Jahon | 21:22 / 05.06.2022
26056
4 daqiqa o‘qiladi

Bangladeshda kiyim omborida kuchli portlash sodir bo‘ldi. 40 dan ortiq kishi halok bo‘lib, yuzlab kishilar yaralandi

Bangladeshning Chittagong shahri yaqinidagi Sitakunda konteynerlar omborida yirik yong‘in va uning ortidan kuchli portlash ro‘y berishi oqibatida kamida 40 kishi halok bo‘lib, yuzlab kishilar jabrlandi.

Foto: Getty Images

Yuzlab o‘t o‘chiruvchilar yong‘inni o‘chirishga kirishganida portlash ro‘y bergan. Yong‘in sabablari hozircha noma’lum, ammo rasmiylarning taxmin qilishicha, ayrim konteynerlarda yonuvchan ximikatlar saqlangan bo‘lishi mumkin.

Mahalliy shifoxonalar yaralanganlar bilan to‘lib-toshgan, hukumat ko‘ngillilarni qon topshirishga chaqirmoqda. Jabrlanuvchilarning bir qismi harbiy hospitallarga yotqizilgan.

Ko‘plab yaralanganlar og‘ir ahvolda qolmoqda va tibbiyot xodimlari qurbonlar soni ortishi mumkinligidan ogohlantirmoqda.

Konteynerlarda yong‘in boshlanishi ortidan portlash ro‘y bergan. Foto: Getty Images

Yakshanba kuni ko‘ngillilar omborxonaning yong‘in davom etayotgan hududlaridan jasadlarni olib chiqishda davom etishgan. Portlash oqibatida kamida besh nafar o‘t o‘chiruvchi jarohat olgan. Bedarak yo‘qolganlar qatorida voqea joyiga yetib kelgan bir qancha jurnalist ham bor.

Portlash shu qadar kuchli bo‘lganki, uning ovozi bir necha kilometr uzoqlikdan ham eshitilgan, yaqin atrofdagi binolarning oynalari to‘kilib tushgan. Mahalliy do‘kondorlardan birining jurnalistlarga aytishicha, ombordan otilib chiqqan parcha yarim kilometrdan ortiq masofaga uchib, uning hovuziga qulagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, portlashdan keyin «olov yomg‘iri» kuzatilgan.

Yakshanba kuni ham omborxonada yong‘in o‘choqlari saqlanib qolgandi. Foto: Getty Images

Yong‘in hududida konteynerlarning metall sinchlari va omborxonaning qulab tushgan tomi bo‘laklari qolgan.

O‘t o‘chiruvchilar olovga qarshi kurashni yakshanba kuni ham davom ettirishgan, ularning ishini qiyinlashtiruvchi kichik portlashlar ham davom etgan. «Biz hozirga qadar u yerda qolgan yonuvchan kimyoviy moddalar tufayli yong‘inni to‘la nazoratga ololmadik», degan Bangladesh o‘t o‘chirish xizmati rahbari Main Uddin.

G‘arbga eksport qilish uchun mo‘ljallangan kiyimlar

Xavfli kimyoviy moddalar dengizga sizib chiqishining oldini olish uchun armiya jalb etilgan.

Yong‘in vaqtida Sitakunda omborida 4 ming konteyner saqlangan. Bu ombor konteynerlarni Bangladeshning ikkinchi yirik port shahri Chittagongga olib ketishda yuk tashish punkti vazifasini o‘taydi.

Mahalliy rasmiylarning so‘zlariga ko‘ra, konteynerlarda million dollarlarga baholanadigan liboslar bo‘lgan, ular G‘arb mamlakatlariga eksport qilish uchun mo‘ljallangandi. So‘nggi yillarda Bangladesh dunyoda kiyim-kechak eksporti bo‘yicha ikkinchi o‘ringa chiqqan.

Ayrim konteynerlarda kimyoviy reaktivlar bo‘lgan. Foto: Getty Images

Shu bilan birga, mamlakatda xavfsizlik texnikasi qoidalariga ko‘p hollarda e’tiborsizlik bilan qaraladi, natijada to‘qimachilik fabrikalarida yirik yong‘inlar ro‘y berib turadi.

Dhaka Tribune gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, 2005 yildan buyon mamlakatda ishlab chiqarish hududlarida ro‘y  bergan 12 ta yirik falokatli hodisalar (yong‘inlar, binolar qulashi va xavfli moddalar sizib chiqishi) oqibatida mingdan ortiq kishi halok bo‘lgan.

Азиз Қаршиев
Tayyorlagan Азиз Қаршиев
Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid