o‘rnatilganining 30 yilligiga to‘g‘ri kelganida ramziy ma’no bor. O‘zbekiston va Tojikiston eng yaqin qo‘shnilardir. Pandemiyadan keyin biz barcha transport qatnovini tikladik, hududdagi transport koridorlaridan foydalanish bo‘yicha barcha masalalarni gaplashib oldik.

Bugungi kunda o‘zaro tovar ayriboshlash hajmi 600 million dollarga chiqdi va bu bilan to‘xtab qolmaslik kerak. Umuman, yaqin yillarda bu ko‘rsatkichni kamida 1 milliard dollarga chiqarish ustida ishlashimiz zarur. Buning uchun barcha to‘siqlarni olib tashlash, rejadagi loyihalar ustida juda jiddiy shug‘ullanishimiz kerak. Mana, tadbirimizda Jizzax va So‘g‘d viloyatlari hokimlari ham qatnashyapti. Ular o‘zaro o‘sish nuqtalarini izlashlari lozim.

Yana bir yirik loyiha ustida o‘ylash vaqti keldi. Toshkent – Dushanbe temir yo‘l qatnovini yo‘lga qo‘yish ustida ishlashimiz, bu borada qanday muammo bo‘lsa, hoziroq muhokama qilishimiz kerak. O‘zbekiston va Tojikiston iqtisodida ochilmagan nuqtalar, yangi imkoniyatlar juda ko‘p», deb Shavkat Mirziyoyevning so‘zlarini keltirmoqda Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid