O‘zbekiston | 16:20 / 09.06.2022
2729
4 daqiqa o‘qiladi

Qoraqalpog‘istonda ona o‘z bolalarini kaltaklab, xo‘rlagani ortidan bir necha IIB xodimlariga jazo qo‘llanilib, ba’zilari ishdan olingan

Foto: Jo‘qarg‘i Kenges

Qoraqalpog‘iston ichki ishlar vaziri Jo‘qarg‘i Kenges sessiyasida 2021 yilda Qoraqalpog‘istondagi jinoyatchilik holati haqida ma’lumot berdi. Amanbay O‘rinbayev bayonotini yakunlagach, Xo‘jayli tumani 37-sonli "Suyenli" saylov okrugidan Jo‘qarg‘i Kengesga saylangan deputat Tabassumxon Ro‘zmetova Xo‘jayli tumanida ayol yosh bolalarini kaltaklab, xo‘rlagani voqeasi yuzasidan vazirga savol berdi.

Vazir Amanbay O‘rinbayevning ma’lum qilishicha, holat yuz bergach, IIVning eng tajribali xodimlaridan tarkib topgan maxsus guruh tashkil qilinib, xizmat tekshiruvi o‘tkazilgan.

Aniqlanishicha, To‘rtko‘l tumani Nodirabegim ko‘chasida hisobda turib, vaqtincha Xo‘jayli tumani Yangi hayot ko‘chasi 62-uyda yashovchi fuqaro Aminov Alisher rafiqasi Xo‘jametova Feruza bilan 2015 yil aprel oyida Nukus shahrida davlat tashkilotida ishlab yurgan vaqtida tanishgan. 2016 yil aprel oyidan boshlab, Alisher Aminov va Feruza Xo‘jametova rasmiy nikohsiz birga yashay boshlagan. 2016 yil iyun oyida Alisher Aminov ishdan bo‘shab, Feruza Xo‘jametova bilan birga Qozog‘istonga ishlash uchun ketgan. Olmota shahrida ikki yarim oy birga ishlashgach, Rossiyaga yana ishlash uchun ketishgan.

Feruza Xo‘jametova 2016 yil dekabr oyida Rossiyadan Xo‘jayli tumaniga, ota-onasining yoniga qaytgan. 2017 yil aprel oyida qiz farzand dunyoga kelgan. Qizning otasi Alisher Aminov Rossiyada ishlab qolgan. 2019 yil sentabr oyida ikkinchi qiz farzandli bo‘lgan. 2019-2020 yillar davomida Feruza Xo‘jametova ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videolarni tasvirga olgan.

Ona o‘z bolalarini kaltaklab, xo‘rlagani aks etgan videolar ijtimoiy tarmoqlarga tarqalib ketgach, qizlarning otasi Xo‘jayli tumani IIB nomiga ariza bilan murojaat qilgan.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 110-moddasi 2-qismi «a, v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Gumonlanuvchi X.F.ga nisbatan protsessual cheklov chora belgilanib, qamoqqa olingan. Hozirda tergov harakatlari davom etmoqda.

Vazir Amanbay O‘rinbayevning ta’kidlashicha, xizmat tekshiruvi yakunlariga ko‘ra, hududiy profilaktika inspektoriga ijtizomiy chora ko‘rilgan. Mayor Jakabayevga "tanbeh", ayol-qizlar bo‘yicha inspektor Turdimuratova qat’iy ogohlantirilgan. Shuningdek, Xo‘jayli tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sariyev egallab turgan lavozimidan ozod etilgan. Bundan tashqari, yana bir o‘rinbosar To‘rev boshqa tumanga "ratatsiya" qilingan.

Eslatib o‘tamiz, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda ona o‘z farzandlarini ayovsiz do‘pposlab, «Bir «oshibka»san, xolos» deb haqorat qilgan edi. Keyinroq esa ona nega bunday qilganini so‘zlab bergandi. Bundan oldin esa Nukusda yosh ona yangi tug‘ilgan chaqalog‘ini ko‘chaga tashlab ketgandi

Mavzuga oid