Jahon | 16:18 / 03.06.2022
16119
4 daqiqa o‘qiladi

Moskva g‘arbida biznes markazi yonib ketdi. FVVning shahar boshqarmasi rahbari shifoxonaga tushdi

Moskva g‘arbidagi «Grand Setun Plaza» biznes markazida yirik yong‘in sodir bo‘ldi. Yong‘in 1000 kvadrat metrdan oshiq maydonni qamrab olgan, yong‘inning murakkablik darajasi beshinchi (eng yuqori) darajaga ko‘tarilgan.

Foto: MCHS RUSSIA/TASS

«Grand Setun Plaza» biznes markazida chiqqan yong‘in haqida FVVga mahalliy vaqt bilan soat 9:31 da xabar kelib tushgan. «Yong‘in Gorbunova ko‘chasi 2/3-uyda joylashgan biznes markazining birinchi qavatida boshlangan. Olov qisqa vaqt ichida to‘rtinchi qavatni ham qamrab olgan», deya xabar bergan «Interfaks» manbasi.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, biznes-markaz binosida xaridorlar bo‘lmagan. Binodagi xodimlarning barchasi hududni tark etmagan. Yuqori qavatlarda qolib ketgan odamlar bo‘lishi mumkin», deya xabar beradi nashr manbasi.

Gap 15 kishi haqida ketayotgan bo‘lishi mumkin, ular bilan aloqa o‘rnatishning imkoni bo‘lmagan. Ular ichkarida qolib ketgan bo‘lishi mumkinligi aytilgan. FVV binodan 120 kishi qutqarilganini ma’lum qildi.

TASS ma’lumotiga ko‘ra, chiqish yo‘li olov bilan yopilib qolgani tufayli to‘rtinchi qavatda odamlar qolib ketgan bo‘lishi mumkin.

FVV matbuot xizmati dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra yong‘in 1000 kvadrat metr hududni qamrab olganini xabar qilgan. Yong‘inning murakkablik darajasi beshinchi (eng yuqori) darajaga ko‘tarilgan. Voqea joyiga 180 nafar o‘t o‘chiruvchi va 41 ta texnika jalb etilgan.

Biznes markaziga tutash ko‘chalarda transport harakati cheklangan. Moskva transport departamenti matbuot xizmati xabar berishicha, Gorbunova ko‘chasi bo‘ylab harakatlanish to‘silgan, haydovchilarga aylanma yo‘nalishlarni tanlash tavsiya etiladi.

«Interfaks» manbasi yong‘inga qisqa tutashuv sabab bo‘lgani taxmin qilinayotganini xabar qilgan.

Yong‘in juda tez tarqalishi sabablaridan biri – binoning qoplamasidir. «Binoning qoplamasi va sovuq o‘tkazmaydigan qobig‘i sintetik eskirgan materiallardan qurilgan, ularning yong‘inga chidamlilik darajasi past. Pardozda ham sintetika ko‘p. Bu achchiq va juda zaharli tutun paydo qiladi, u esa ichkaridagi odamlar uchun asosiy xavfdir», deydi «Interfaks» manbasi.

Voqea joyiga FVV rahbari Aleksandr Kurenkov yetib kelgan. Moskva meri Sergey Sobyanin ham reaksiya qilgan: u odamlarni evakuatsiya qilish va yong‘inni o‘chirishga ko‘rsatma bergan.

Mahalliy vaqt bilan soat 12:32 ga kelib FVV yong‘in o‘chirilganini xabar qildi. Moskva meri Sergey Sobyanin ikki kishi tibbiy yordam so‘rab murojaat qilgani, ularning hayotiga tahdid yo‘q ekanini ma’lum qilgan.

Bevosita yong‘in tufayli bo‘lmasa-da, uchinchi jabrlanuvchi ham bor. Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari Ilya Denisov RIA Novostiga FVVning Moskva bo‘yicha boshqarmasi rahbari Sergey Jyeltov yong‘in hududidan shifoxonaga olib ketilganini ma’lum qilgan, u kuchli yurak xurujiga uchragan.

Mavzuga oid