12:19 / 04.06.2022
21780

Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha AQSh hisoboti: O‘zbekiston haqida nimalar deyilgan?

AQSh Davlat departamenti dunyoda diniy erkinlik holati bo‘yicha 2021 yil hisobotini taqdim etdi. Unda O‘zbekistonda vijdon erkinligi bo‘yicha qonunni yangilashda xalqaro tashkilotlar tavsiyalari “deyarli inobatga olinmagani”, xususiy diniy ta’lim taqiqlanganicha qolayotgani, IIV diniy materiallar masalasida ikkita saytni jarimaga torttirgani, Umra monopoliyasi saqlanib qolayotgani kabilar sanab o‘tilgan.

Foto: Kun.uz

AQSh Davlat departamenti dunyo bo‘ylab diniy erkinlik bo‘yicha 2021 yilgi monitoringlar hisobotini e’lon qildi.

Hisobotning O‘zbekistonga oid qismida o‘tgan yili yangi tahrirda qabul qilingan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonun va yil davomida bu qonunga zid ravishda kuzatilgan voqeliklarga to‘xtalib o‘tilgan.

Ta’kidlanishicha, yangi tahrirdagi qonunda ijobiy yangiliklar ham ko‘zga tashlangan bo‘lsa-da, u “mamlakatdagi diniy erkinlik holatini deyarli o‘zgartirmagan”.

BMT va YeXHT 2020 yili Venetsiya komissiyasi bergan tavsiyalar qonunni o‘zgartirishda “umuman olganda e’tiborga olinmagani”ni bildirgan.

Xalqaro ekspertlar hujjatda diniy tashkilotlarni ro‘yxatdan o‘tkazish osonlashtirilganini e’tirof etgan, biroq undagi qoidalarni “xalqaro tan olingan normalar bilan solishtirganda noadekvat” deb ta’riflagan.

Davlat ro‘yxatidan o‘tmagan diniy faoliyat uchun javobgarlik borligi, diniy adabiyotlar ustidan davlat nazorati o‘rnatilgani, xususiy diniy ta’lim taqiqlangani kabilar shular jumlasidan.

“Jamoat joyida ibodat libosida yurish mumkin emasligi haqidagi qoida qonundan chiqarib tashlandi, lekin hukumat davlat xizmatchilari va talabalarning diniy libosda yurishini cheklashda davom etdi. Davlat xizmati va ta’limdan tashqarida diniy libosga nisbatan cheklovlar olib tashlanganiga qaramay, OAVdagi xabarlarga ko‘ra, amaliyotda bunga rioya qilinmagan holatlar ro‘y bergan”, – deyiladi AQSh Davlat departamentining Xalqaro diniy erkinlik bo‘yicha ofisi dokladida.

Kuzatuvchilar 2021 yil may-iyun oylarida Namangan viloyati va Angren shahrida bir necha erkakning soqoli majburan olib tashlangani haqida xabarlar tarqalganini qayd etgan.

Xulosada e’tibor qaratilishicha, yangi tahrirdagi qonun diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, saqlash, olib kirish va tarqatishdan oldin diniy ekspertizadan o‘tkazish shartligiga oid tartibni bekor qilmagan. Ayni shu talab iyun oyida Kun.uz va Azon.uz saytlari rahbarlarining ma’muriy jarimaga tortilishiga sabab bo‘ldi.

“Bu ish doirasida dalil sifatida keltirilgan maqolalardan ayrimlari – mahalliy musulmon imomlari bilan Ramazonga oid tartiblar haqidagi intervyular edi”, deya ta’kidlagan AQSh Davlat departamenti.

Hisobotda, shuningdek, o‘zbekistonlik talabalar Misrdagi Al-Azhar universitetida faqat davlat tavsiyasi asosidagina o‘qishi mumkin qilingani,  Umra ziyoratini tashkil etishdagi monopoliya saqlanib qolayotgani, yangi cherkovlar ochish bo‘yicha yuborilgan arizalar qanoatlantirilmayotgani, ekstremizm va terrorizm jinoyatlarida ayblanib qamalgan mahkumlarning qiynoqqa solinishiga oid xabarlar bo‘lgani kabilar ham sanab o‘tilgan.

Top